Bu haqida «Dunyo» AA muxbiri Ispaniyaning «La Brújula Verde» raqamli jurnaliga tayanib xabar bermoqda.
Yodgorlikda muntazam arxeologik tadqiqotlar joriy yilda Samarqand Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Sanjar Abdurahimov rahbarligida boshlangan.
Majmuaning shimoli-sharqiy qismida balandligi qariyb 70 santimetr, kengligi 90 santimetr bo‘lgan otashgoh topildi. Unda bir necha qavat loy suvoq qoldiqlari saqlanib qolgan.
Otashgoh yonidan inson suyaklarini saqlashga mo‘ljallangan ossuariy — sopol idish ham aniqlangan. Uning sirti kiyik va archa — Turkiston archasi tasvirlari bilan bezatilgan. Naqshlarning aniq ma’nosi mutaxassislar tomonidan qayta tiklash ishlari yakunlanganidan so‘ng belgilanishi kutilmoqda.
Otashgoh va ossuariyning birgalikda topilishi zardushtiylik an’analari bilan bog‘liq dafn marosimlaridan dalolat berishi mumkin. Ushbu e’tiqodga ko‘ra, marhumlarning jasadlari ko‘milmagan va kuydirilmagan. Suyaklar tozalangach, maxsus idishlarga joylashtirilgan.
Agar Odirmon yodgorligining sanasi tasdiqlansa, ushbu topilma So‘g‘d va Xorazmda bezakli ossuariylar keng tarqalishidan bir necha asr oldingi dafn marosimlari haqida ma’lumot beradi.
Ayni paytda arxeologlar Odirmon yodgorligining vazifasi va majmuaning tarixiy maqomini aniqlashga yordam beradigan qazishma ishlarini davom ettirmoqda.
O‘zbekiston Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, topilmalar mintaqaning qadimgi aholisi diniy e’tiqodlari va dafn urf-odatlarini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lishi mumkin.