Gʻafur Gʻulom asarlari kirib bormagan oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerak. Ijodkordan qolgan adabiy meros miqyosi va mohiyati nihoyatda katta. Vafotidan 17 yil oʻtib, 1983-yili adib xonadoni uy-muzeyga aylantirilgan. Uy dastlab qanday boʻlsa, shundayligicha saqlangani oʻsha davr arxitekturasining oʻziga xosligidan soʻzlaydi.
Tarixiy maskan adabiy ekspozitsiya va
memorial majmuani qamrab olgan. Maxsus stendlarda ijodkorning tarjimalari va
akademik sohadagi faoliyati namunalari namoyish etilgan. Muzeyning uchinchi
zalidan xalqning Gʻafur Gʻulomga muhabbati va hurmatini namoyon etadigan
eksponatlar oʻrin egallagan.
Koʻrgazma zalida shoirning bolaligi, oʻsmirligi oʻtgan XX asr
boshlaridagi Toshkent tasviri, eski shahar manzaralaridan tortib, umrining
soʻngiga qadar boʻlgan voqealar aks etgan. Gʻafur Gʻulom savod chiqargan oʻsha
davr maktablarining koʻrinishi, oʻquv qurollari, boʻyralar ekspozitsiyaga
qoʻyilgan. Mis koʻza, laganlar, moyjuvoz kabi roʻzgʻor buyumlari butun oilaning
kuniga yaragan boʻlsa, siyohdon, kuldon, telefon, yozuv mashinkasi, dunyo
yangiliklaridan xabardor qilib turadigan radiopriyomnik asosan adibga asqatgan.
Shoir yashagan uyning shinamgina maketi — ramziy xona
ekspozitsiya zalining bir burchagidan oʻrin olgan. Uning toqli shifti, taxmonga
yigʻilgan koʻrpachalar, choʻgʻ solib ishlatilgan dazmol, qoʻyingki, barchasi
koʻp farzandli oilaning el qatori kun kechirganini aks ettirib turadi.
Murabbiylik, oʻqituvchilik, jurnalistik faoliyatidan guvohlik
beruvchi suratlar Gʻafur Gʻulomning bolalikdan tinib-tinchimagani, tirikchilik
koʻyida turli yumushlarni qilib ketaverganini yana bir bor yodga soladi.
Yozuvchi asarlariga ishlangan suratlar, “Shum bola” qissasiga bagʻishlangan
boʻlim, ayni paytda butun dunyoga mashhur bu asarning qoʻlyozmasi, uning
“Dovdirash” nomli birinchi nashri, turli tillardagi tarjimasi adabiyot
ixlosmandlari uchun qiziqarli boʻlishi aniq.
Ekspozitsiyalar orqali Gʻafur Gʻulomning ilmiy faoliyatiga
doir maʼlumotlar adibning chindan-da birinchilardan boʻlib akademiklik unvoniga
munosib boʻlganini koʻrsatadi. 60 yillik yubileyi tantanalari aks etgan
fotosuratlar esa hukumatning shoirga yuksak hurmatini tarixga muhrlagan.
Turkman, qozoq ijodkorlari sovgʻa qilgan milliy kiyimlar nafaqat millatimiz,
balki koʻplab xalqlarning Gʻafur Gʻulomga samimiy mehrini ifodalab turibdi.
Chet el nashrlarida shoir haqida chop etilgan maqolalarni koʻrib, yana bir
karra faxrlanasiz.
Haykaltarosh Rayhon Shoabdurasulova “Shum bola” asariga
ishlagan haykal — Qoravoyning tandirdan chiqib turgan holati asarga ishlangan
filmni yodga soladi. Urush yillarida yozilgan sheʼrlar, yetimlik iztiroblari
aks etgan suratlarning barchasi bizni Gʻafur Gʻulom olamiga yaqinlashtiradi.
Memorial qism esa 6 xona: bolalar va kattalar yotoqxonasi,
ijodxona, mehmonxona, dam olish xonasi va kutubxonadan iborat. 12 mingga yaqin
eksponat joy olgan uy-muzeyga har yili oʻn minglab vatandoshimiz va xorijiy
mehmonlar keladi.
Dadasi Gʻulom Mirza Orif baʼzi manbalarda dehqon sifatida
koʻrsatilgan. Keles atroflarida oʻzining 5-6 tanob yerida ekin ekib,
dehqonchilik bilan shugʻullangan. Dehqonchilik mavsumi boʻlmagan paytlarda esa
shaharda odamlarga ariza yozishda yordamlashgan. Uch tilni bilgani sabab
ismining yoniga orif laqabi qoʻshib aytilgan.
