Bu qudrat va maqomni oʻtmishda koʻplab tarixchilar asarlarida eʼtirof qilgan va Temur imperiyasi jahon siyosatining yetakchi kuchlaridan ekanini qayd etgan. Shunday manbalardan biri Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga — Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asari boʻlib, u XIV asr oxiri va XV asr boshida Markaziy Osiyodagi siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayotni batafsil yorituvchi tarixiy manbalardan biri hisoblanadi. Bu asar faqat sayohatchi nazaridan tasvirlangan voqealar toʻplami emas, balki Amir Temurning davlat siyosati, markazlashuv mexanizmlari va geosiyosat strategiyasini ham tahlil qiladi.
Kundalik Samarqand saroyining
arxitekturasi, maʼmuriy tartib va madaniy muhitni tasvirlashi orqali Amir
Temurning shaxsiy va siyosiy faoliyatini tushunish uchun muhim maʼlumotlar
taqdim etadi. Asar, shuningdek, temuriylar davlatchiligining keyingi davr
Yevroosiyo tarixining shakllanishidagi oʻrnini ham ochib beradi.
Samarqand saroy arxitekturasi,
binolari, bogʻlari va madaniy tadbirlari Klavixoning kundaligida batafsil
yoritilgan. Asarda saroydagi binolarning tarkibi, hunarmandlik va badiiy
bezaklar orqali temuriylar madaniyati va estetik qarashlari namoyon boʻladi.
Saroydagi yozuvchilar, olimlar va sanʼatkorlar bilan oʻtkazilgan tadbirlar
kuzatuvi Temurning madaniy rivojlanish va bilimga eʼtiborini anglatadi.
Sayohat kundaligida saroydagi ijtimoiy
iyerarxiya, xizmatchilarning vazifalari va davlat maʼmuriyatining tartibi ham
keng tasvirlanadi. Gap shundaki, u qayd etgan maʼlumotlar keyinchalik “Temur
tuzuklari”da keltirilgan tartib-intizom qaydlariga juda mos keladi. Bu
maʼlumotlar tarixshunoslikda temuriylar madaniyati va davlat boshqaruvi
oʻrtasidagi uzviylikni tahlil qilish uchun asosiy manba hisoblanadi. Vaqti kelib, L.
Keren ham bu manbadan unumli foydalangan edi.
Muallif
Temur davlati boshqaruvining asosiy jihatlariga alohida toʻxtalgan. Unda har
bir viloyat va saroy markazdan nazorat qilingani, maʼmuriy vakolatlar aniq
tartibga solingani, Temur turli elatlarni birlashtirish orqali barqarorlikni
taʼminlagani, shuningdek, harbiy qoʻshinlarning tashkil etilishi, harbiy
yoʻnalishlar va qoʻshinlarning mobilizatsiya mexanizmlari batafsil yoritiladi.
Bu tartib va uning Klavixo keltirgan tavsiflari Temur davlatchiligining oʻz
davri tartib-mexanizmlarini aniqlashda hozirgi davr tadqiqotchilariga katta
imkoniyat beradi. Buni keyinchalik Temur boshqaruvidan hayratlangan V.
Cherevanskiy ham taʼkidlagan edi.
