Buxoro viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida «Po‘loti» mahallasi hududida joylashgan «Charos» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi hamda unga tutash «B.S.B.» fermer xo‘jaligi hududida sodir bo‘lgan yong‘in o‘rganilgan.

Tekshiruvlar davomida fuqaro S.B. hamda boshqa noma’lum shaxslar kollektor atrofidagi qamishzorga o‘t qo‘ygani aniqlangan. Oqibatda jami 50 tup daraxt yongan bo‘lib, ulardan 38 tupi to‘liq nobud bo‘lgan, 12 tupiga esa shikast yetgan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, yong‘in natijasida 38 tup qimmatbaho turangil, 5 tup qimmatbaho jiyda va 7 tup kam qimmatli oq terak daraxtlariga zarar yetkazilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holat oqibatida tabiatga 202 million 704 ming so‘m miqdorida ekologik zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari Jondor tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.