Ikki kun davom etadigan mazkur anjumanda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning ommaviy axborot vositalariga ta’siri borasidagi ilmiy qarashlar o‘rtaga tashlanadi. O‘zJOKU, Toshkent davlat yuridik yuniversiteti, Qoraqalpoq davlat universitetida tashrif buyurgan professorlar va o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar zamonaviy mediamakonda kontent yaratish va tarqatish jarayonlarida yuzaga kelayotgan huquqiy va axloqiy masalalarini o‘z ma’ruzalari orqali tahlil qilmoqda.

Ayniqsa, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan materiallar, ularning ishonchliligi, mualliflik huquqi va jurnalistika standartlariga mosligi kabi jihatlar muhokamaning markazida bo‘ldi.

Anjumanning birinchi kunida sohaning yetakchi tadqiqotchilari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, o‘z ilmiy qarashlari va tahlillari bilan o‘rtoqlashdi. Ikkinchi kun esa yosh izlanuchilar — magistratura talabalari uchun ajratilgan bo‘lib, ular o‘z ilmiy ishlanmalari va tezislari bilan qatnashadi.

Muhokamalar doirasida sun’iy intellektning jurnalistikadagi o‘rni, faktcheking jarayonlariga ta’siri, teleradiokanallar va global raqamli platformalar o‘rtasidagi raqobat, shuningdek, jurnalistlarning yangi texnologiyalar sharoitidagi ko‘nikmalari kabi qator muhim masalalar ko‘tarildi.

Mazkur konferensiya media sohasidagi o‘zgarishlarni ilmiy jihatdan baholash, mavjud muammolarga yechim izlash va yangi tendensiyalarni shakllantirishda muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.