Gʻafur Gʻulom 9 yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim
qoladi. Boz ustiga oʻsha paytda Birinchi jahon urushi boshlangan edi. Uch
singilga gʻamxoʻrlik qilish katta farzand sifatida Gʻafurning chekiga tushadi.
Koʻchada turli yumushlarni bajarib, oila boqish bilan bir qatorda avval eski
maktabda, keyin rus-tuzem maktabida oʻqiydi.
Asli besh yoshidan eskicha yozuvda savodi chiqqanda yosh
Gʻafur kutubxonadan oʻzi yiqqan pullarga kitob sotib olib (oʻsha paytlari
kutubxonalarda kitoblar sotilgan ham), hech qayerini shikastlamay oʻqir va
qaytarib olib borsa, kitob sotuvchi boshqasiga almashtirib berar edi.
Eksponatlar qatorida Gʻafur Gʻulom arabiy imloda oʻqigan kitoblari asl
nusxasida keltirilgan. Ular orasida Navoiyning “Devon”i hamda Jomiyning “Haft
avrang”i ham bor.
Eksponatlar orasida Gʻafur Gʻulomning shaxsiy kutubxonasidan
2000 ga yaqin kitobni Toshkentdagi 90-maktabga sovgʻa qilgani toʻgʻrisida
gazetada chop etilgan maqola ham bor. Shoir bolalarni juda yaxshi koʻrganidan
ijodida bolalarga bagʻishlangan asarlarning ham alohida oʻrni bor. “Ikki
bolalik”, “Bilaman”, “Seni Vatan kutmoqda” sheʼrlari, “Siz mening
yoshligimsiz”, “Turgʻun va oʻrdak”, “Tongotar qoʻshigʻi”, “Bir gʻuncha
ochilguncha” kabi bolalarga bagʻishlangan sheʼriy toʻplamlari shular
jumlasidan.
Uy-muzey eksponatlari oʻtmishni koʻz oldimizda yaqqol
gavdalantirib, moziy qaʼridan soʻzlaydi. Unga quloq tutsangiz, koʻplab ishlarda
oʻzini sinab koʻrgan Gʻafur Gʻulom 1923-yili bosmaxonada harf teruvchi, soʻng
ustozi Abdurahmon Sohiboyevning maslahati bilan 8 oylik pedagogik kursda oʻqib,
Oʻrdadagi “Urfon” oʻrta maktabi yonidagi bolalar uyida oʻqituvchi sifatida
ishlagani maʼlum boʻladi. “Gʻafur Gʻulom — maʼrifatparvar” ekspozitsiyasida
adibning bolalar uyidagi faoliyatidan hikoya qiluvchi fotosuratlar va
xat-hujjatlar oʻrin olgan.
Adib nazm bilan faylasuf shoir darajasiga koʻtarilgan boʻlsa,
nasrda “Shum bola” qissasi, “Mening oʻgʻrigina bolam” singari hikoyalari orqali
xalq turmushi va ruhiyatini yaxshi biluvchi mohir nosir ekanini ham namoyish
etgan. Uning kuldirib yigʻlatadigan va yigʻlatib kuldiradigan hajviy hikoya va
qissalari el orasida mashhur.
“Gʻafur Gʻulom — buyuk alloma” ekspozitsiyasida uning ilmiy
faoliyati koʻrsatib berilgan. Shoir oʻzidan oldin oʻtgan ijodkorlarning
faoliyatiga qiziqish bildirib, asarlari ustida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazgan.
Ular orasida Alisher Navoiy ijodi ustunlik qilardi. Navoiyning “Farhod va Shirin”
dostoni nasriy bayonini yozib, oʻzbek kitobxonlariga taqdim qiladi. Shuningdek,
“Navoiy va bizning davr”, “Folklordan oʻrganaylik” tadqiqotlarini, “Jaloliddin
dramasi haqida”, “Muqimiy” maqolalarini yozadi.
“Shum bola”, “Hasan Kayfiy” kabi hajviy asarlariga ishlangan
karikaturalar, “Yodgor” qissasining ilk nashri, gazetalarda bosilgan varianti,
“Ikki akt” dostonining qoʻlyozma va matbuotda ilk eʼlon qilingan nusxalari
“Gʻafur Gʻulomning nasriy ijodi” ekspozitsiyasidan oʻrin olgan.
