Xizmat safari davomida delegatsiya Belarusning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va yirik sanoat korxonalarida bo‘lib, ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar hamda ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazdi.
Delegatsiya dastlab Belarus Milliy texnika universiteti (BMTU) rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, masofaviy ta’limni rivojlantirish, akademik mobillikni faollashtirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda energetika, qurilish va boshqa ustuvor sohalarda malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar uchun Belarus korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, xalqaro grantlar va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Tashrif doirasida delegatsiya universitetning zamonaviy ilmiy-ta’lim markazlari va ilg‘or laboratoriyalari faoliyati bilan ham tanishdi.
Shuningdek, Belarus Milliy texnika universitetida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston–Belarus milliy markazi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur markaz ikki xalqning boy madaniy merosi, urf-odat va an’analarini targ‘ib etish, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Delegatsiyaning navbatdagi manzili Belarus davlat informatika va radiotexnika universiteti (BGUIR) bo‘ldi. Muzokaralarda sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, innovatsion faoliyat, akademik mobillik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Delegatsiya universitet huzuridagi Ilmiy-ta’lim innovatsion markazi faoliyati, zamonaviy laboratoriyalar va innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdi.
Xizmat safari davomida Yevfrosiniya Polotskaya nomidagi Polotsk davlat universiteti bilan ham samarali muzokaralar olib borildi. Uchrashuv yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, 9 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari tasdiqlanib, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishga kelishib olindi. Tomonlar qo‘shma fakultet tashkil etish, akademik mobillikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda zamonaviy ilmiy-ta’lim laboratoriyalarini tashkil etish masalalarini ham muhokama qildilar.
Delegatsiya Belarus Respublikasining yirik sanoat korxonalaridan biri — NAFTAN neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan ham tanishdi. Tashrif davomida zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, sanoatni modernizatsiya qilish tajribasi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tizimlari hamda ilm-fan va sanoat integratsiyasining ilg‘or namunalari o‘rganildi. Mazkur tajriba kelgusida universitet va sanoat korxonalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, Mogilyov Davlat oziq-ovqat va kimyoviy texnologiyalar universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli ta’limni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, akademik mobillik hamda qo‘shma fakultet tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan tegishli hujjatlar imzolandi.
Mazkur xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlar Buxoro davlat texnika universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini oshirish hamda sanoat va oliy ta’lim integratsiyasini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Belarus Respublikasiga amalga oshirilgan mazkur xizmat safari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini amaliy mazmun bilan boyitish, oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifalarining izchil ijrosini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim natijalarni berdi.
Hamkorlik materiali