Klavixo
oʻz kundaligida Amir Temurning Yevroosiyodagi geosiyosiy taʼsirini davrining
mukammal diplomatik strategiyasi, harbiy va geosiyosiy taʼsiri sifatida
tavsiflaydi. Temur maʼmuriyati qoʻshni davlatlar bilan diplomatik
munosabatlarni samarali tarzda boshqargan, savdo va strategik yoʻlaklarni
nazorat qilgan. Sohibqironning harbiy harakatlari va gʻalabalari, mintaqaviy
barqarorlik va hududiy kengayishda muhim rol oʻynagan. “Hududiy kengayish”
gʻoyasi keyinchalik XIX asrda mashhur nemis geosiyosatchisi Fridrix Ratsel
tomonidan ham Yevropaning muhim strategik nazariyasi sifatida ilgari surilgan
edi. U oʻz tadqiqotlarida davlatlarni tirik organizmga qiyoslab, ularning
oʻsish va kengayish ehtiyojini biologik jarayonga oʻxshatgan. Uning fikrlari XX
asrdagi Germaniya tashqi siyosati, xususan, “Hayot makoni” (“Lebensraum”)
doktrinasiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Klavixo
asarini chuqur tafakkur bilan kuzatgan temurshunos olim T. Alimardonov ham buni
“Amir Temurning Yevroosiyo mintaqasidagi harbiy urushlari tasodiflar asosida
kechmagan va ular muayyan geosiyosiy maqsadlar bilan amalga oshirilganini
koʻrsatadi”, deb yozadi. Temurning shaxsiy strategiyalari va markaziy nazorat
usullari uning nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy siyosiy yetakchi sifatida
namoyon boʻlishiga yordam bergan. Bu jihatdan Klavixoning kundaligi Amir
Temurning shaxsiy siyosati va geosiyosiy taʼsiri haqida tarixiy va tahliliy
maʼlumotlarni taqdim etib, uning Yevroosiyo davlatchiligi tarixidagi oʻrnini
mukammallashtiradi, Yevroosiyodagi geosiyosiy taʼsirini va mintaqaviy
siyosatdagi yetakchi rolini ochishga xizmat qiladi. Shu tariqa Klavixoning
kundaligi temuriylar tarixini oʻrganishda, geosiyosiy tahlil va qiyosiy
tarixshunoslikda qimmatli ilmiy manbaga aylanadi.
Asarda
Amir Temurga nisbatan yuqori, hayrat va hurmat uygʻotuvchi baho beriladi. Asar
muallifi Temurni oʻz davrining qudratli va nufuzli hukmdori sifatida tasvirlaydi.
Klavixo Temurni katta hududlarni zabt etgan, turli mamlakatlar ustidan
hukmronlik oʻrnatgan jahongir deya taʼriflaydi. Uning davlatining kengligi,
qoʻshinlarining koʻpligi va siyosiy nufuzi alohida urgʻu bilan koʻrsatiladi. Bu
orqali Temur oʻz davridagi jahonning eng kuchli siyosiy arbobi sifatida
baholanadi. Arman tarixchisi F. Metsopskiyda esa bunday strategik dunyoqarash
yetishmaydi. “Temurlang va uning vorislari tarixi” (“History of Timur-Lanka and
its successors”) asarida u mayda qarashlar darajasida fikrlaydi. Lekin tarixda
uning asari ham oʻz izini qoldirdi va ayrim gʻarblik tarixchilar uchun oʻzlari
bilmagan Temur tarixiga boʻhtonlar yogʻdirish manbai boʻldi.
Klavixo
asarida Temurning davlat boshqaruvi ishlarida kuchli nazorat oʻrnatgani, amirlar
va amaldorlardan temir intizom talab etgani qayd etiladi. Bu yondashuv “Temur
tuzuklari”da ham alohida ifodasini topadi. Bu jihatdan u kuchli markazlashgan
hokimiyat yaratgan, harbiy va maʼmuriy tizimni qatʼiy nazorat qilgan hukmdor
sifatida namoyon boʻladi. Klavixo Samarqandni Temur davrida dunyoning siyosiy,
madaniy va iqtisodiy markazi, oʻz davri dunyo davlatlari elchilari keladigan
nufuzli poytaxtga aylanganini bevosita qayd etadi.
Asarda
Temurning tashqi koʻrinishi, qabul marosimlari, harbiy tartib-qoidalari shunday
bayon qilinadiki, u nafaqat hurmat, balki qoʻrquv uygʻotuvchi shaxs
koʻrinishida namoyon boʻladi. Bu Temurning “Amrimdagilarni qoʻrquv va umid
orasida tutdim” degan mashhur soʻziga munosib ravishda muallifning ham
nozikfahm diplomat boʻlganini koʻrsatadi.
