Dunyoda energetikaga munosabat keskin o‘zgarmoqda. Asosiy e’tibor endi elektr ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanmaydi. Mavjud quvvatlardan oqilona foydalanish, har bir kilovatt-soatning hisobini yuritish, yo‘qotishlarni qisqartirish va energiyani iste’molchiga uzluksiz yetkazib berish strategik vazifaga aylandi. Chunki har bir yo‘qotilgan kilovatt-soat iqtisodiyotning boy berilgan imkoniyati, ishlab chiqarilmay qolgan mahsulot, aholi uchun yaratilmagan qulaylikdir.

Energiyaga ehtiyoj keskin ortib, uning ahamiyati tobora oshib borayotgan bugungi murakkab davrda energetika tizimi barqarorligi har bir davlat uchun muhim masalaga aylanmoqda. Chunki zamonaviy iqtisodiyotning biror tarmog‘i energiya ta’minotisiz to‘liq rivojlana olmaydi.

27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham bu borada alohida ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston energetika sohasida katta o‘zgarishlar davrini boshidan kechirdi. Sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun zarur huquqiy hamda tashkiliy asoslar yaratildi. Oqibatda energetika tarmog‘iga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib keldi, hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Biroq energetikadagi o‘zgarishlar faqat yangi stansiyalar va jalb qilingan inves-titsiyalar bilan o‘lchanmaydi. Asosiy mezon — imkoniyatlarning odamlar hayoti va iqtisodiyotda qanday samara berishi. Shu bois, keyingi bosqichda e’tibor mavjud tarmoqlarni mustahkamlash, ishonchliligini oshirishga qaratildi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun yo‘naltirilgan 30 trillion so‘m ana shu maqsadga xizmat qildi. Chunki zamonaviy energetika nafaqat quvvat yaratishni, balki uni iste’molchiga sifatli va uzluksiz yetkazib berishni ham talab qiladi.

Katta tizimlarning holati ba’zan eng oddiy jarayonlarda namoyon bo‘ladi. Yaratilgan quvvatlar, yangilangan tarmoqlar va yirik sarmoyalarning samarasi bir savolning javobi bilan baholanadi: o‘zgarishlar odamlar hayotida qay darajada sezilmoqda?

Chunki energetikadagi har bir uzilish ortida muayyan oqibat bor. Elektr ta’minotidagi muammo xonadondagi kundalik ehtiyojlarga, tadbirkorlik faoliyatiga va ishlab chiqarish sur’atlariga ta’sir qiladi. Shuning uchun tizimdagi har bir qarorning asosiy bahosi uning inson hayotidagi samarasidir.

Bugun soha oldida turgan vazifa yangi quvvatlarni ko‘paytirish bilan birga mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri boshqarishdan iborat. Aniq hisob, kuchli nazorat va shaxsiy mas’uliyat energetika tizimining eng muhim tayanchlariga aylanmoqda.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lgani, ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgani tizimda oldindan rejalashtirish va profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Tarmoqdagi 17,2 foizli

elektr energiyasi yo‘qotishlari ham sohadagi katta zaxiralardan biri hali to‘liq ishga solinmaganini anglatadi. Olti oyda yo‘qotilgan 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi oddiy raqam emas. Bu tejash, samaradorlikni oshirish va bosh-qaruv sifatini yaxshilash orqali qaytarish mumkin bo‘lgan katta imkoniyat.

Raqamlashtirish jarayonida ham asosiy maqsad aniqlikka erishishdir. ASKUE va ASKUG tizimlarida ma’lumotlar to‘liq aks etgandagina iste’molni nazorat qilish, yo‘qotishlarni kamaytirish va tizimni samarali boshqarish imkoniyati ortadi.

