Elbarsxondan keyin taxtni Sulton Hojixon egalladi. Keyingi hukmdorlar Hasanqulixon, Buchugʻaxon, Sufiyanxon, Avaneshxon, Qalxon, Aqatoyxon, Doʻst Muhammadxon davrida mamlakatda siyosiy boshboshdoqlik va oʻzaro ichki kurash avj oldi. Tashqaridan hujum koʻpaydi. Ushbu holatlarning aksariyatiga Hoji Muhammadxon barham bera oldi. Uning davrida siyosiy ahvol bir oz oʻnglanib, mamlakatda tinchlik hukm surdi. Sugʻorma dehqonchilikka asoslangan iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish maqsadida qator ishlar bajarildi, yangi kanallar qazildi. Xususan, Urganch va Kat hududlarini boshqargan Ali Sulton Yangiariq va Toshli Yormish kanallarini ishga tushirdi.
Arab
Muhammadxon hukmronligining avvalida Ëyiq kazaklari bir necha bor mamlakatga
bostirib kirdi. Qalmoqlar ham Xorazmga yurish qildi. Shunga qaramay, xon yangi
sugʻorish inshootlari barpo etish va irrigatsiya tarmoqlarini kengaytirish
ishlarini davom ettirdi. Xususan, uning tashabbusi bilan Arab Muhammad kanali
bunyod etildi. Yana bir muhim siyosiy oʻzgarish — Xiva shahri poytaxt etib
belgilandi. Poytaxtning koʻchirilishi sharafiga Xivada xon nomidan 1616-yili
madrasa barpo etildi.
Oʻsha
davrda xonlikda ichki vaziyat keskinlashdi. Xonning oʻgʻillari Habash va Elbars
oʻzaro taxt talashib, otasiga qarshi urush boshladi. Jangda magʻlub boʻlgan
hukmdor Qum qalʼasiga bandi qilindi va oʻsha yerda vafot etdi.
1643-yilda
Xiva taxtini egallagan Abulgʻozixon mamlakatni birlashtira boshladi. Uning
hukmronligi davrida davlat boshqaruvi sohasida ham oʻzgarish yuz berdi. Bu
haqda saroy muarrixi Shermuhammad Munis “Firdavs ul-iqbol” asarida yozgan.
Abulgʻozixon 360 oʻzbek (amir)ni rasmiy lavozimga tayinlaydi.
1657-yilda
Karmanaga uyushtirilgan harbiy yurishdan qaytayotgan Abulgʻozixonga Buxoro
hukmdori Abdulazizxon hujum qiladi. Oʻgʻli Anushaxonning qahramonligi tufayli
Abulgʻozixon muqarrar magʻlubiyat va oʻlimdan omon qoladi. Abulgʻozixon Xivaga
qaytgach, katta toʻy uyushtiradi hamda oʻgʻli Anushaga Hazoraspni tuhfa etib,
uning sharafiga Ichanqalʼada masjid va hammom bunyod etadi.
Abulgʻozixon
1663-yilda taxtni oʻgʻli Anushaga topshiradi. Anushaxon davrida mamlakatda
hokimiyat yanada mustahkamlandi. Ichki siyosatda turkman urugʻlarining mavqeini
tiklash uchun harakat qilingan boʻlsa, tashqi siyosatda Eronga qarshi keng
koʻlamli harbiy harakatlar uyushtirilib, Mashhad shahri uch marta egallandi.
Uchinchi marta ishgʻol etilganda Anushaxon shoh sifatida taxtga oʻtqazildi. Xon
mamlakatda irrigatsiya tarmoqlarini yanada kengaytirdi. Xususan, Xiva xonligida
Yormish hamda Shohobod kanallari qazildi. Yormish kanalining qazilishiga Kat
shahrining suvsiz qolishi sabab boʻlgan edi. Shuningdek, kanal boʻyida Qiyot
qalʼasiga asos solindi. Shohobod kanalining qazilishiga Anushaxonni oʻsha
davrdagi siyosiy vaziyat undagandi. Abulgʻozixon davrida turkmanlarni siyosiy
boshqaruvdan uzoqlashtirish va mamlakatdan siqib chiqarishga intilish
kuzatilgan boʻlsa, Anushaxon, aksincha, ular xizmatidan foydalanishga qaror
qildi. Turkmanlar xizmatini munosib taqdirlash maqsadida Shohobod kanali
yordamida yangi oʻzlashtirilgan yerlarni ular oʻrtasida taqsimladi. Anushaxon
buyrugʻi bilan Shohobod qalʼasi qad rostladi.
