Suv haqida odatda u kamayganda oʻylaymiz. Joʻmrakdan suv oqayotganida esa qadrini yetarlicha his qilmaymiz. Aslida, har kuni behuda oqayotgan bir necha litr suv bir oyda yuzlab, bir yilda esa minglab litrga aylanadi. Bugun biz uchun oddiy tuyulayotgan obihayot masalasi ertaga butun jamiyatning eng katta muammolaridan biriga aylanishi mumkin. Shuning uchun suv tejashni tugaganidan keyin emas, hozirdan boshlash lozim.
Parkent
tumanidagi xonadonlardan birida aynan shu gʻoya asosida kichik, ammo amaliy
tajribani boshladik. Maqsadimiz oddiy — tomdan tarnov orqali oqib tushayotgan
yomgʻir suvini shunchaki kanalizatsiyaga yoki koʻchaga oqizib yubormay,
yigʻish, saqlash va ichimlik suv talab qilmaydigan ehtiyoj uchun qayta
foydalanish edi. Tajriba oddiy, ammo natijalari bu masalaga boshqacha qarash
kerakligini koʻrsatdi. Xonadon tomining sathi taxminan 200 kvadrat metr. Uning
toʻrtta burchagida yomgʻir suvini chiqaruvchi tarnovlar mavjud. Hozircha ulardan
faqat bittasi yigʻish tizimiga ulandi. Aprelda yomgʻir yoqqanida bir kunda
faqat shu bitta tarnovdan taxminan 2 tonna, yaʼni 2000 litr suv yigʻildi.
Tasavvur
qiling: avval koʻchaga oqib ketadigan suvning oʻzi birgina yomgʻirda 2 tonnali
zaxiraga aylandi. Bu natija bizni yana bir savol xususida oʻylashga majbur
qildi: agar bitta burchakdan 2 tonna suv yigʻilayotgan boʻlsa, tomning toʻrt
burchagini yagona tizimga birlashtirsak, qancha suvni saqlab qolishimiz mumkin?
Shu tufayli loyihamizning keyingi bosqichida tomning toʻrt burchagidan
tushadigan suvni bitta — markaziy yigʻish nuqtasiga olib kelishni
rejalashtirdik.
Bu
shunchaki suv yigʻish emas, balki xonadonning oʻzida kichik suv zaxirasini
yaratish deganidir. Ichimlik suvni texnik ehtiyojlarga sarflash zarur. Isteʼmol
qilib boʻlmaydi. Chunki bunday suvni ichimlik maqsadida ishlatish uchun
tegishli tozalash, dezinfeksiya va sanitariya talablari bajarilishi kerak. Ammo
kundalik hayotimizda suv talab qiladigan juda koʻp boshqa ehtiyojlar bor.
Masalan, kir, yuz-qoʻl va avtomobil yuvish, hovliga suv sepish, ekin va
tomorqani sugʻorish, chorvani sugʻorish, quyosh panellarini tozalashda
foydalanish mumkin. Demak, bir tomondan ichimlik suvni asrayapmiz. Ikkinchi
tomondan esa yomgʻir suvini foydali resursga aylantiryapmiz.
Loyihaning
yana bir muhim jihati, yigʻilgan suvni kerakli joylarga yetkazish uchun
nasosdan foydalanilmoqda. U esa quyosh panellari ishlab chiqaradigan elektr
energiyasi yordamida ishlaydi. Yaʼni bir tizimda ikki tabiiy resursdan
foydalaniladi. Natijada xonadonning suv va energiya tejamkorligi yaxlit tizimga
birlashtiriladi.
Bu qanchalik foydali?
Koʻpincha
yangi gʻoyalar haqida gapirganda “Bu qanchalik foydali?” degan savol tugʻiladi.
Tajribamizda bunga aniq raqamlar bilan javob berish mumkin.
Tizim
oʻrnatilishidan avval xonadonda ichimlik suvga oyiga taxminan 150 ming soʻm
toʻlanardi. Tizim oʻrnatilgandan soʻng bu mablagʻ 56 ming soʻmgacha kamaydi.
Demak, bir oyda 94 ming soʻm tejalmoqda. Bir yil hisobida esa taxminan 1
million 128 ming soʻmni iqtisod imkoniyati paydo boʻldi.
Bundan
tashqari, sugʻorish, avtomobil yuvish, hovliga suv sepish, quyosh panellarini
tozalash kabi ehtiyojlarda ishlatilayotgan suvning qiymati bu hisobga toʻliq
kiritilmagan. Shuning uchun loyihaning real iqtisodiy samarasi faqat suv
toʻlovidagi kamayishdan ham kattaroq.
Loyihaga sarflangan mablagʻ
Tizimni
yoʻlga qoʻyish uchun taxminan 3 million 700 ming soʻm sarflandi. Ikki dona 1
tonnali bochka — 1 million soʻm, nasos — 1 million 200 ming soʻm, quvurlar va
tomchilatib sugʻorish uchun zarur jihozlar — 1 million soʻm, filtr — 200 ming
soʻm, ish haqi — 300 ming soʻm.
Bu
mablagʻni faqat dastlabki xarajat sifatida tushunmaslik kerak. Chunki qurilma
yillar davomida ishlashi va suv xarajatlarini kamaytirishi mumkin. Faqat
ichimlik suvga toʻlovning kamayishi hisobiga dastlabki xarajatning qoplanish
muddati taxminan 3 yil atrofida boʻlishi mumkin. Boshqa xoʻjalik
ehtiyojlaridagi tejamkorlik ham hisobga olinsa, loyiha yanada manfaatli
boʻladi.
Endi
masalaga bitta xonadon emas, butun Oʻzbekiston nuqtayi nazaridan qaraylik.
Mamlakatimiz aholisi 39 milliondan ziyod. Agar bir kishiga kuniga oʻrtacha 99
litr ichimlik suv toʻgʻri kelsa, mamlakat miqyosida har kuni 3,861 million kub
metr suv sarflanadi. Bir yilda esa taxminan 1,409 milliard kub metr boʻladi. Bu
raqam Oʻzbekistondagi barcha suv isteʼmolining rasmiy umumiy hajmi emas. Faqat
aholi soni va bir kishiga 99 litr kunlik isteʼmol koʻrsatkichidan kelib
chiqadigan hisob-kitob, xolos.
Ammo
uning oʻzi ham muammoning koʻlamini koʻrsatadi. Agar shu suvning hatto kichik
bir qismini tejash imkoniyati yaratilsa ham mamlakat miqyosida sezilarli
natijaga erishiladi. Suv taʼminotiga tushadigan bosim kamayadi.
Yashirin imkoniyat
Oʻzbekiston
hududida yogʻingarchilik miqdori hududlarga qarab farq qiladi. Lekin har bir
hududda yomgʻir yogʻadi. Bugun esa koʻplab xonadonlarda tomdan tushayotgan
yomgʻir suvi foydalanilmay oqib ketadi. Bu yerda katta imkoniyat yashiringan.
Tom aslida faqat uyni yomgʻirdan himoya qiladigan konstruksiya emas, balki suv
yigʻish maydoni ham boʻlishi mumkin. Agar tomdan tushadigan suv tarnov orqali
rezervuarga yoʻnaltirilsa, filtrdan oʻtkazilsa va xavfsiz foydalanish tizimi
yaratilsa, xonadon oʻzining kichik suv zaxirasiga ega boʻladi. Buni
qurilayotgan yangi uy-joy loyihalarida aynan shu imkoniyatni hisobga olish
kerak.
Agar
bunday tizim oddiy xonadonda 200 kvadrat metrli tomda samara berayotgan boʻlsa,
katta tomli maktab, bogʻcha yoki poliklinikada uning imkoniyati yanada yuqori
boʻladi. Maktab tomidan yigʻilgan yomgʻir suvini ichimlik uchun emas, balki
hovli, yashil hududlar va texnik ehtiyojlar uchun ishlatish mumkin.