Shu
tarzda Klavixo Amir Temurga oʻz davrining eng qudratli hukmdori, kuchli
markazlashgan davlat asoschisi, katta qurilishlar tashabbuskori,
tartib-intizomni ustuvor qilgan siyosiy arbob deya baho bergan. Asarda tanqidiy
ruh kuchli emas, aksincha, Yevropa elchisi nuqtayi nazaridan hayrat va ehtirom
ustuvor. Shu jihatdan bu manba Temurning oʻz davridagi xalqaro imiji qanday
boʻlganini koʻrsatadigan muhim tarixiy hujjat hamdir. Temurning Klavixo qalamga
olgan ayrim xislatlari keyinchalik qator arab muarrixlari tomonidan ham qayd
etiladiki, bu uni tashqaridan kuzatgan deyarli barcha uchun bir xil taassurotli
shaxs boʻlganini anglatadi.
Klavixo
Temurning davr geosiyosatidagi oʻrnini bevosita “geosiyosat” atamasi bilan
emas, balki bir qator real siyosiy omillar orqali koʻrsatgan. U Temurni,
avvalo, Yevroosiyo geosiyosiy markazi hukmdori sifatida koʻradi. U buni
Samarqandga koʻplab mamlakatlardan turli elchilar, savdogarlar va siyosat
vakillari kelishi, shu sababli yoʻllar bunday tashrif vakillariga toʻlaligi
bilan taʼkidlaydi. Bu holat quyidagi xulosaga olib keladi:
—
Temur davlati mintaqaviy emas, transqitʼaviy siyosiy markazga aylangan;
—
Samarqand Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi diplomatik tugun vazifasini bajargan;
—
Temur oʻzini faqat mintaqa hukmdori emas, balki xalqaro siyosiy tizim
yetakchisi sifatida namoyon etgan.
Bu
jihatdan Klavixo ham, u aytgan koʻplab elchilar mamlakatlari ham Temurni XIV–XV
asrlar Yevroosiyo geosiyosiy tartibining markaziy figurasi deya tan olgan.
Kundalikda
Temur jahon kuchlari muvozanatini oʻzgartirgan strateg sifatida ham namoyon
boʻladi. Buni muallif asarda Temurning qudrati, harbiy yurishlari va uning
saltanati kengligi taʼriflarida ifoda etadi. Haqiqatan, Temur Oltin Oʻrda,
Eron, Iroq, Shom, Kavkaz, Hindiston va Onadoʻli hududlarida kuchlar nisbatini
oʻzgartirgan, mintaqada yangi siyosiy konfiguratsiya yaratgan, uning yurishlari
dunyo tarqoqligini va undagi nizolarni zaiflashtirib, yangi markazlashgan tizim
va siyosiy maydon barpo qilgan. Shu nuqtayi nazardan, Klavixo Temurni “qurol va
qalam (diplomatik) kuchi orqali geosiyosiy makonni qayta shakllantirgan” shaxs
deya tasvirlaydi.
Klavixo
Temurni xalqaro legitimlikka ega hukmdor sifatida koʻrgan. U elchi maqomida
uning saroyidagi qabul marosimlari, protokol va diplomatik tartibni batafsil
yoritadi. Uning qaydlari mazmuniga koʻra, Temur oʻz hokimiyatini faqat harbiy
kuchga emas, balki xalqaro tan olinishga ham tayantirgan. Saroy protokoli uning
siyosiy legitimligini namoyon etgan. U Yevropa qirolliklari bilan munosabat
oʻrnatish orqali global siyosiy tizimga kirgan. Shu sababli bu tavsiflar
Temurni “xalqaro geosiyosiy muloqot ishtirokchisi va yetakchisi” ekanini
koʻrsatadi.