“Oʻzbekni jahonga tanitgan shoir” ekspozitsiyasida adib
nafaqat oʻzbek shoirlari, balki qozoq, rus, qirgʻiz, tojik shoirlari bilan ham
yaqin aloqada boʻlgani, ular ijodiy safarlarda tez-tez koʻrishib turgani,
ijodiy hamkorlik qilgani aks ettirilgan.
Adibning qaysi qardosh til vakilini koʻrsa, oʻsha tilda
suhbatlashib ketadigan darajada kirishimli boʻlgani haqida Oʻzbekiston xalq
shoiri Mirtemir bunday yozadi: “Men Gʻafur Gʻulom bilan talay gurunglarda,
toʻylarda, yigʻinlarda, hasharlarda, safarda va mehmondorchiliklarda boʻlganman.
U hayotni bilar, odamlarni bilar edi, adab va udumdan toʻla xabardor,
shevalarni bilar, qardosh tillarni bilar, turkman duch kelsa — turkman, tatar
uchrasa — tatar, Nozim Hikmat kelsa — turk, qozoq roʻbaroʻ boʻlsa — qozoq,
tojik davrada — tojik, Aleksey Surkov koʻrinib qolsa yo mehmon boʻlsa — rus...
U nechogʻliq munis, nechogʻliq mushfiq, dilkash, hozirjavob, xushtaʼb,
xushchaqchaq, hazilkash (oʻz oʻrnida), suhbati qoyilmaqom, sadoqatli doʻst”.
Eksponatlarda Gʻafur Gʻulomning oʻzbek tarjimachiligiga qoʻshgan
hissasi ham beqiyos ekani toʻlaqonli ochib berilgan. Pushkin, Lermontov, Nozim
Hikmat, Shota Rustaveli, Nizomiy Ganjaviy, Shekspir, Dante, Pyer Bomarshe,
Lope de Vega va jahon adabiyotining boshqa vakillari asarlarini oʻzbek
kitobxonlariga taqdim qilgan. Shekspirning “Otello” va Nozim Hikmatning “Bir
sevgi afsonasi” asarlari aynan Gʻafur Gʻulom tarjimasida teatr sahnasiga olib
chiqilgan.
Shoir Ikkinchi jahon urushi davrida ham barakali ijod qilgan,
oʻz daʼvatlari bilan jangchilar va front ortidagilarni ruhlantirgan. “Sen yetim
emassan”, “Seni kutyapman, oʻgʻlim!”, “Vaqt”, “Kuzatish”, “Ayol”, “Bizning
koʻchada ham bayram boʻlajak” sheʼrlarini yozgan. “Seni kutyapman, oʻgʻlim!”
sheʼrida shoir front ortida qahramonona mehnat qilgan otalarning sabri va
kuchini madh etadi. Shuningdek, “Sharqdan kelmoqdaman” toʻplamidan joy olgan
“Bahaybat”, “Gʻalabachilar qoʻshigʻi”, “Xotin” sheʼrlarining mohiyatini ham
ayni mavzu tashkil qiladi.
Urushdan keyingi yillardagi “Yangi sheʼrlar”, “Oʻzbekiston
olovlari”, “Onalar”, “Oʻzbek xalqi gʻururi”, “Tong qoʻshigʻi”, “Yashasin,
tinchlik!”, “Bu — sening imzong”, “Dunyo minbaridan” nomli sheʼriy
toʻplamlarida tinchlik qadri, oʻzbek xalqining mehnat faoliyatidagi
muvaffaqiyatlari haqida kuylagan.
Sharq mumtoz sheʼriyatini ham, Yevropa va rus lirikasini ham
mukammal bilgan ustoz shoir ijodida yangicha toʻlqin, alohida oqim, oʻziga xos
uslub mujassam. Gʻarbu Sharq ohangini oʻziga singdirgan ushbu mushtaraklikka
turkona xarakterning qorishuvi jahon poetik madaniyati sahnida oʻzbek xalqining
ham munosib oʻrin egallashiga sabab boʻldi. Uni fidoyi, bolajon, mehnatkash,
insonparvar xalqimizning badiiy timsolini ham sheʼrda, ham nasrda yoritgan
buyuk soʻz ustasi, deyish mumkin.
Uy-muzey hovlisining yuqori qismida shoirning 1983-yilda
tayyorlangan haykali qad rostlagan. Ayni kunlarda tavalludiga 123-yil toʻlgan
akademik Gʻafur Gʻulom siymosi bugungi yosh, zabardast, ulkan maqsadlarni
koʻzlagan avlodlarga boqib, “Siz, axir, osmonni olmoq boʻlsangiz, Ne uchun
yelkamni tutib bermayin”, deb turibdi goʻyo...
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri