Davlatimiz rahbariga Oʻmon Sultonligi Bosh vaziri oʻrinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said hamrohlik qildi.
“Made in Uzbekistan” nomi bilan tashkil etilgan koʻrgazmada mamlakatimiz togʻ-kon va metallurgiya, elektrotexnika va elektronika, energetika, transport, logistika va aviatsiya, qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida erishilgan natijalar, tayyor mahsulotlar hamda Yangi Toshkent shahrini barpo etish rejalari namoyish qilindi.
Ikki mamlakat yirik kompaniyalari vakillari qoʻshma loyihalarini taqdimot qilib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan axborot berdi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston va Oʻmonning yetakchi korxonalari kooperatsiyasini, oʻzaro tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.