Muallif
Samarqandni oʻsha davrning geostrategik va sivilizatsion markazi deya
tasvirlaydi. Asarda shaharning obodligi, saroylar va infratuzilmasi havas bilan
alohida tavsiflanadi. U Samarqandni strategik transport yoʻllari tuguni,
Temurni esa madaniy-iqtisodiy markaz yaratish orqali qudratni
institutsionallashtirgan, geosiyosiy nufuzni faqat harbiy emas, sivilizatsion
markaz orqali mustahkamlangan shaxs sifatida koʻradi. Bu holat u “qudrat
geografiyasi”ni barpo etganini koʻrsatadi. Klavixoning bu qarashlari haqiqatdan
xoli emas. Zero, rus olimi
A.
Yakubovskiy taʼkidlaganidek, “Klavixo Temur bilan bir necha marta uchrashgan va
suhbatlashgan, u haqida koʻplab hikoyalarni eshitgan, shaxsan Samarqandda va
Temur davlatidagi boshqa shaharlarda boʻlgan. U koʻrgan va eshitgan barcha
narsalarini kundalik shaklida yozib borgan. Klavixo juda nozik kuzatuvchi va
aqlli inson. Uning mavqei mustaqil boʻlgani uchun Temurga munosabati xolis edi.
U ham Ibn Arabshoh kabi faqatgina oʻz koʻzi bilan koʻrgan narsalarni emas,
balki eshitgan maʼlumotlarini ham qayd etgan. Agar Ibn Arabshoh Temurga
nisbatan bir oz salbiy va tarafkash munosabatda boʻlgani hisobga olinsa,
Klavixo asarlarida bunday holat umuman kuzatilmaydi”.
Temur
kuch va diplomatiyani uygʻunlashtirgan yetakchi boʻlgan. Asarda uning haybati,
qabul tartibi va harbiy intizomini qayd etar ekan, Klavixo Temur geosiyosatda
ikki — harbiy qudrat va diplomatik nufuz (elchilar orqali taʼsir)
mexanizmlaridan unumli foydalanganiga ishora qilgan. Shu jihatdan Klavixo
Temurni klassik “qattiq kuch + yumshoq kuch” uygʻunligini amalga oshirgan
hukmdor ekanini yozadi.
Klavixo
asari asosida Temurning davr geosiyosatidagi oʻrnini quyidagicha ifodalash
mumkin: u Yevroosiyoda yangi kuchlar muvozanatini shakllantirgan, mintaqani
global siyosiy markazga aylantirgan, markazlashgan qudrat orqali geosiyosiy
tartibni qayta qurgan, harbiy ekspansiya va diplomatik muloqotni birlashtirgan.
Yaʼni Klavixo Temurni oʻz davrining shunchaki zabtkori emas, balki geosiyosiy
arxitektori deya tasvirlaydi.
Xoʻsh,
oʻsha vaqtda Ispaniya va uning yon-atrofidagi davlatlarda ahvol qanday boʻlgan
va ular nega Temurga elchilar yuborgan? Klavixo kundaligi mohiyatini anglash
uchun oʻsha davrdagi Iberiya yarimoroli va Yevropadagi siyosiy vaziyatni
hisobga olish zarur. XV asr boshida Ispaniya yagona davlat emas edi.
Yarimorolda Kastiliya, Aragon qirolliklari, Granada amirligi (musulmon
davlati) hukm surardi. Klavixo aynan Kastiliya qiroli nomidan yuborilgan elchi
edi. U paytda Kastiliyani Genrix III boshqarayotgandi. Ichki vaziyatga koʻra, u
feodal tarqoqlik, rekonkista (musulmon Granadaga qarshi kurash), iqtisodiy
qiyinchiliklar (qora oʻlat oqibatlari)ni boshdan kechirar va holdan toygandi.
