Bu qudrat va maqomni oʻtmishda koʻplab tarixchilar asarlarida eʼtirof qilgan va Temur imperiyasi jahon siyosatining yetakchi kuchlaridan ekanini qayd etgan. Shunday manbalardan biri Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga — Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asari boʻlib, u XIV asr oxiri va XV asr boshida Markaziy Osiyodagi siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayotni batafsil yorituvchi tarixiy manbalardan biri hisoblanadi. Bu asar faqat sayohatchi nazaridan tasvirlangan voqealar toʻplami emas, balki Amir Temurning davlat siyosati, markazlashuv mexanizmlari va geosiyosat strategiyasini ham tahlil qiladi.

Kundalik Samarqand saroyining arxitekturasi, maʼmuriy tartib va madaniy muhitni tasvirlashi orqali Amir Temurning shaxsiy va siyosiy faoliyatini tushunish uchun muhim maʼlumotlar taqdim etadi. Asar, shuningdek, temuriylar davlatchiligining keyingi davr Yevroosiyo tarixining shakllanishidagi oʻrnini ham ochib beradi.

Samarqand saroy arxitekturasi, binolari, bogʻlari va madaniy tadbirlari Klavixoning kundaligida batafsil yoritilgan. Asarda saroydagi binolarning tarkibi, hunarmandlik va badiiy bezaklar orqali temuriylar madaniyati va estetik qarashlari namoyon boʻladi. Saroydagi yozuvchilar, olimlar va sanʼatkorlar bilan oʻtkazilgan tadbirlar kuzatuvi Temurning madaniy rivojlanish va bilimga eʼtiborini anglatadi.

Sayohat kundaligida saroydagi ijtimoiy iyerarxiya, xizmatchilarning vazifalari va davlat maʼmuriyatining tartibi ham keng tasvirlanadi. Gap shundaki, u qayd etgan maʼlumotlar keyinchalik “Temur tuzuklari”da keltirilgan tartib-intizom qaydlariga juda mos keladi. Bu maʼlumotlar tarixshunoslikda temuriylar madaniyati va davlat boshqaruvi oʻrtasidagi uzviylikni tahlil qilish uchun asosiy manba hisoblanadi. Vaqti kelib, L. Keren ham bu manbadan unumli foydalangan edi.

Muallif Temur davlati boshqaruvining asosiy jihatlariga alohida toʻxtalgan. Unda har bir viloyat va saroy markazdan nazorat qilingani, maʼmuriy vakolatlar aniq tartibga solingani, Temur turli elatlarni birlashtirish orqali barqarorlikni taʼminlagani, shuningdek, harbiy qoʻshinlarning tashkil etilishi, harbiy yoʻnalishlar va qoʻshinlarning mobilizatsiya mexanizmlari batafsil yoritiladi. Bu tartib va uning Klavixo keltirgan tavsiflari Temur davlatchiligining oʻz davri tartib-mexanizmlarini aniqlashda hozirgi davr tadqiqotchilariga katta imkoniyat beradi. Buni keyinchalik Temur boshqaruvidan hayratlangan V. Cherevanskiy ham taʼkidlagan edi.

Klavixo oʻz kundaligida Amir Temurning Yevroosiyodagi geosiyosiy taʼsirini davrining mukammal diplomatik strategiyasi, harbiy va geosiyosiy taʼsiri sifatida tavsiflaydi. Temur maʼmuriyati qoʻshni davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni samarali tarzda boshqargan, savdo va strategik yoʻlaklarni nazorat qilgan. Sohibqironning harbiy harakatlari va gʻalabalari, mintaqaviy barqarorlik va hududiy kengayishda muhim rol oʻynagan. “Hududiy kengayish” gʻoyasi keyinchalik XIX asrda mashhur nemis geosiyosatchisi Fridrix Ratsel tomonidan ham ­Yevropaning muhim strategik nazariyasi sifatida ilgari surilgan edi. U oʻz tadqiqotlarida davlatlarni tirik organizmga qiyoslab, ularning oʻsish va kengayish ehtiyojini biologik jarayonga oʻxshatgan. Uning fikrlari XX asrdagi ­Germaniya tashqi siyosati, xususan, “Hayot makoni” (“Lebensraum”) doktrinasiga katta taʼsir koʻrsatgan. 

