Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi, muqaddam sudlangan D.A. fuqaro F.M.ning ishlab chiqarish tsexini elektr tarmog‘iga ulash, elektr hisoblagich o‘rnatish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 100 million so‘m olgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlandi.
Andijon viloyatining Asaka tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa Asaka tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimi, muqaddam sudlangan S.X. “M.M.” MChJ rahbarining ishonchiga kirib, uning sutni qayta ishlash tsexini elektr tarmog‘iga ulab berish va hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da qilib, 11,7 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani aniqlandi. Tekshiruv jarayonida ushbu mablag‘ning 2 million so‘mi qaytarildi.
Namangan viloyatidagi tezkor tadbirda Namangan tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi B.U. fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani uchun hisoblangan 62,4 million so‘mlik zararni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali kamaytirib berishni va’da qilib, 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Energosavdo» Qo‘rg‘ontepa bo‘limi muhandisi I.Q. va boshqalar fuqaroning xonadonida aniqlangan qoida buzarlik bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 3 million so‘m talab qilgani ma’lum bo‘ldi. Ular muqaddam 1,6 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan bo‘lib, qolgan 1,4 million so‘mni qabul qilib olayotgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.