Bu jarayonda koʻchatlarning hudud iqlimiga mosligini taʼminlash, ularni oʻz vaqtida sugʻorish va muntazam parvarishlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

OAV uchun Kontent tayyorlash markazida oʻtkazilgan brifingda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi direktorining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Ismatulla Doʻstmurodov kuzgi mavsumda amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Uning taʼkidlashicha, loyiha doirasida «3–30–300» xalqaro standarti joriy etiladi. Shuningdek, 2026-yil kuz mavsumida 257 ta «Yashil bogʻ» va «Yashil jamoat parki» barpo etiladi. 2030-yilga qadar bunday bogʻlar sonini 1 023 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Har bir tuman va shaharda 2030-yilga qadar kamida beshta, uzunligi 10 kilometrdan kam boʻlmagan soyali sayr koʻchalari tashkil etiladi.

Koʻchat ekish hududlar kesimida quyidagi sanalardan boshlanadi:

  • 1-noyabr — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida;
  • 5-noyabr — Buxoro va Navoiy viloyatlarida;
  • 10-noyabr — Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida;
  • 20-noyabr — Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida.

Mahallalarda koʻchat ekish va parvarishlash ishlarini tashkil etish uchun 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab, qariyb 4 200 nafar «oʻrmonchi murabbiy» respublikadagi 8 992 ta mahallaga biriktirilgan. Ular aholiga koʻchat ekish, parvarishlash va mahalla buyurtmalarini shakllantirishda koʻmaklashadi.

2027-yil 1-yanvardan har bir mahalla buyurtmasi asosida «Mahallani yashillashtirish» paketi joriy etiladi. «Yashil — mahalla» dasturi doirasida mahallalar koʻchatlar, organik oʻgʻit, tejamkor sugʻorish vositalari bilan taʼminlanadi. Shuningdek, koʻchatlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi.

2026-yil kuzidan boshlab, yer maydoni cheklangan mahallalarda, koʻp kvartirali uylar orasida, maktab va bogʻchalar hovlisida mahalla mikrooʻrmonlari tashkil etiladi. Yer ajratish imkoni boʻlmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda esa jamoatchilik kichik bogʻlarini yaratish nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-noyabrga qadar tuman va shaharlarning yashil dasturlari ishlab chiqiladi. Ularda yashil bogʻlar, soyali sayr koʻchalari, koʻllar hamda yomgʻir, qor va oqova suvlarini toʻplash va qayta ishlashga moʻljallangan suv tejovchi sugʻorish tizimlarini tashkil etish belgilangan. Keyingi yillarda bunday dasturlar har yili 1-martga qadar ishlab chiqiladi.

2027-yil 1-yanvardan aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida «Yashil lot» tizimi ham joriy etiladi. Unga koʻra, mavjud yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida nom berish orqali yashil bogʻlar barpo etish uchun ajratiladi. Bunda yerlar mulk sifatida berilmaydi, qurilish va turli konstruksiyalar oʻrnatish taqiqlanadi. Hududlardan faqat belgilangan maqsadda foydalanishga ruxsat etiladi.