Shu bois, endi energetika tizimiga hududlar kesimida yondashuv joriy etilmoqda. Tumanbay va mahallabay ishlash tamoyili orqali har bir hududning elektr va gazga bo‘lgan ehtiyoji aniq hisoblanadi, qaysi mahallada qaysi tarmoq, transformator yoki gaz qurilmasi yangilanishi zarurligi oldindan belgilab olinadi. Yondashuv¬ning ahamiyati shuki, endi muammoga uning oqibati yuzaga kelgandan keyin emas, oldindan yechim izlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Avariyalarni kamaytirish, yo‘qotishlarni qisqartirish va hisob-kitobni aniq yo‘lga qo‘yish uchun har bir hududning o‘ziga xos rejasi shakllantiriladi.

Bu borada tajribani, avvalo, alohida hududda sinab, keyin keng tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Yangi tizim uchun tanlangan Yangiyo‘l tumanidagi 51 ta mahallada aholi, tadbirkorlar va ijtimoiy obyektlarning elektr hamda gazga ehtiyoji chuqur o‘rganiladi.

Aslida, gap faqat eski tarmoqlarni ta’mirlash yoki yangi qurilmalar o‘rnatish haqida emas. Asosiy vazifa hududlarning ertangi ehtiyojini oldindan ko‘ra bilish, aholi va biznes uchun uzluksiz hamda sifatli energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yishdir. Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tayotgan mazkur tajriba kelgusida respublika miqyosida yangicha ishlash tamoyiliga aylanadi.

Energetikada kelajak uchun eng muhim o‘zgarishlardan biri qarorlarni aniq ma’lumotlarga tayanib qabul qilishdir. Chunki zamonaviy tizimni faqat ko‘proq resurs bilan emas, to‘g‘ri tahlil va tezkor boshqaruv bilan ham samarali ishlatish mumkin.

Shu ma’noda, sohada raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish yangi bosqichni boshlab beradi. Endi elektr va gaz ta’minotidagi jarayonlar — energiya ishlab chiqarishdan tortib, uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar yagona tahlil asosida boshqariladi.

Yangi tashkil etiladigan Raqamlashtirish va sun’iy intellekt markazi ana shu vazifani bajaradi. U tarmoqdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, qayerda quvvat yetishmayotgani, qayerda yo‘qotishlar ko‘pligi yoki qaysi yo‘nalishda qo‘shimcha choralar zarurligini oldindan ko‘rish imkonini beradi.

Bugun katta tizimlarni samarali boshqarish uchun ko‘rish mumkin bo‘lmagan jarayonlarni ham aniq ko‘ra bilish kerak. Shu jihatdan ASKUE va ASKUG ma’lumotlarini sun’iy intellekt asosida tahlil qilish orqali shubhali iste’mol, ortiqcha yo‘qotishlar va qarzdorlik holatlarini tez aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat, energetikada natijaga asoslangan boshqaruv tizimi shakllantiriladi. Endi rahbar va xodimlar faoliyati avariyalar soni, energiya yo‘qotishlari, qarzdorlik darajasi va ta’mirlash ishlari bajarilishi kabi aniq ko‘rsatkichlar orqali baholanadi. Oqibatda shaxsiy mas’uliyat kuchayadi.

Kuz-qish mavsumi oldidan belgilangan vazifalar ham shu yondashuv asosida amalga oshiriladi. Bugun tabiiy gaz yetkazib berishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan 1916 ta mahalla bor. Endi bu hududlardagi ehtiyoj alohida o‘rganilib, xonadonlarni isitish tizimi, elektr infratuzilmasi va qo‘shimcha energiya manbalari bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqiladi.

Chunki energetikada barqarorlik tasodifiy qarorlar bilan ta’minlanmaydi. Buning uchun oldindan aniq hisob-kitob, puxta reja va mas’uliyatli boshqaruv talab etiladi.

Eng muhim masala mavjud resursni iste’molchiga o‘z vaqtida va samarali yetkazib berishdir. Suyultirilgan gaz ta’minotidagi bugungi vazifalar ham ana shu talabdan kelib chiqadi. Hozir 3 million 700 ming xonadon ushbu turdagi yoqilg‘idan foydalanmoqda. Tizim raqamlashtirilib, tartibga solingan bo‘lsa-da, gazni kafolatli va o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi hali ham dolzarbligicha qolmoqda.

