Buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur öz tuzuklarida saltanat işlarida kengaş, maşvaratu maslahatga amal qilgani, şu asosda davlatni boşqarganini alohida qayd etgan. “Kengaşli töy tarqamas”, “Bir qöldan sado çiqmas” kabi purmaʼno maqollarimiz azaldan milliy merosimizda zamonaviy vakillik demokratiyasining ildizlari mujassam bölganini namoyon etadi.
Mutafakkirlar bejiz demokratiyaning eng yaxşi maktabi va uning muvaffaqiyatining eng yaxşi kafolati mahalliy kengaşlar amaliyotidir deb aytmagan.
Şu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan 2026-yil 12-noyabr kuni imzolangan “Mahalliy davlat hokimiyati töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi qonuniga özgartiriş va qöşimçalar kiritiş haqida”gi qonun hamda 16-noyabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati kafolatlarini kuçaytirişga oid qöşimça çora-tadbirlar töğrisida”gi farmon mahalliy darajada xalq hokimiyatçiligini tölaqonli röyobga çiqariş, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etişda xalq deputatlari mahalliy kengaşlari rolini yanada oşirişga zamin yaratadi.
Prezidentimizning 2025-yil 23-iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Özbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantiriş konsepsiyasini amalga oşiriş maqsadida işlab çiqilgan uşbu hujjatlar nafaqat normativ-huquqiy bazani takomillaştiriş, balki mahalliy özini özi boşqariş institutining konstitutsiyaviy-demokratik mohiyatini çuqurlaştiriş, vakillik va ijro hokimiyati örtasidagi muvozanatni mustahkamlaş hamda fuqarolarning haqiqiy iştirokini taʼminlaş yölidagi muhim institutsional qadamdir.
Zero, uşbu qonunning eng asosiy maqsadi xalq vakillik organi faoliyatida demokratik prinsiplarni mustahkamlaş, deputatlarning aholi muammolariga tezkor munosabat bildiriş mexanizmlarini yölga qöyiş, kengaş işini samarali taşkil qiliş hisoblanadi.
Sessiya kun tartibidagi muhim yangilik
Bugungi kunga qadar mahalliy kengaş sessiyasini çaqiriş, kengaş sessiyasi kun tartibi loyihasini şakllantiriş, doimiy komissiyalar işini muvofiqlaştirib boriş kabi masalalar birgina kengaş raisi zimmasidagi vakolat bölib, demokratik organ faoliyatini taşkil qiliş masalalari bir kişiga boğlanib qolgan edi.
Endi uşbu holat bartaraf etilib, kengaşlar faoliyatini samarali taşkil etiş maqsadida barça kengaşlarda “kengaş rayosati” instituti joriy etildi. Uşbu rayosatga kengaş raisi, hokim, kengaş raisi örinbosari, partiya guruhi rahbarlari, doimiy komissiyalar raislari kirişi belgilandi.
Aksariyat tuman kengaşlari 20-25 deputatdan taşkil topganini inobatga olsak, endi mahalliy kengaş sessiyasini çaqiriş, kengaş sessiyasi kun tartibi loyihasini şakllantiriş, doimiy komissiyalar işini muvofiqlaştirib boriş bir şaxs tomonidan emas, balki 13 nafargaça şaxsdan iborat jamoa tomonidan amalga oşirilişi belgilandi. Boşqaça aytganda, kengaş faoliyatini taşkil qilişda demokratik prinsiplar yanada mustahkamlandi.
Baʼzi viloyat kengaşlari aholi soniga qarab, 40 nafardan 60 nafargaça deputatdan iborat. Xuddi tuman va şaharda bölgani kabi endi viloyat kengaşi taşkiliy işlarini 15 nafargaça şaxsdan iborat jamoa hal qiladi.
Bunda eng muhim demokratik jihat şundaki, endi barça partiya guruhlari kengaş sessiyasi kun tartibini şakllantirişga taʼsir ötkaza oliş imkoniyatiga ega bölmoqda. Yaʼni kengaş rayosatiga kirmoqda. Bu — vakillik demokratiyasining klassik talabi: kun tartibi yakka şaxs emas, balki siyosiy kuçlarning özaro muvozanati asosida şakllanişi lozim. Bu esa nafaqat samaradorlikni oşiradi, balki siyosiy plyuralizmni ham mustahkamlaydi.
