«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyi boshida kuzatilgan nisbatan salqin ob-havodan keyin hafta davomida havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib, mavsum uchun xos ko‘rsatkichlarga qaytadi.
Bugun kunduzgi havo harorati 34–37 daraja atrofida bo‘ladi. Keyingi kunlarda esa kunduzgi harorat 37–40 darajagacha ko‘tariladi. Shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida havo asosan 39–42 darajagacha isishi kutilmoqda.
Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi. Ayrim joylarda shamol tezligi 15 metrgacha kuchayishi, ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Poytaxtda ham 6–11 iyul kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo biroz bulutli bo‘lib, shamol sharqdan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi, ayrim paytlarda 10–12 metrgacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida bugun va ertaga kunduzgi havo harorati 35–38 daraja bo‘lishi, haftaning ikkinchi yarmida esa 38–40 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Kechasi havo harorati 22–25 daraja atrofida saqlanadi.