Qizigʻi, fuqaro uy xarid qilishdan
oldin obyektning kadastr hujjatini koʻrgan boʻladi. Gap shundaki, amalda,
avvalo, umumiy obyekt uchun kadastr pasporti shakllantirilgan. Undan soʻng
obyektni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va boshqa talablar tekshirilgani bois,
koʻp qavatli uy qurib bitkazilganidan keyin ham foydalanishga topishirishni rad
etish holatlari koʻp kuzatilgan. Yaʼni uyning kadastr hujjati bor, ammo hali
davlat roʻyxatidan oʻtmagan. Odamlar esa ana shu kadastrga ishonib, uy xarid
qilgan. Bordi-yu obyektda noqonuniy qurilish amalga oshirilgan boʻlsa, umuman
roʻyxatdan oʻtmasligi ham mumkin. Bundan esa tadbirkor ham, fuqarolar ham zarar
koʻradi. Ayni kunga qadar minglab yurtdoshlarimiz kadastr hujjatini ololmay,
sarson boʻlib yurgani boisi shunda.
Bunday holatlarga chek qoʻyish,
qolaversa, koʻp qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini toʻliq
raqamlashtirish maqsadida Prezidentimizning tegishli farmoni bilan yangi tizim
ishlab chiqilib, 2026-yil 1-iyundan boshlab amaliyotga joriy etildi. Unga
koʻra, koʻp kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish, kadastr
pasportlarini rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlari
UZKAD axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Endilikda koʻp kvartirali uylar uchun kadastr hujjati foydalanishga qabul
qilish ruxsatnomasi berilganidan keyingina rasmiylashtiriladi. Bu keyinchalik
xonadon sotib olgan kishilarga kadastrlarini shakllantirishda ham muammo
boʻlmaydi degani. Foydalanishga topshirish talablariga toʻliq javob bermagan,
xususan, yer uchastkasi davlat roʻyxatidan oʻtmagan obyektlar esa kadastr
ololmaydi. Bu odamlarning aldanib qolish ehtimolini kamaytirib, mulkiy
huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.
— Bu tizimga ehtiyoj tobora ortib borayotgandi, — deydi Davlat kadastrlari
palatasi raisi Mohir Valiyev. — Chunki keyingi yillarda koʻp kvartirali uylarni
qurish koʻrsatkichlari bir necha barobar ortib, sohada tadbirkorlar sezilarli
koʻpaydi. Afsuski, ularning hammasi ham qonun doirasida ish koʻrmaydi, natijada
ayni yoʻnalishda koʻplab fuqarolar aldanib qolayotgani sir emas. Oʻtgan yili
yurtimiz boʻylab barcha hududda noqonuniy qurilishlar boʻyicha guruhlar
tuzilib, oʻrganishlar qilindi. Jarayonda qurilishga ruxsat olmasdan turib,
fuqarolarga uy sotilgani va odamlar yashab kelayotgani, noqonuniy tarzda
qoʻshimcha qavatlar qurilgan koʻplab holatlar aniqlandi. Birgina misol, Namangan viloyatida
100 ta xonadonli 2 ta koʻp qavatli uy qurilgan va u yerda 250 ta oila
yashayapti. Lekin obyekt hali foydalanishga qabul qilinmagan, odamlarning
kadastr hujjati yoʻq. Yaʼni ular bu uylarda roʻyxatdan oʻtmasdan yashab
kelyapti. Bunday misollar koʻp va ularning yechimi sifatida soha raqamlashtirib
borilyapti. Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan
taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini
samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan shaffof va
soddalashtirilgan yangi axborot tizimi ishga tushirildi. Shu asosda “Koʻp
kvartirali uy” yagona reestri ham ishlab chiqildi. Unda har bir obyektning
maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, bitta axborot tizimiga kiritiladi.
Tartibi qanday?
Demak, endi koʻp kvartirali uylarni
foydalanishga qabul qilish toʻliq raqamli tizim orqali soddalashtirilgan tarzda
amalga oshiriladi. Jarayon besh bosqichdan iborat. Dastlab qurilish ishlarini
yakunlagan quruvchilarning arizalari my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari
markazlari orqali qabul qilinadi va avtomatik ravishda UZKAD tizimiga
yuboriladi. Yangi tartibga koʻra, koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi
avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlishi shart. Bu talab qurilish va
mulkni rasmiylashtirish jarayonlarining qonuniyligini taʼminlashga xizmat
qilishi aytilmoqda.
Arizaga ilova qilinadigan boshqa
hujjatlar ham toʻliq boʻlishi kerak. Aks holda, ariza rad etiladi. Shuningdek,
tasdiqlangan loyiha hujjatlaridan chetga chiqilgan, qoʻshimcha qavatlar yoki
kvartiralar qurilgan, umumiy mulklar koʻrsatilmagan hamda yer uchastkasi
chegarasidan tashqarida qurilmalar mavjud boʻlgan holatlar ham ariza rad
etilishiga sabab boʻladi. Avvallari arizani rad etish holatlari kadastr
hujjatlari shakllantirilganidan keyin boʻlgan. Endi ana shu jarayon
ketma-ketligi oʻzgartirilib, kadastr pasporti berishdan oldingi holatga oʻtkazildi.
Yaʼni koʻp qavatli uy foydalanishga topshirish talablariga toʻla javob
bermasa, unga kadastr hujjati rasmiylashtirilmaydi. Ammo arizaning rad etilishi
obyekt mutlaqo foydalanishga yaroqsiz ekanini anglatmaydi. Quruvchi
kamchiliklarni toʻgʻrilab, qayta ariza topshirishi mumkin.