Klavixo asarini chuqur tafakkur bilan kuzatgan temurshunos olim T. Alimardonov ham buni “Amir Temurning Yevroosiyo mintaqasidagi harbiy urushlari tasodiflar asosida kechmagan va ular muayyan ­geosiyosiy maqsadlar bilan amalga oshirilganini koʻrsatadi”, deb yozadi. Temurning shaxsiy strategiyalari va markaziy nazorat usullari uning nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy siyosiy yetakchi sifatida namoyon boʻlishiga yordam bergan. Bu jihatdan Klavixoning kundaligi Amir Temurning shaxsiy siyosati va geosiyosiy taʼsiri haqida tarixiy va tahliliy maʼlumotlarni taqdim etib, uning Yevroosiyo davlatchiligi tarixidagi oʻrnini mukammallashtiradi, Yevroosiyodagi geosiyosiy taʼsirini va mintaqaviy siyosatdagi yetakchi rolini ochishga xizmat qiladi. Shu tariqa Klavixoning kundaligi temuriylar tarixini oʻrganishda, geosiyosiy tahlil va qiyosiy tarixshunoslikda qimmatli ilmiy manbaga aylanadi.

Asarda Amir Temurga nisbatan yuqori, hayrat va hurmat uygʻotuvchi baho beriladi. Asar muallifi Temurni oʻz davrining qudratli va nufuzli hukmdori sifatida tasvirlaydi. Klavixo Temurni katta hududlarni zabt etgan, turli mamlakatlar ustidan hukmronlik oʻrnatgan jahongir deya taʼriflaydi. Uning davlatining kengligi, qoʻshinlarining koʻpligi va siyosiy nufuzi alohida urgʻu bilan koʻrsatiladi. Bu orqali Temur oʻz davridagi jahonning eng kuchli siyosiy arbobi sifatida baholanadi. Arman tarixchisi F. Metsopskiyda esa bunday strategik dunyoqarash yetishmaydi. “Temurlang va uning vorislari tarixi” (“History of Timur-Lanka and its successors”) asarida u mayda qarashlar darajasida fikrlaydi. Lekin tarixda uning asari ham oʻz izini qoldirdi va ayrim gʻarblik tarixchilar uchun oʻzlari bilmagan Temur tarixiga boʻhtonlar yogʻdirish manbai boʻldi.

Klavixo asarida Temurning davlat boshqaruvi ishlarida kuchli nazorat oʻrnatgani, amirlar va amaldorlardan temir intizom talab etgani qayd etiladi. Bu yondashuv “Temur tuzuklari”da ham alohida ifodasini topadi. Bu jihatdan u kuchli markazlashgan hokimiyat yaratgan, harbiy va maʼmuriy tizimni qatʼiy nazorat qilgan hukmdor sifatida namoyon boʻladi. Klavixo Samarqandni Temur davrida dunyoning siyosiy, madaniy va iqtisodiy markazi, oʻz davri dunyo davlatlari elchilari keladigan nufuzli poytaxtga aylanganini bevosita qayd etadi.

Asarda Temurning tashqi koʻrinishi, qabul marosimlari, harbiy tartib-qoidalari shunday bayon qilinadiki, u nafaqat hurmat, balki qoʻrquv uygʻotuvchi shaxs koʻrinishida namoyon boʻladi. Bu Temurning “Amrimdagilarni qoʻrquv va umid orasida tutdim” degan mashhur soʻziga munosib ravishda muallifning ham nozikfahm diplomat boʻlganini koʻrsatadi.

Shu tarzda Klavixo Amir Temurga oʻz davrining eng qudratli hukmdori, kuchli markazlashgan davlat asoschisi, katta qurilishlar tashabbuskori, tartib-intizomni ustuvor qilgan siyosiy arbob deya baho bergan. Asarda tanqidiy ruh kuchli emas, aksincha, Yevropa elchisi nuqtayi nazaridan hayrat va ehtirom ustuvor. Shu jihatdan bu manba Temurning oʻz davridagi xalqaro imiji qanday boʻlganini koʻrsatadigan muhim tarixiy hujjat hamdir. Temurning Klavixo qalamga olgan ayrim xislatlari keyinchalik qator arab muarrixlari tomonidan ham qayd etiladiki, bu uni tashqaridan kuzatgan deyarli barcha uchun bir xil taassurotli shaxs boʻlganini anglatadi.

Klavixo Temurning davr geosiyosatidagi oʻrnini bevosita “geosiyosat” atamasi bilan emas, balki bir qator real siyosiy omillar orqali koʻrsatgan. U Temurni, avvalo, Yevroosiyo geosiyosiy markazi hukmdori sifatida koʻradi. U buni Samarqandga koʻplab mamlakatlardan turli elchilar, savdogarlar va siyosat vakillari kelishi, shu sababli yoʻllar bunday tashrif vakillariga toʻlaligi bilan taʼkidlaydi. Bu holat quyidagi xulosaga olib keladi:

— Temur davlati mintaqaviy emas, transqitʼaviy siyosiy markazga aylangan;

— Samarqand Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi diplomatik tugun vazifasini bajargan;

— Temur oʻzini faqat mintaqa hukmdori emas, balki xalqaro siyosiy tizim yetakchisi sifatida namoyon etgan.