Hokimning rayosatga kiritilişi ijro va vakillik organlari örtasidagi hamkorlikning yangi şaklini yaratadi. Ularning kengaş rayosatiga kirişi mahalliy ijro etuvçi va vakillik organlari faoliyatini özaro bahamjihat taşkil qiliş, hududda aholining eng zarur ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini kengaş vakolatlari orqali tezkor taʼminlaş, hokimlik faoliyati uçun zarur hujjatlarni kelişilgan holda hal qiliş imkoniyatini beradi. Bu mahalliy darajada hokimiyatlar bölinişi prinsipi tölaqonli amal qilişi uçun zarur bölgan muloqot maydonini şakllantiradi.
“Kengaş soati” instituti
Bugungi kunda qonunçiligimizda mahalliy kengaşlarning 250 dan ortiq vakolati qayd etilgan. Ularning aksariyati u yoki bu hujjatni tasdiqlaş, hisobot va axborotlarni davriy eşitiş bilan boğliq vakolatlardir.
Uşbu vakolatlar hudud uçun muhimligini inkor etmagan holda aytiş joizki, köp hollarda mahalliy kengaşlarning 5600 dan ortiq deputati öz okruglarida çiqqanida yoki hududiy ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganida aholi tomonidan şoşilinç hal qilinişi zarur masalalar böladi. Deputatlar bu masalalarni kengaş muhokamasiga kiritmoqçi bölganida esa ayrim hollarda kun tartibida masalalar köpayib ketgani sababli ortga surilar, bu vaqtda esa masalaning dolzarbligi yöqolib qolayotgan holatlar ham mavjud edi.
Endi qonunçilikka “kengaş soati” instituti kiritilib, yuqoridagi böşliq töldirildi. Unga köra, xalq deputatlari kengaşi tegişli hududdagi ijro etuvçi hokimiyat rahbarlarining kengaş deputatlari savollariga javoblarini eşitadi.
“Kengaş soati”ni ötkaziş töğrisidagi taklif kengaşning deputatlari, doimiy komissiyalar, partiya guruhlari taşabbusi asosida kengaş rayosatida körib çiqiladi. “Kengaş soati” taşabbuskorlari tomonidan kengaş deputatlarining tegişli hududdagi ijro etuvçi hokimiyat rahbarlariga beriş uçun şakllantirilgan savollari kengaş raisi tomonidan öz egalariga yuboriladi. Masʼul rahbarlar bu savollarga kengaş sessiyasida javob beradi.
Xulosa qilib aytganda, “kengaş soati” instituti parlamentdagi “hukumat soati”ning mahalliy darajadagi muvaffaqiyatli adaptatsiyasidir. “Kengaş soati” aholi muammolarini tezkor kötariş va ijro hokimiyati rahbarlaridan bevosita javob oliş mexanizmini yaratdi. Bu vakillik nazoratining “tirik” va tezkor şaklidir.
Siyosiy va maʼmuriy vazifalar ajratilmoqda
Xalq deputatlari mahalliy kengaşi raisi örinbosari instituti joriy etilib, bu vazifani bajariş kengaş kotibiyati mudiriga yuklatilmoqda.
Bugungi kunda 221 ta kengaş kotibiyati mudiri lavozimi mavjud, uşbu vazifani kengaş raisi tomonidan tayinlangan deputatlar bajarib kelayotgan edi. Endi kotibiyat mudirining maqomi kengaş raisi örinbosari maqomiga oşayotgani sababli uni lavozimga qöyiş va ozod qiliş masalasi avvalgi “tayinlaş” tartibidan demokratik tartibga — saylaş tartibiga ötkazilmoqda.
Bunda kengaş raisi qanday saylansa, rais örinbosari ham aynan şunday saylanişi közda tutildi, yaʼni deputatlar orasidan xalq deputatlari kengaşiga saylovda iştirok etgan har bir siyosiy partiya deputatlaridan iborat siyosiy partiyalar vakillari guruhi taşkil etilib, nomzodni aynan uşbu guruh tavsiyasi asosida deputatlarning köpçilik ovozi bilan saylaydi.
