Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktabrdan boshlab elektrotexnika sanoati korxonalari uchun:

aylanma mablag‘lar bilan ta’minlashga tijorat banklari orqali quyidagi shartlarda kreditlar ajratiladi:

  • “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) mablag‘lari hisobidan 2 yil muddatgacha 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz (shundan 2 foiz bank marjasi) stavkada bitta tadbirkor uchun ko‘pi bilan 5 mln AQSH dollari miqdorida;
  • kreditning 50 foiziga, biroq 20 mliard so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdorda “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ hisobidan kafillik, qolgan qismiga – korxona tomonidan likvidli mol-mulk, Sug'urta polysi, eksport shartnomasi (kelgusidagi pul tushumlariga talab huquqi asosida) va/yoki boshqa turdagi ta’minot taqdim etiladi;

birja savdolari orqali mis xomashyosini xarid qilishda hisob-kitob qilishni quyidagi tartibi joriy qilinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 oktabrdagi PQ–304-son qarorining 6-bandiga muvofiq ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagan qismi hisobidan Kompaniya tomonidan “O‘zsanoateksport” AJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 40 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi;
  • birja savdolarida mis xomashyosi xarid qilishda 25 foiz to‘lov korxona tomonidan, qolgan 75 foiz to‘lov “O‘zsanoateksport” AJ tomonidan 3 kun ichida amalga oshiriladi. Bunda bitta tadbirkorlik subyektining “O‘zsanoateksport” AJ oldidagi qarzdorligi 3 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • korxonalar tomonidan “O‘zsanoateksport” AJ oldidagi majburiyatini ta’minlash uchun sug‘urta polisy taqdim etiladi;
  • “O‘zsanoateksport” AJ tomonidan amalga oshirilgan 75 foiz miqdoridagi to‘lov korxonalar tomonidan 90 kun ichida qaytariladi. Bunda kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan har bir kun uchun yillik 6 foiz stavkada foiz hisoblanadi.