Bunda xususiy sektor imkoniyatlaridan kengroq foydalanish muhim. Endi tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan sotib olgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Dastlabki tajriba sifatida Andijon viloyatida yo‘lga qo‘yiladigan ushbu tizim yil yakuniga qadar shakllantirilib, keyinchalik boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi.

Sohadagi yangilanishlar zamirida oddiy, ammo muhim maqsad mujassam: iste’molchini energiya bilan ta’minlash jarayonini yanada ishonchli va qulay qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish. Chunki energetikada natija faqat ishlab chiqarilgan resurs hajmi bilan emas, uning aholi va tadbirkorlarga qay darajada o‘z vaqtida, barqaror va samarali yetkazib berilishi bilan ham belgilanadi. Shu yo‘lda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini 520 ming tonnadan 606 ming tonnaga yetkazish, gaz ballonlari hajmini xonadonlarning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib belgilash, tashish va saqlash tizimini xalqaro talab¬lar asosida takomillashtirish vazifalari belgilanmoqda. Natijada suyultirilgan gaz ta’minotida tasodifiy yondashuvlar o‘rniga aniq hisob-kitobga asoslangan, iste’molchi manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadigan tizim shakllanadi.

Energetikadagi islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi — inson kapitali. Chunki eng zamonaviy texnologiya ham uni boshqara oladigan bilimli mutaxassislarsiz kutilgan natijani bermaydi. Bugun 25 ta texnika oliy ta’lim muassasasida yiliga 5,5 ming energetika mutaxassisi tayyorlanmoqda. Ammo mehnat bozori talabi bilan ta’lim jarayoni o‘rtasidagi uzilish sabab ayrim bitiruvchilarning kasbi bo‘yicha to‘liq shakllanishiga 2-3 yil vaqt ketmoqda.

Shuning uchun energetika ta’limida yangi yondashuv shakllanyapti. Bugungi sohaga faqat nazariy bilimga ega emas, balki zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan, amaliyotda qaror qabul qila oladigan mutaxassislar zarur. Shu maqsadda o‘quv dasturlari yangilanib, laboratoriya va poligonlar zamonaviy talablarga moslashtiriladi. Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’lim tizimiga jalb etiladi.

Chunki energetikaning kelajagi faqat yangi stansiyalar va tarmoqlar bilan belgilanmaydi. Ularni boshqaradigan, raqamli texnologiyalardan foydalana oladigan va sohaning yangi talablariga javob beradigan kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugun tayyorlanayotgan mutaxassislar ertangi energetik barqarorlik va mustaqillikning asosiy tayanchiga aylanadi.

Energetikadagi har bir o‘zgarish ortida inson hayoti, mamlakat iqtisodiyoti va kelajak taraqqiyotiga daxldor ulkan maqsad mujassam. Chunki energiya oddiy resurs tushunchasidan ancha keng ma’noni anglatadi. U xonadonlardagi osoyishtalik, ishlab chiqarishdagi harakat, tadbirkorlikdagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan hayotiy kuchdir.

Bugun sohadagi islohotlarning mazmuni shu haqiqatga borib taqaladi: yaratilgan quvvatlar, yo‘naltirilayotgan sarmoyalar va joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar inson manfaatiga xizmat qilishi kerak. Chunki energetikadagi har bir qaror, avvalo, xonadonlardagi yorug‘likda, korxonalarning barqaror ishida, yangi imkoniyatlar yuzaga kelishida yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Tizimni raqamlashtirish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, hududlarda aniq hisob-kitob asosida ishlash va zamonaviy bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash yagona maqsadga xizmat qiladi. U ham bo‘lsa, har bir inson o‘z hayotida sezadigan ishonchli, barqaror va samarali energetika tizimini shakllantirishdir.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri