Ayniqsa, kasbi doimiy ravishda axborot bilan ishlashga asoslangan jurnalist uchun bu bosim yaqqolroq seziladi. Kutilmaganda bir kun telefonsiz qolish tajribasi esa men uchun faqatgina kundalik noqulaylik emas, balki jiddiy ruhiy qayta tiklanish va hayotiy qadriyatlarni qayta baholash fursati bo‘ldi.
Telefonni bir kunga chetga qo‘yish osonmi? Ayniqsa, ishi axborot oqimi bilan chambarchas bog‘liq jurnalist uchun-chi? Bir qarashda bu deyarli imkonsizdek tuyuladi. Ammo kundalik sur’atlar ichida tasodifan telefonni uyda unutib, bir kun undan butunlay uzoqda qolganimda, men kutmagan bir muhim haqiqatni angladim: ba’zan nafaqat ko‘zlarimiz, balki miyamiz ham raqamli ekranlar charchog‘idan hordiqqa muhtoj ekan.
Uydan chiqib, ancha uzoqqa ketgachgina telefon uyda qolganini payqadim.
Avvaliga bunga unchalik ahamiyat bermadim va “Bir kun telefonsiz yuraveraman”, deb o‘yladim. Lekin ko‘p o‘tmay, zamonaviy inson har qadamida aloqa vositalariga qanchalik bog‘lanib qolganini his qildim.
Bugun ko‘pchilik singari men ham manzilga yetib borishda xarita va lokatsiya xizmatlariga o‘rganib qolganman. Qayerdan qayrilish, qaysi yo‘ldan borishni bir necha bosish orqali hal qilishga odatlanganmiz. Telefon bo‘lmaganida esa yo‘lni mantiq va atrofdagi belgilar orqali mustaqil izlay boshlar ekansan. Qolaversa, har bir chiroyli manzarani yoki kundalik voqeani zudlik bilan suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga yuklash istagi ham yo‘qoldi. Men shunchaki manzarani telefon ekrani orqali emas, bevosita o‘z ko‘zlarim bilan tomosha qildim. Balkim, bu kunning eng go‘zal jihati ham shu bo‘lgandir.
Mening kasbim doimiy ravishda yangiliklarni kuzatib borishni talab qiladi. Internetdagi so‘nggi xabarlar, muhokamalar, videolar va ijtimoiy tarmoqdagi munosabatlar kundalik faoliyatimning o‘zagini tashkil etadi. Tabiiyki, “Bugun internetda nima yangilik chiqdikin?” degan savol miyamda aylanishi kerakdek edi.
Lekin ajablanarlisi — bu safar bunday ehtiyoj ham, bezovtalik ham bo‘lmadi. Qolaversa, axborot oqimi faqatgina quvonchli voqealardan iborat emas. Kun davomida o‘qiladigan turli salbiy xabarlar, fojialar, nizolar va jinoyatlar inson ruhiyatiga sezilarli darajada bosim o‘tkazadi. Bir kunlik “axborot ta’tili” menga ana shu ruhiy og‘irlikdan mutlaqo xalos bo‘lish imkonini berdi. Yanglishib biror yomon xabarni o‘qib qolmadim, hech narsani o‘tkazib yuborayotganimdan xavotirga tushmadim. Kun oxirida sezganim eng katta o‘zgarish shu bo‘ldiki, miyam odatdagidek charchamagan edi. Odatda telefonni titkilash jarayonida jismonan tinch o‘tirsak ham, miya tinimsiz raqamli ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Har bir bildirishnoma ovoz chalg‘itadi, diqqatni bo‘ladi. O‘sha kuni esa hech qanday chalg‘itma ovozlar bo‘lmadi. Shunchaki atrofni kuzatdim, insonlar bilan jonli muloqot qildim va o‘z xayollarim bilan yolg‘iz qoldim.
Buning tabiiy natijasi sifatida kechki uyqu ham boshqacha keldi. Uxlashdan oldin odatga aylanganidek ekranni varaqlamasdan, xabarlar o‘qimasdan xotirjam uxladim. Tonggacha bo‘lgan oromimiz telefon soyasida qanchalik buzilganini aynan shu kecha yaqqol his qildim. Albatta, bu tajribadan keyin jamiyatdan ajralib yashash yoki texnologiyalardan butunlay voz kechish kerak, degan xulosaga kelib bo‘lmaydi. Zamonaviy dunyoda aloqa vositalari hayotimizni sezilarli darajada osonlashtiradi. Ammo muammo telefonning o‘zida emas, balki bizning unga haddan tashqari ruju qo‘yganimizdadir. Shunchaki odat bo‘lgani uchun yoki maqsadsiz ravishda ekranni yoqaveramiz.
Balki insonga vaqti-vaqti bilan axborotdan xoli davr — detoks kerakdir? Har bir bo‘sh daqiqani raqamli ma’lumotlar bilan to‘ldirmasdan, ba’zan telefonni chetga surib, hayotning o‘z go‘zalligini ko‘rish vaqti keldi. Chunki dunyodagi barcha xabarlarni bilish mumkin ham, shart ham emas. Eng muhimi — o‘z ruhiy sog‘lig‘imiz va ichki xotirjamligimizni asrab qolishdir.
Zulxumor Akbarova