“Men administratsiyadan falonçiman, afğonistonlik tadbirkor Termiz şahridagi “Diplomat” restorani hududiga köp qavatli uy qurmoqçi, şunga ruxsat olişda amaliy yordam kerak”, dedi qönğiroq qilayotgan odam. Bu şaxs Ekoqömitada Departament boşliği bölib çiqdi.

Toşkentda özini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida taniştirib, afğonistonlik tadbirkorning işini hal qilib beriş maqsadida Surxondaryo viloyat hokimiga qönğiroq qilgan davlat xizmatçisi ozodlikdan mahrum etildi.

Kun.uz tanişgan sud hukmiga köra, 38 yoşli I.J. Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasida Departament boşliği lavozimida işlagan. 2026-yil aprel-may oylarida I.J.ga sobiq qöşnisi bölgan afğonistonlik tadbirkor Termiz şahridagi restoran örnida köp qavatli uy qurmoqçiligini aytib, şunga Surxondaryo viloyat hokimidan ruxsat olişda yordam söragan.

I.J. prezident yordamçisi B.Mavlonovning “Komil” ismli kotibi borligi haqida avvaldan bilgan. 2026-yil 2-iyun kuni keçki payt Surxondaryo viloyat hokimi Uluğbek Qosimovning telefon raqamiga qönğiroq qilib, özini “Administratsiyadan Komilman”, deya taniştirgan. Söngra hokimdan xorijiy korxonaga doimiy foydalaniş huquqi asosida tegişli hududdagi “Diplomat” restorani örnida “dom” qurişga ruxsat berişni söragan.

I.J. sudda aybiga iqror bölmasa-da, viloyat hokimiga özini “Administratsiyadan Komil” ismli şaxs sifatida taniştirganini tan olgan.

“Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasida Departament boşliği lavozimida işlab kelaman. 2026-yil may oyi boşlarida millati afğon bölgan sobiq qöşnim qönğiroq qilib, körişib olişni taklif etdi.

Suhbat davomida u menga Termiz şahrida viloyat hokimligi binosi yaqinida özlariga tegişli 50 sotix yer maydonida joylaşgan restoran örniga köp qavatli turar joy qurişni rejalaştirganini, ammo buning uçun viloyat hokimi Uluğbek Qosimov ruxsat bermayotganini, hokim bilan gaplaşib, roziligini olib berişda yordam söradi. Uning gaplarini tinglab, “Aka, mayli, men bir harakat qilaman, viloyat hokimi bilan gaplaşib köraman” dedim”, degan sudlanuvçi öz körsatmasida.

Şundan söng I.J. Uluğbek Qosimovga qönğiroq qilgan hamda özini Prezident administratsiyasidan “Komil” deb taniştirgan.

“Termiz şahrida viloyat hokimligi yonidagi “Diplomat” nomli restoran hududiga bir tadbirkor köp qavatli turar joy qurmoqçi ekan. Ammo u yerga köp qavatli turar joy quriş uçun sizning roziligingiz kerak ekan. Şu masalada amaliy yordam kerak”, degan I.J. hokimga.

Uluğbek Qosimovning javobi esa şunday bölgan:

“Komil aka, bu masaladan xabarim bor. Sababi uşbu afğon tadbirkor menga murojaat etgan. Ammo men unga holatni batafsil tuşuntirmay, rozilik bermasligimni javob qilganman. Ammo agarda uşbu tadbirkor Termiz şahrining boşqa hududidan köp qavatli turar joy quriş istagida bölsa, yer maydonini ajratib berişda yordam beraman. Men unga rozilik bermasligimning sababi, uşbu restoran yonida huquqni muhofaza qiluvçi organlarning maʼmuriy binolari mavjud”.

I.J. holatni tuşunganini aytib, suhbatni yakunlagan.

“Xizmat safariga borgan vaqtimda viloyat hokimi Uluğbek Qosimovning telefon raqamini olgandim. U bilan taniş emasman”, degan sudlanuvçi sudda.

Holat I.J. va Surxondaryo viloyat hokimi Uluğbek Qosimov örtasida bölib ötgan telefon suhbatidan iborat bir epizodli bölgan.

JIB Çilonzor tuman sudi hukmi bilan I.J. Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamaçilik) va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burçini bajarayotgan şaxsga qarşilik körsatiş) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilişda aybli deb topilgan. Unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qiliş jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda ötaş belgilangan.

Maʼlumot uçun, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi tovlamaçilik, yaʼni jabrlanuvçiga zörlik işlatiş, mulkiga şikast yetkaziş yoki uni nobud qiliş yoxud jabrlanuvçining axborot resursini yöq qiliş, jabrlanuvçi uçun sir saqlanişi lozim bölgan maʼlumotlarni oşkor qiliş, uni şarmanda qiladigan uydirmalar tarqatiş bilan qörqitib özgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topşirişni, mulkiy manfaatlar berişni yoxud mulkiy yösindagi harakatlar sodir etişni talab qiliş yoxud jabrlanuvçini özining mulkini yoki mulkka bölgan huquqini berişga majbur qiladigan şaroitga solib qöyişda ifodalangan qilmiş uçun jazoni nazarda tutadi.

Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi esa hokimiyat vakilining qanday şaklda bölmasin özining xizmat vazifasini bajariş yoki fuqaroviy burçini bajarişdan voz keçişga, şuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etişga majbur qilişda ifodalangan qilmiş uçun jazoni nazarda tutadi.