Bu jihatdan Klavixo ham, u aytgan koʻplab elchilar mamlakatlari ham Temurni XIV–XV asrlar Yevroosiyo geosiyosiy tartibining markaziy figurasi deya tan olgan.

Kundalikda Temur jahon kuchlari muvozanatini oʻzgartirgan strateg sifatida ham namoyon boʻladi. Buni muallif asarda Temurning qudrati, harbiy yurishlari va uning saltanati kengligi taʼriflarida ifoda etadi. Haqiqatan, Temur Oltin Oʻrda, Eron, Iroq, Shom, Kavkaz, Hindiston va Onadoʻli hududlarida kuchlar nisbatini oʻzgartirgan, mintaqada yangi siyosiy konfiguratsiya yaratgan, uning yurishlari dunyo tarqoqligini va undagi nizolarni zaiflashtirib, yangi markazlashgan tizim va siyosiy maydon barpo qilgan. Shu nuqtayi nazardan, Klavixo Temurni “qurol va qalam (diplomatik) kuchi orqali geosiyosiy makonni qayta shakllantirgan” shaxs deya tasvirlaydi.

Klavixo Temurni xalqaro legitimlikka ega hukmdor sifatida koʻrgan. U elchi maqomida uning saroyidagi qabul marosimlari, protokol va diplomatik tartibni batafsil yoritadi. Uning qaydlari mazmuniga koʻra, Temur oʻz hokimiyatini faqat harbiy kuchga emas, balki xalqaro tan olinishga ham tayantirgan. Saroy protokoli uning siyosiy legitimligini namoyon etgan. U Yevropa qirolliklari bilan munosabat oʻrnatish orqali global siyosiy tizimga kirgan. Shu sababli bu tavsiflar Temurni “xalqaro geosiyosiy muloqot ishtirokchisi va yetakchisi” ekanini koʻrsatadi.

Muallif Samarqandni oʻsha davrning geostrategik va sivilizatsion markazi deya tasvirlaydi. Asarda shaharning obodligi, saroylar va infratuzilmasi havas bilan alohida tavsiflanadi. U Samarqandni strategik transport yoʻllari tuguni, Temurni esa madaniy-iqtisodiy markaz yaratish orqali qudratni institutsionallashtirgan, geosiyosiy nufuzni faqat harbiy emas, sivilizatsion markaz orqali mustahkamlangan shaxs sifatida koʻradi. Bu holat u “qudrat geografiyasi”ni barpo etganini koʻrsatadi. Klavixoning bu qarashlari haqiqatdan xoli emas. Zero, rus olimi

A. Yakubovskiy taʼkidlaganidek, “Klavixo Temur bilan bir necha marta uchrashgan va suhbatlashgan, u haqida koʻplab hikoyalarni eshitgan, shaxsan Samarqandda va Temur davlatidagi boshqa shaharlarda boʻlgan. U koʻrgan va eshitgan barcha narsalarini kundalik shaklida yozib borgan. Klavixo juda nozik kuzatuvchi va aqlli inson. Uning mavqei mustaqil boʻlgani uchun Temurga munosabati xolis edi. U ham Ibn Arabshoh kabi faqatgina oʻz koʻzi bilan koʻrgan narsalarni emas, balki eshitgan maʼlumotlarini ham qayd etgan. Agar Ibn Arabshoh Temurga nisbatan bir oz salbiy va tarafkash munosabatda boʻlgani hisobga olinsa, Klavixo asarlarida bunday holat umuman kuzatilmaydi”.

Temur kuch va diplomatiyani uygʻunlashtirgan yetakchi boʻlgan. Asarda uning haybati, qabul tartibi va harbiy intizomini qayd etar ekan, Klavixo Temur geosiyosatda ikki — harbiy qudrat va diplomatik nufuz (elchilar orqali taʼsir) mexanizmlaridan unumli foydalanganiga ishora qilgan. Shu jihatdan Klavixo Temurni klassik “qattiq kuch + yumshoq kuch” uygʻunligini amalga oshirgan hukmdor ekanini yozadi.

Klavixo asari asosida Temurning davr geosiyosatidagi oʻrnini quyidagicha ifodalash mumkin: u Yevroosiyoda yangi kuchlar muvozanatini shakllantirgan, mintaqani global siyosiy markazga aylantirgan, markazlashgan qudrat orqali geosiyosiy tartibni qayta qurgan, harbiy ekspansiya va diplomatik muloqotni birlashtirgan. Yaʼni Klavixo Temurni oʻz davrining shunchaki zabtkori emas, balki geosiyosiy arxitektori deya tasvirlaydi.