Siyosiy va maʼmuriy vazifalar ajratilişi ham muhim institutsional yutuqdir. Kengaş raisi örinbosari instituti joriy etilişi va bu vazifa kotibiyat mudiriga yuklatilişi kengaş raisini maʼmuriy-texnik yukdan ozod qiladi. Avval kengaş raisi ham siyosiy, ham kengaşning joriy işi, kotibiyat faoliyatini taşkil qilişga oid maʼmuriy-texnik masalalar bilan şuğullanişiga töğri kelgan bölsa, endi bu vazifalar kengaş raisi örinbosariga yuklatilib, unga kotibiyat xodimlarini lavozimga tayinlaş va lavozimidan ozod qiliş vakolati berilmoqda. Bu kengaş raisi öz faoliyatini köproq hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlaniş dasturlari ustidan kengaş nazoratini taşkil qilişdek strategik masalalarga qaratişiga, xalq deputatlari kengaşi doimiy komissiyalari işini muvofiqlaştirişiga, kengaş va komissiyalar iş rejalari öz vaqtida va sifatli bajarilişiga, fuqarolar murojaatlarini körib çiqişga köproq eʼtibor qaratişiga imkon yaratadi.
Kengaş raisi yöqligida uning vazifalarini kengaş raisi örinbosari bajarişi belgilandi. Kengaş raisi örinbosari instituti joriy etilişi amaliyotda köp hollarda uçrab turgan — kengaş raislari u yoki bu sabablar tufayli sessiyaga kela olmaydigan hollarda sessiyani boşqarişni professional asosda faoliyat yurituvçi masʼuliyatli mansabdor şaxsga berilişi imkoniyatini yaratadi.
Qonun bilan kotibiyat mudiri bir vaqtning özida kengaş raisi örinbosari bölayotgani sababli uning siyosiy jihatdan betarafligini taʼminlaş maqsadida siyosiy partiyaga aʼzolikni töxtatib turişi belgilandi.
Umuman olganda, qonun kengaşlar faoliyati samaradorligini oşiriş, vakillik nazoratining yangi şakllarini joriy etiş, hokimiyatlar bölinişi prinsipini tölaqonli röyobga çiqarişga xizmat qiladi.
Farmonga töxtaladigan bölsak, hujjatning asosiy maqsadlari mahalliy ijro etuvçi hokimiyat organlari rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy kengaşlarida hisobot (axborot)larini eşitiş tizimini takomillaştiriş, mahalliy kengaşlar deputatlari maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kengaytiriş, mahalliy kengaş qarorlarini qabul qiliş jarayonlarida oçiqlik va şaffoflikni taʼminlaş hisoblanadi.
Axborotlarni eşitişda takrorlaniş bölmaydi
Farmonda şu vaqtgaça qonunçilik hujjatlarida belgilangan, mahalliy kengaşlar sessiyalarida eşitiladigan hisobot (axborot)lar ahamiyati, dolzarbligi nuqtai nazaridan takomillaştirilib, 24 turdagi hisobotni 13 turdagisi sessiyalarda, 11 turdagisi esa doimiy komissiyalar darajasidagina eşitilişi belgilab qöyildi.
Yaʼni endi barça hisobotlar ham sessiyada eşitilavermaydi. Lekin agar deputatlar zarur deb topsa, doimiy komissiya darajasida eşitiladigan masalalar ham sessiyaga olib çiqilişi mumkin.
Qonunçilikda mahalliy kengaşlar eşitadigan juda köplab hisobotlar belgilangan bölsa-da, ularning yilning aynan qaysi davrida eşitilişi qayd qilinmagan. Şuning uçun hisobotlar u yoki bu oyda ustma-ust köpayib ketayotgan holatlar mavjud edi. Endilikda farmon bilan uşbu böşliq töldirilmoqda.
Qonunçilikda ayni bir mansabdor şaxslar tomonidan beriladigan öxşaş 20 ta hisobot tizimlaştirilib, 6 taga tuşirilmoqda. Masalan, suv xöjaligi böyiça 4 ta hujjat ijrosi böyiça hisobot tizimlaştirilib, bitta hisobotga ötkazilmoqda. Bu byurokratik yukni kamaytiriş va haqiqiy nazoratga eʼtiborni kuçaytirişga imkon beradi.
Şuningdek, farmon bilan öz ahamiyatini yöqotgani munosabati bilan mahalliy kengaşlarning 20 dan ortiq vakolati tugatilmoqda.