Anushaxon
vafotidan keyin taxtni egallagan oʻgʻillari Xudoydodxon va Arangxon davrida
Xiva xonligining siyosiy birligi va mamlakatdagi nisbatan tinch hayot saqlanib
qoldi. Biroq keyingi hukmdorlar davrida Xorazmda siyosiy beqarorlik hukm surdi.
Fors hukmdori Nodirshoh Afshor Xiva xonligini egallagan 1740-yilgacha boʻlgan
davrda mamlakatda 13 nafar hukmdor almashdi. Ulardan Shohniyozxon davrida
xonning bevosita tashabbusi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi taʼmirlandi,
ziyoratgoh hovlisida quduq qazdirildi.
Arabshohiylar
sulolasi vakillaridan Shergʻozixon davrida mamlakatdagi ichki kurashlarga
barham berildi hamda qoʻshni hududlarga qarshi faol harbiy harakatlar
uyushtirildi. Xususan, Xiva qoʻshini Mashhad va Nishopur shaharlariga yurish
qilib, shaharlarni qamal qilgan hamda koʻplab oʻlja bilan qaytgan. Shuningdek,
bu davrda Rossiya imperiyasining Xiva xonligini egallashga qaratilgan
toʻgʻridan toʻgʻri tajovuzi oldi olindi va 1717-yilda A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi
rus qoʻshini qirib tashlandi.
XIX
asrning 60-yillarida Xiva xonligi hayotida notinch siyosiy vaziyat yuzaga
keldi. Markaziy hokimiyatning siyosiy boshqaruvdagi oʻrni ancha kuchsizlandi.
Ana shunday sharoitda, 1767-1770-yillarda turkmanlarning Xiva xonligini
egallashga urinishi bir oz muddat boʻlsa-da, muvaffaqiyatli yakunlandi.
Turkmanlarning yovmut urugʻi aholi mulkini taladi, mamlakatda zulm avjiga
chiqdi. Bunday ogʻir sharoitda qoʻngʻirot urugʻiga mansub Muhammad Amin inoq
mamlakatdagi inqirozli holatni yaxshilashga kirishdi. U amalda hokimiyatni
1763-yili qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, 1770-yili Xiva xonligiga qarshi turkman
qabilalarining hujumini qaytarish bilan mamlakatdagi hukmronligini toʻla
taʼminladi. Muhammad Amin inoq Xiva xonligida qoʻngʻirotlar sulolasi
hukmronligini boshlab berdi. Shunday qilib, yangi sulola vakillari mamlakatni
1920-yilgacha idora qildi.
U
markaziy hokimiyatni kuchaytirish va yangi boshqaruv tartibini oʻrnatishga
intildi. Har bir hududga oʻziga sodiq kishilarni hokim sifatida tayinlash hamda
ularni oʻz xohishiga koʻra lavozimlaridan ozod qilish tartibini joriy etdi.
Nodirshoh
Afshor hujumidan Xiva shahri katta ziyon koʻrib, qalʼa devorlari vayronaga
aylangan edi. Muhammad Amin inoq Xiva qalʼasi devorlarini qayta qurdirdi,
shaharda madrasa bunyod ettirdi. Ushbu taʼlim dargohi “Madrasayi inoqiya” nomi
bilan mashhur boʻlib, “olimlar boshpanasi” va “fozillar maskani”, deya
taʼriflangan.
