Hujjat bilan respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklarida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilgani maʼlumot uchun qabul qilindi.
Nizomga koʻra, maslahatchilarning faoliyatini Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi. Maslahatchi Departament bilan kelishilgan holda tegishli davlat organi yoki tashkiloti rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi. U oʻz faoliyati yuzasidan rahbari hamda Departamentga hisobdor hisoblanadi.
Maslahatchining asosiy vazifalari
Hujjatda maslahatchi zimmasiga davlat tili, geografik obyektlar va maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, maslahatchilar davlat organlari va tashkilotlarida davlat tili hamda geografik obyektlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini doimiy ravishda tanqidiy-tahliliy oʻrganib boradi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
Ularning vazifalari qatoriga davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish, hujjatlar, rasmiy axborotlar, tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar va reklama matnlarida davlat tili qoidalariga rioya etilishini taʼminlashda ishtirok etish ham kiradi.
Maslahatchilar, shuningdek, davlat tilini rivojlantirish, geografik obyektlarni nomlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarida ham ularning ishtiroki nazarda tutilgan.
Rahbarlar qarorlari ijrosi ham nazorat qilinadi
Nizomga muvofiq, maslahatchilar davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari huzurida davlat tilini rivojlantirish hamda geografik obyektlarni nomlash masalalarini koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi.
Shuningdek, rahbarlarning davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni rivojlantirishga oid buyruq, qaror va koʻrsatmalari ijrosini nazorat qilish, davlat tilida ish yuritish holatini oʻrganish ham ularning vazifalariga kiradi.
Maslahatchi davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga takliflar kiritish, zarur hollarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini belgilashda ishtirok etadi.
Hisobotlar muntazam eshitiladi
Maslahatchining faoliyati boʻyicha hisobotlari Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan yiliga kamida bir marta, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining yigʻilishlarida esa har chorakda muntazam eshitib boriladi. Buning natijasi boʻyicha tegishli choralar koʻriladi.
Shu bilan birga, maslahatchilarning faoliyatini tashkil etish, ularni tanlab olish, malakasini oshirish va faoliyatini baholash tartibi ham belgilangan.
Qarorda davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun masʼul shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi qayd etilgan.
Hujjat 2026-yil 7-avgustda qabul qilingan.