Bogʻchalarda ham shu tamoyilni qoʻllash mumkin. Poliklinika va boshqa ijtimoiy
obyektlarda esa suv sarfining muayyan qismini yomgʻir suviga oʻtkazish orqali
texnik maqsadda ishlatiladigan ichimlik suvga talabni kamaytirish mumkin. Shu
tufayli ushbu tashabbusni faqat xonadonlar uchun emas, ijtimoiy obyektlar uchun
ham alohida pilot loyiha sifatida sinab koʻrish zarur.
Loyihaning
biz uchun eng muhim jihatlaridan biri shundaki, ish faqat qurilmani oʻrnatish
bilan toʻxtab qolmayapti. Amaliy tajriba bilan bir vaqtda qonunchilik boʻyicha
ham ish olib borilmoqda. Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasidagi
deputatlar bilan birga yomgʻir suvini yigʻish, undan samarali foydalanish va
suvni tejash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilikka
takliflar tayyorlash ishlari bajarilmoqda. Bu juda muhim bosqich. Chunki bitta
xonadon oʻz tashabbusi bilan tizim oʻrnatishi mumkin. Ammo bunday amaliyotni
minglab va millionlab xonadonlarga yetkazish uchun huquqiy, tashkiliy va
iqtisodiy mexanizmlar zarur.
Shu
bois, biz oʻz tajribamizni qonunchilik takliflari bilan bogʻlashga harakat
qilyapmiz. Loyihaning gʻoyasini rivojlantirish, tizimli shaklga keltirish,
takliflarni tahlil qilish va kelgusidagi yoʻnalishlarni belgilash juda muhim.
Maqsad qonun yozishning oʻzi
emas
Bu
yerda asosiy maqsad yangi talablarni shunchaki joriy qilish emas. Avvalo,
savolga javob topish kerak. Qanday qilib aholi uchun qulay, arzon va samarali
yomgʻir suvini yigʻish tizimini yaratamiz? Buning uchun pilot loyihalar kerak.
Masalan, dastlab ayrim mahallalarda xonadonlar tanlanadi. Ularning tomi
maydoni, yil davomida yigʻilgan suv miqdori, suv sarfi, iqtisodiy tejamkorligi
va qurilmaning xizmat koʻrsatish xarajati oʻrganiladi. Keyin natijalar
taqqoslanadi. Shundan soʻng eng samarali modelni boshqa hududlarga joriy etish
mumkin.
Loyihaning
yana bir yoʻnalishi innovatsiya. Ushbu loyiha boʻyicha patent olganmiz. Endi bu
tajribani yanada takomillashtirib, aholiga qulayroq, ixchamroq va samaraliroq
yangi foydali qurilma yaratish hamda unga belgilangan tartibda patent olish
harakatidamiz. Maqsad faqat patent hujjatiga ega boʻlish emas, balki odamlar
real hayotda foydalanadigan qurilma yaratish. U oddiy, narxi imkon qadar arzon
boʻlishi kerak. Oʻrnatish oson, texnik xizmat koʻrsatish esa qulay boʻlishi
lozim.
Bugun
Parkentdagi bir xonadonda bu tizim ishlamoqda. Bir yomgʻirda 2 tonna suv. Bir
oyda 94 ming soʻm tejamkorlik. Bir yilda
1
million 128 ming soʻm. Lekin bu raqamlarning eng katta qiymati pulda emas,
balki shunday tajriba mavjudligida. Biz “buni qilish mumkinmi?” degan savolga
endi nazariy emas, amaliy javob bera olamiz. Ha, mumkin. Yomgʻir suvini
yigʻish, saqlash, texnik ehtiyojlarga yoʻnaltirish va hatto nasos orqali
kerakli joyga yetkazish mumkin.
Endi
navbatdagi savol: buni qanday qilib minglab xonadonlarga yetkazamiz? Bugunning
eng muhim vazifasi ham shu. Chunki suv masalasi ertangi kunning muammosi emas.
U bugunning muammosi. Bugun yomgʻir yogʻayotgan paytda biz suvni oqizib
yuborsak, ertaga qurgʻoqchilik kelganda uni izlashimiz tayin. Shu bois, ertaga
suvni qidirmaslik uchun bugun yomgʻirni yigʻaylik.
Muhsiddin NIZOMIDDINOV,
Xalq deputatlari Toshkent
viloyati kengashi deputati