Muhammad
Amin inoq vafotidan keyin Xiva taxtini oʻgʻli Avaz inoq egalladi. Uning hukmronligi
davrida mamlakatda ichki kurash saqlanib qoldi. Jumladan, Oroldan Mangʻit
shahriga koʻchirilgan oʻzbeklar vaqti-vaqti bilan isyon koʻtarib turdi. Bu
tahdid Eltuzarxon davrida ham davom etdi. Eltuzar eski anʼana — faqat
chingiziylar avlodidan boʻlgan shaxslar xon boʻlishi mumkinligi borasidagi
mutlaq vakolatni yoʻqqa chiqardi.
U
soliq sohasida ham katta islohotlar oʻtkazdi. Xonning tashabbusi bilan soliq
yigʻish jarayoni va tartibi oʻzgardi, maʼmuriy boshqaruvni markazlashtirish
maqsadida qator oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, Xiva xoni tomonidan
hududlarga hokim va qozilarni tayinlash amaliyoti joriy etildi. 1806-yili
Buxoro xonligi qoʻshiniga qarshi jangda Eltuzarxon magʻlubiyatga uchradi va
halok boʻldi. Biroq Xiva xonligining Buxoroga qarshi vayronkor harbiy
yurishlari Amir Haydar davrida kuchaydi.
Eltuzarxon
boshlagan keng koʻlamli islohotchilik harakati Muhammad Rahimxon I davrida ham
davom ettirildi. Muhammad Rahimxon I ichki kurashlarga barham bera oldi. Uzoq
qarshilikdan soʻng 1811-yilda orollik mangʻitlarni oʻziga itoat ettirdi.
Keyingi
qoʻngʻirot hukmdor Allohqulixon davrida Xurosonga bir necha bor harbiy yurish
uyushtirildi. Beshta yurishda xonning oʻzi shaxsan ishtirok etdi. Shuningdek,
Buxoro bilan munosabat Allohqulixon hukmronligining soʻngiga kelib
keskinlashdi. Ammo bu davrda mamlakat madaniy hayotida yuksalish kuzatildi.
Xususan, Toshhovli binosi, Rofinak bogʻi, karvonsaroy va Toshhavz qalʼasi qurib
bitkazildi. Xiva shahrining atrofi devor bilan oʻrab olindi. Shuningdek,
1835-yilda Allohqulixonning bevosita homiyligida 99 hujradan iborat yirik
meʼmoriy majmua — madrasa shaharning Ichanqalʼa qismida qad koʻtardi.
1836-yilda esa Koʻhna Imorat madrasasining qurilishi nihoyasiga yetkazildi.
Allohqulixon oʻsha davrda xarob ahvolga kelib qolgan diniy-madaniy muassasalar
binolarini taʼmirlash va qayta qurish ishlarida ham jonbozlik koʻrsatdi.
Allohqulixon
vafotidan keyin taxtga oʻtirgan Rahimqulixon tashqi siyosatda otasi boshlagan
ishlarni davom ettirdi. U qisqa muddat hukmronlik qilgan boʻlsa-da, madaniy
soha rivojiga hissa qoʻshishga ulgurdi. Xususan, uning tashabbusi bilan
1843-yilda xonlik poytaxtida 20 hujrali madrasa bunyod etildi.
Muhammad
Aminxon davrida koʻchmanchi qabilalarni tinchlantirish va qoʻshni hududlarni
egallashga qaratilgan saʼy-harakatlar muvaffaqiyatli boʻldi. Xususan, Marvni
ishgʻol qilish maqsadida Buxoro amirligi va Xurosonga qarshi 10 dan ortiq
yurish qilindi. Xon bir necha bor Rossiya va Usmonlilar imperiyalariga elchi
yubordi. Xiva shahrida 130 hujradan iborat katta madrasa bunyod etdi.
Sayyid
Muhammadxon taxtni egallashi bilan qator harbiy-siyosiy islohotlar oʻtkazdi.
Shuningdek, koʻchmanchi qabilalar hujumini bartaraf etishga muvaffaq boʻldi.
1858-yilda N.Ignatyev boshchiligidagi rus elchilik guruhini Xivada qabul qildi.
Sayyid
Muhammad Rahimxon II Xiva tarixida eng uzoq hukmronlik qilgan xon sifatida
qoldi. Hukmronligining dastlabki yillarida mamlakat ichki va tashqi hayotida
barqarorlik saqlanib turdi. Biroq 1873-yilda Xorazmni rus qoʻshini bosib oldi.
Shu yili 12-avgust kuni Turkiston general-gubernatori fon Kaufman va Xiva xoni
Sayyid Muhammad Rahimxon II oʻrtasida Gandimiyon shartnomasi imzolandi.
Natijada Xiva xonligi protektoratga aylantirildi. Sayyid Muhammad Rahimxon II
ilm-fan va sanʼatga homiylik qildi, mamlakatda koʻplab diniy-madaniy
muassasalar bunyod etdi.
1910-yil
16-avgustda Sayyid Muhammad Rahimxon II vafotidan keyin xonlik taxtini egallagan Asfandiyorxon
maʼmuriy va moliyaviy islohotlar oʻtkazishga kirishdi. Mansabdorlarning
vakolatlarini aniq belgilash va ularni davlat gʻaznasi hisobidan doimiy maosh
bilan taʼminlash, yerlarni qayta hisoblab, roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularni
mutanosib ravishda soliqqa tortish, mehnat majburiyatlarini yengillashtirish
kabilar shular jumlasidan edi.
Yuqoridagi
chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 1910-yil 13-15-sentyabrda Sayyid
Asfandiyorxonning manifesti eʼlon qilindi. Islohotlar doirasida mamlakat
poytaxtida ilk pochta-telegraf va shifoxona qurish rejasi tasdiqlandi. Xiva
shifoxonasini bunyod etish tashabbusini 1910-yili Xiva xoni Sayyid
Asfandiyorxon bosh vazir Islomxoʻja hamrohligida Sankt-Peterburgga uyushtirgan
safari davomida Rossiya imperatori Nikolay II bilan uchrashuvi chogʻida
bildirgan edi. Islomxoʻja Nikolay II ning oʻgʻli shahzoda Aleksey Nikolayevich
sharafiga mazkur shifoxonani barpo etishni taklif etgan.
Asfandiyorxon
manifesti asosida 1911-yil 20-22-yanvar kunlari 10 boʻlimdan iborat islohot
dasturi ishlab chiqilib, saroy amaldorlari kengashi tomonidan tasdiqlandi.
Biroq jadal boshlangan chora-tadbirlar bosh vazir Islomxoʻjaning oʻlimi tufayli
nihoyasiga yetmay qoldi. Petrogradda roʻy bergan fevral inqilobi Xiva xonligiga
ham taʼsir koʻrsatdi. 1917-yil 5-aprelda yosh xivaliklar talabi bilan
Asfandiyorxon manifesti eʼlon qilindi. Unga koʻra, xon hokimiyati cheklanib,
vakillik organi — majlis tuzish koʻzda tutildi. Keyinchalik siyosiy kuchlar
muvozanatidagi oʻzgarishlar natijasida Asfandiyorxon avvalgi mavqeini qayta
tiklab, manifestda belgilangan vazifalarni bajarishdan bosh tortdi va xonlik
boʻylab yosh xivaliklarga qarshi tazyiqlar boshlandi. Koʻp oʻtmay,
Asfandiyorxon turkman urugʻi sardori Junaidxon askarlarining fitnasi qurboni
boʻldi. 1918-yili Xiva taxtiga Sayyid Abdullaxon oʻtqazildi. Qizil askarlar
Xiva xonligini bosib olgach, Sayyid Abdullaxon 1920-yil 2-fevralda taxtdan voz
kechishga majbur boʻldi. Shu bilan Xorazmda qoʻngʻirotlar sulolasi hukmronligi
rasman yakunlandi!
Qahramon YAKUBOV,
OʻzFA Sharqshunoslik instituti
yetakchi ilmiy xodimi,
tarix fanlari doktori