Viloyat va tuman darajasida aniqlaştirilayotgan vakolatlar
Mahalliy kengaşlarning 15 turdagi vakolati tabaqalaştirilyapti. Yaʼni şu vaqtga qadar umumiy tarzda mahalliy kengaşlarniki deb belgilangan vakolatlar hududiy miqyosda aniqlaştirilib, ularning 4 tasi tuman miqyosiga nomarkazlaştirilmoqda.
Vakolatlarning viloyat va tuman darajasida aniqlaştirilişi, ayrim vakolatlar tuman miqyosiga nomarkazlaştirilişi subsidiyarlik prinsipiga mos keladi: qarorlar aholiga eng yaqin darajada qabul qilinişi lozim.
Mahalliy rahbarlarning kengaşga şaxsan hisobot berişi, sessiyada şaxsan iştirok etişi şartligi ham mustahkamlanmoqda.
Örganişlar körsatmoqdaki, ayrim hollarda mahalliy ijro etuvçi hokimiyat rahbarlari hisobotlariga şaxsan özi kelmasdan, örinbosarlari yoki mutaxassis darajasidagi şaxslarni yuborayotgan holatlar uçramoqda.
Bunday holatlarning oldini oliş maqsadida mahalliy ijro etuvçi hokimiyat organlari rahbarlari öz hisoboti (axboroti)ni belgilangan muddatda mahalliy kengaşga şaxsan taqdim etişi va öz faoliyatiga taalluqli masalalar körib çiqilayotganda mahalliy kengaş sessiyalarida şaxsan iştirok etişi şartligi belgilab qöyilmoqda. Bu masʼuliyat va hurmat prinsiplarining amaliy ifodasidir.
Yana bir muhim yangilik — har çorakda sessiyada saylovçilar muammolari böyiça savollarga hududiy rahbarlarning javob beriş vaqti belgilanayotgani bilan boğliq.
Deputatlar qonunçilik böyiça har oyda bir marta saylovçilar bilan uçraşib, ularning muammolarini hudud rahbarlariga şu vaqtgaça faqatgina deputat sörovi orqaligina yetkaziş imkoniyatiga ega bölar, sörovlarning aksariyatiga javob esa “kelgusi rejalarda körib çiqamiz” qabilida kelayotgan edi.
Endi jahon tajribasidan kelib çiqib, har çorakda bir marta mahalliy kengaşlar sessiyalarida kun tartibidagi birinçi masala sifatida, qoida tariqasida, hokim va uning örinbosarlari, tegişli hududdagi boşqa mansabdor şaxslar bilan mahalliy kengaş deputatlari tomonidan aholi ehtiyojlaridan kelib çiqib, saylov okruglaridagi muammolar yuzasidan muhokama ötkazilişi belgilanmoqda.
Saylovçilar muammolari har çorakda sessiyaning birinçi masalasi sifatida muhokama etilişi deputatlarning “hujjatlar va ijro”dan “aholi muammolari va tezkor javob”ga ötişini taʼminlaydi.
Kafolatlar kölami
Joylarda aholi muammolarining aksariyati mablağ talab qiladigan masalalardir. Mana şunday bir şaroitda deputatlar öz okrugidagi muammoni hal qilişning moliyaviy-iqtisodiy resurslariga ega emasdi. Natijada ayrim deputatlarda okrugiga çiqişga nisbatan sovuqqonlik hissi şakllangani ham bor gap.
Endi bunga yeçim topilmoqda. Mahalliy byudjet loyihasini şakllantirişda hududlar toifasidan kelib çiqqan holda, mahalliy byudjet xarajatlarining uç foizidan beş foizigaça qismini bevosita mahalliy kengaşlar deputatlari taşabbusi asosida yönaltiriş tartibi joriy etilmoqda. Bu esa deputatning okrugidagi muammolarni hal qilişdagi real imkoniyatini oşiradi.
Deputatlik vazifalarini bajarişga iş beruvçilar tomonidan tösqinlik qiliş holatlariga javobgarlik kuçaytirilmoqda.