Xoʻsh, oʻsha vaqtda Ispaniya va uning yon-atrofidagi davlatlarda ahvol qanday boʻlgan va ular nega Temurga elchilar yuborgan? Klavixo kundaligi mohiyatini anglash uchun oʻsha davrdagi Iberiya yarimoroli va Yevropadagi siyosiy vaziyatni hisobga olish zarur. XV asr boshida Ispaniya yagona davlat emas edi. Yarim­orolda Kastiliya, Aragon qirolliklari, Granada amirligi (musulmon davlati) hukm surardi. Klavixo aynan Kastiliya qiroli nomidan yuborilgan elchi edi. U paytda Kastiliyani Genrix III boshqarayotgandi. Ichki vaziyatga koʻra, u feodal tarqoqlik, rekonkista (musulmon Granadaga qarshi kurash), iqtisodiy qiyinchiliklar (qora oʻlat oqibatlari)ni boshdan kechirar va holdan toygandi. Tashqi vaziyatiga koʻra, yashab qolish uchun Yevropadagi katta siyosiy raqobat maydonida, Fransiya va Angliya oʻrtasidagi “Yuz yillik urush”ga tortilgan va ayni vaqtda Usmonlilardan ham xavf kutardi. Genrix III ana shu uchala eng ogʻir muammodan qutulishning yagona yoʻlini, Klavixo aytganidek, Temur bilan “hamkorlik va ittifoqchilik” maqomiga erishishda koʻrgan. Zero, uning Klavixoga Temurdan shunday javob maktubi olib qaytish topshirigʻi mohiyati shuni anglatadi. Kastiliya bu bilan oʻz xalqaro nufuzini oshirishni koʻzlar, ayniqsa, urushlar vositasida bosim oʻtkazayotgan Fransiya va Angliya oldida oʻz siyosiy mavqeini mustahkamlashni istardi. U uchun ayni vaqtda dunyodagi eng qudratli hukmdorlardan biri bilan diplomatik aloqa oʻrnatish yuksalish masalasi edi. Afsuski, keyinchalik Temur haqida tadqiqotlar qilgan Jan Pol Ru “Tamerlan” asarida Klavixo zimmasida boʻlgan bu kabi nozik vazifalarni tushuna olmagan.

XV asr boshida Kastiliya oʻz tashqi siyosatini faollashtirish bosqichidagi davlat, Temur esa Usmonlilarni magʻlub etgan, Yevroosiyo kuchlar muvozanatini oʻzgartirgan, xalqaro miqyosda tan olingan hukmdor edi. Shu sababli elchilik tasodifiy safar emas, balki mukammal hisoblangan geosiyosiy qadam boʻlgan.

Yevropaliklar Temurga muayyan maʼnoda dunyo hukmdori sifatida qaragan. “Dunyo hukmdori” tushunchasi oʻsha davrda XV asr boshida Yevropa siyosiy tafakkurida “ilk mondializm” (umumjahon hokimiyati) gʻoyasi tarkibida mavjud edi. Bunday tushunchalar odatda Sharqda ham, Gʻarbda ham katta imperiya asoschilariga nisbatan qoʻllanilgan. Yevropada Temurga nisbatan bu atama rasman ishlatilmagan, ammo Klavixo tasvirlaridan shunday tasavvur shakllanganini koʻrish mumkin. Asarda Temur juda keng hududlar hukmdori, turli xalqlar ustidan hukm yurituvchi, boshqa hukmdorlar, elchilar uning qabulini kutuvchi markaziy shaxs deya koʻrsatiladi. Bu tasvir uni mintaqa amirigina emas, balki global koʻlamdagi siyosiy arbob ekanini namoyon qiladi.

Hozirga qadar Yevropa Temurni formal ravishda umumjahon miqyosida tan olingan buyuk hukmdor, siyosiy taʼsiri butun Yevroosiyo miqyosida baholanadigan jahongir deya muhokama qilib keladi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, Temur Yevropa siyosiy tasavvurida “oʻz davrining eng qudratli Sharq imperatori” va de-fakto global siyosiy markaz egasi sifatida koʻriladi.

Haqiqatan, Temur imperiyasi XIV ikkinchi yarmi — XV asrning birinchi yarmida jahon real geosiyosiy manzarasida dunyoning eng yirik hududi va harbiy-siyosiy kuchi edi. Bu hudud va kuch Janub, Sharq va Gʻarbdagi barcha davlatlarning siyosiy hisob-kitoblarini oʻzgartirgan. Bu geosiyosiy “taʼsir markazi” mavqeini ham anglatardi. Shunga koʻra aytish mumkinki, oʻsha vaqtda Markaziy Osiyo dunyo boshqaruvchisi, yetakchi kuchi, jahon geosiyosatining eng qudratli siyosiy markazlardan biri maqomiga egalik qilgandi. Bugun bu hududda yashayotgan xalq mana shu qudratning vorislaridir.

Fazliddin RAVSHANOV,

siyosiy fanlar doktori, professor