Qaror BAA Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri shayx Muhammad bin Rashish Al Maktum raisligida qabul qilindi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkauntlar yaratish va ulardan foydalanish, shuningdek, kontent e’lon qilish, sharh qoldirish, ochiq guruhlarda ishtirok etish va boshqa keng onlayn muloqot shakllari kabi platformaning asosiy funksiyalariga kirish taqiqlanadi.
15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga maxsus himoya choralari qo‘llanilgan holda ruxsat beriladi. Bularga yoshga bog‘liq kontent, noma’lum foydalanuvchilar bilan o‘zaro aloqalar kabi yuqori xavfli funksiyalarni o‘chirib qo‘yish, platformadan foydalanishda vaqtga asoslangan nazorat va ota-ona nazorati vositalarining mavjudligi kiradi.
Qaror shuningdek, platformalardan foydalanuvchilar uchun raqamli identifikatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalari va biometrik vositalar kabi mustahkam yoshni tekshirish mexanizmlarini joriy etishni talab qiladi. Foydalanuvchining yoshini shunchaki ko‘rsatishning o‘zi yetarli tekshirish deb hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarga bolalarning onlayn xatti-harakatlarini kuzatish asosida ularning ma’lumotlaridan maqsadli reklama uchun foydalanish taqiqlanadi. Platformalar, shuningdek, yangi talablarni buzgan holda yaratilgan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning akkauntlarini aniqlashi va bloklashi shart.
Ijtimoiy tarmoqlarga yangi qoidalarga rioya qilish uchun 12 oygacha bo‘lgan o‘tish davri berildi, deb xabar berdi report.az.