Deputatlar örtasida ötkazilgan ijtimoiy sörovnomada ayrim deputatlar sessiyaga kelişi, okrugga borişi kabi masalalarda özlari işlayotgan taşkilot rahbarlari tomonidan tösqinlikka uçrayotganini qayd etgan. Bunga çek qöyiş maqsadida farmonda Kambağallikni qisqartiriş va bandlik vazirligi doimiy ravişda mulkçilik şakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barça taşkilotlarga öz xodimi bölgan va belgilangan tartibda saylangan mahalliy kengaş deputatlarining deputatlik vazifalarini bajarişiga, şu jumladan, mahalliy kengaş sessiyasi, uning doimiy komissiyalari, partiya guruhlari majlislarida iştirok etişi, saylovçilar bilan uçraşuvlar, fuqarolar qabullarini ötkazişiga tösqinlik qilişga yöl qöyilmasligi böyiça körsatmalar berib borişiga oid topşiriqlar berilmoqda.
Şuningdek, prokuratura organlari xodimning deputatlik vazifalarini bajarişiga tösqinlik qilingan yoki uşbu vazifalarni bajarayotganda xodimni uning iş joyini (lavozimi) va örtaça oylik iş haqini saqlagan holda işdan ozod etilmagan yoki bunga tösqinlik qilingan holatlarni qatʼiy nazoratga olişi va aybdor mansabdor şaxslarni qonunçilik tartibida javobgarlikka tortiş çoralarini körişi belgilanmoqda.
Farmon bilan Oliy Majlis Senati va Adliya vazirligining mahalliy kengaş deputatining tegişli viloyat, tuman va şahar hududida joylaşgan korxonalar, muassasalar hamda taşkilotlarga moneliksiz kiriş huquqi uning darajasidan (viloyat, tuman, şahar) kelib çiqib amal qilişini belgilaş, mahalliy kengaşlarga ularning qarorlarida belgilangan vazifalarni öz vaqtida bajarmagan yoki belgilangan tartibda hisobot (axborot) taqdim etmagan mansabdor şaxslarning egallab turgan lavozimiga noloyiqligi yoxud ularni intizomiy javobgarlikka tortiş böyiça yuqori turuvçi organga körib çiqilişi majburiy bölgan taqdimnoma kiritiş vakolatini beriş böyiça takliflariga rozilik berildi.
Rasmiylikdan haqiqiy vakillikka
Hududlarda hokimlik yuristlari kengaş hujjatlari loyihalarini körmayotgani, yurist ştati faqat viloyatlar va Toşkent şahri kengaşlari kotibiyatlaridagina mavjudligi bois, uşbu böşliq töldirilib, tumanlarda ham kengaş hujjatlarining huquqiy ekspertizasi taʼminlanmoqda. Farmon bilan 2026-yil 1-dekabrdan boşlab xalq deputatlari tuman (şahar) kengaşlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar loyihalari yuridik xizmat körsatiş markazlari tomonidan huquqiy ekspertizadan ötkazilişi belgilandi.
Mahalliy kengaş qarorlarini qabul qiliş jarayonlarining oçiqligi va şaffofligini taʼminlaş maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boşlab fuqarolarning mahalliy kengaşlar sessiyasida kuzatuvçi sifatida, sessiya işiga aralaşiş huquqisiz iştirok etişi mumkin bölmoqda.
Xulosa qilib aytganda, hujjatlar mahalliy kengaşlar işini taşkil qilişda jamoaviylikni kuçaytiriş, aholi muammolariga tezkor munosabat bildiriş, sifatli hisobdorlikni taʼminlaş, deputatlarning aholi muammolarini hal qilişda moliyaviy imkoniyatlarini yaratiş, oçiqlik va qonuniylikni mustahkamlaşga xizmat qiladi. Bu mahalliy kengaşlarni “rasmiy organ”dan “haqiqiy vakillik va nazorat instituti”ga aylantiriş yölidagi muhim qadamdir. Ular demokratik prinsiplarni mustahkamlaydi, hokimiyatlar bölinişini çuqurlaştiradi, deputatlarning aholi oldidagi masʼuliyatini oşiradi va fuqarolarning iştirokini kengaytiradi.
Bu islohotlar yangi Özbekistonning mahalliy darajadagi demokratiyasini xalqaro standartlarga yaqinlaştiradi va xalq hokimiyatçiligining haqiqiy mazmunini töldiradi. Endilikda asosiy vazifa qabul qilingan normalarni amaliyotga tölaqonli joriy etiş, deputatlar va ijro organlarining sifatli hamkorligini taʼminlaş hamda aholining işonçini yanada mustahkamlaşdan iborat.
Sakinaxon SAID ĞOZIYEVA,
Xalq deputatlari Toşkent
şahar kengaşi deputati