Tashqi vaziyatiga koʻra, yashab qolish uchun Yevropadagi katta siyosiy raqobat
maydonida, Fransiya va Angliya oʻrtasidagi “Yuz yillik urush”ga tortilgan va
ayni vaqtda Usmonlilardan ham xavf kutardi. Genrix III ana shu uchala eng ogʻir
muammodan qutulishning yagona yoʻlini, Klavixo aytganidek, Temur bilan
“hamkorlik va ittifoqchilik” maqomiga erishishda koʻrgan. Zero, uning Klavixoga
Temurdan shunday javob maktubi olib qaytish topshirigʻi mohiyati shuni
anglatadi. Kastiliya bu bilan oʻz xalqaro nufuzini oshirishni koʻzlar, ayniqsa,
urushlar vositasida bosim oʻtkazayotgan Fransiya va Angliya oldida oʻz siyosiy
mavqeini mustahkamlashni istardi. U uchun ayni vaqtda dunyodagi eng qudratli
hukmdorlardan biri bilan diplomatik aloqa oʻrnatish yuksalish masalasi edi.
Afsuski, keyinchalik Temur haqida tadqiqotlar qilgan Jan Pol Ru “Tamerlan”
asarida Klavixo zimmasida boʻlgan bu kabi nozik vazifalarni tushuna olmagan.
XV
asr boshida Kastiliya oʻz tashqi siyosatini faollashtirish bosqichidagi davlat,
Temur esa Usmonlilarni magʻlub etgan, Yevroosiyo kuchlar muvozanatini
oʻzgartirgan, xalqaro miqyosda tan olingan hukmdor edi. Shu sababli elchilik
tasodifiy safar emas, balki mukammal hisoblangan geosiyosiy qadam boʻlgan.
Yevropaliklar
Temurga muayyan maʼnoda dunyo hukmdori sifatida qaragan. “Dunyo hukmdori”
tushunchasi oʻsha davrda XV asr boshida Yevropa siyosiy tafakkurida “ilk
mondializm” (umumjahon hokimiyati) gʻoyasi tarkibida mavjud edi. Bunday
tushunchalar odatda Sharqda ham, Gʻarbda ham katta imperiya asoschilariga
nisbatan qoʻllanilgan. Yevropada Temurga nisbatan bu atama rasman
ishlatilmagan, ammo Klavixo tasvirlaridan shunday tasavvur shakllanganini
koʻrish mumkin. Asarda Temur juda keng hududlar hukmdori, turli xalqlar ustidan
hukm yurituvchi, boshqa hukmdorlar, elchilar uning qabulini kutuvchi markaziy
shaxs deya koʻrsatiladi. Bu tasvir uni mintaqa amirigina emas, balki global
koʻlamdagi siyosiy arbob ekanini namoyon qiladi.
Hozirga qadar Yevropa Temurni formal
ravishda umumjahon miqyosida tan olingan buyuk hukmdor, siyosiy taʼsiri butun
Yevroosiyo miqyosida baholanadigan jahongir deya muhokama qilib keladi. Shu
maʼnoda aytish mumkinki, Temur Yevropa siyosiy tasavvurida “oʻz davrining eng
qudratli Sharq imperatori” va de-fakto global siyosiy markaz egasi sifatida
koʻriladi.
Haqiqatan, Temur imperiyasi XIV
ikkinchi yarmi — XV asrning birinchi yarmida jahon real geosiyosiy manzarasida
dunyoning eng yirik hududi va harbiy-siyosiy kuchi edi. Bu hudud va kuch Janub,
Sharq va Gʻarbdagi barcha davlatlarning siyosiy hisob-kitoblarini oʻzgartirgan.
Bu geosiyosiy “taʼsir markazi” mavqeini ham anglatardi. Shunga koʻra aytish
mumkinki, oʻsha vaqtda Markaziy Osiyo dunyo boshqaruvchisi, yetakchi kuchi,
jahon geosiyosatining eng qudratli siyosiy markazlardan biri maqomiga egalik
qilgandi. Bugun bu hududda yashayotgan xalq mana shu qudratning vorislaridir.
Fazliddin RAVSHANOV,
siyosiy fanlar doktori, professor