Ariza qabul qilinganidan soʻng
keyingi bosqich — UZKAD tizimida raqamli inventarizatsiya amalga oshiriladi.
Bunda kadastr muhandislari obyektga chiqib, yer maydoni, turar va noturar
bloklar, kvartiralar hamda umumiy foydalanish joylari boʻyicha oʻlchash
ishlarini bajaradi. Binolarning chizmalari elektron xaritada aks ettiriladi va
barcha maʼlumotlar yagona reestrga kiritiladi. Eʼtiborlisi, ushbu jarayonda ham
ariza rad etilishi mumkin. Yaʼni loyiha hujjatlaridan tashqari qurilmalar
boʻlgan hollarda jarayon toʻxtatilib, ariza rad etiladi.
Texnik inventarizatsiya toʻliq
oʻtkazilganidan keyingina koʻp kvartirali uy uchun yagona kadastr pasporti
shakllantiriladi. Bu jarayonning uchinchi bosqichi boʻlib, unda uy tarkibidagi
barcha bloklar, kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulklar haqidagi
maʼlumotlar jamlanadi. Mutaxassislarning tushuntirishicha, hozir ushbu jarayon
ham ancha soddalashtirilgan.
— Eski tartibda kvartiralar, noturar
joylar va umumiy mulk obyektlari alohida hisobga olinib, har bir obyekt uchun
alohida kadastr pasporti, kadastr raqami berilar edi, — deydi Mohir Valiyev. —
Endi bitta bino tarkibidagi obyekt turlaridan qatʼi nazar, xususan,
kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulklar bir vaqtning oʻzida rasmiylashtirilib,
yagona kadastr pasporti shakllantiriladi. Umumiy obyekt toʻgʻrisidagi barcha
maʼlumotlar bitta hujjatda jamlanadi. Bu odamlar uchun ham qulay, bir nechta
hujjatni koʻzdan kechirishiga toʻgʻri kelmaydi, barcha parametrlar bilan bitta
kadastr pasporti orqali tanishadi.
Jarayonning toʻrtinchi bosqichida
hujjatlar elektron tarzda Qurilish nazorati inspeksiyasiga yuboriladi.
Inspeksiya tomonidan obyektni foydalanishga qabul qilish ruxsatnomasi
berilgach, endi har bir kvartira, noturar joy va umumiy mulk obyekti uchun
kadastr pasporti shakllantirilib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Yaʼni koʻp
kvartirali uy barcha talablarga javob berib, foydalanishga qabul qilinganidan
keyin oʻz-oʻzidan undagi xonadonlarga kadastr hujjati beriladi va odamlarni bu
masala ortiqcha bezovta qilmaydi. Qolaversa, yangi tizim ishga tushishi
natijasida maʼlumotlarning turli platformalarda alohida yuritilishi, ortiqcha
qogʻozbozlik va inson omili bilan bogʻliq nomutanosibliklar bartaraf etiladi.
Barcha maʼlumotlar
yagona tizimda
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish
jarayonida obyektning har bir qismi hisobga olinadi. Hatto endilikda koʻp
qavatli uylardagi umumiy foydalanishdagi joylar, xususan, kirish yoʻlaklari,
liftlar ham uy-joy mulkdorlariga davlat roʻyxatidan oʻtkazib beriladi. Avvalgi
tartibda ularning huquqiy egasi belgilanmagan. Umumiy mulk uchun kadastr
pasporti shakllantirilmagan. Natijada ularning hisobi ham yuritilmagan.
— Bu omil maʼlumotlarni yigʻish va
rasmiylashtirishda ayrim noaniqliklarni yuzaga keltirib chiqarayotgandi, —
deydi M.Valiyev. — Chunki eski tizimda umumiy mulkdagi joylar nazarda
tutilmagan, ularni kimga rasmiylashtirish boʻyicha aniq mexanizm qilinmagan.
Yangi tizimdagi yangiliklardan biri esa ayni shu jihat bilan bogʻliq. Endi koʻp
kvartirali uylardagi har kvadrat metr joyning aniq egasi, hisobi boʻladi.
Sohada toʻliq raqamlashtirishga oʻtib borilayotganining boisi ham shunda.
Koʻp kvartirali uy va uning
tarkibidagi barcha obyektlar yagona tizimda toʻliq hisobga olinadi. Turar va
noturar joylardan tortib, umumiy mulk va avtoturargohlarning barchasi haqidagi
maʼlumotlar bitta markazlashgan baza — UZKAD axborot tizimi orqali yuritiladi.
Aniq maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi tizimdagi ochiqlik va
qonuniylikni taʼminlash, fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoyalashga xizmat
qiladi.
Yangi tizimni joriy etishdan
koʻzlangan asosiy maqsad ham shu — yurtdoshlarimizning uy-joy xarid qilishda
aldanib qolmasliklari, qonuniy huquqlari kafolatlanishi, oʻz uylariga ega
chiqish uchun yillab sarson boʻlmasliklari kerak. Muammo kadastr yoki
qurilishda boʻlishidan qatʼi nazar, bu odamlar huquqlari va tinchligiga daxl
qilmasligi zarur. Yangi tizim ayni jihatga xizmat qiladi.
Endi koʻp qavatli kvartiralar
quruvchilariga kadastr hujjatlarini olish oson boʻlmaydi. Bu baʼzi
tadbirkorlarga yoqmasligi mumkin. Ammo halol ishlaydigan quruvchilar uchun bu
muammo emas, aksincha, shaffof va raqamli tizim anchagina qulaylik tugʻdiradi.
Ularni ortiqcha vaqt va ovoragarchilikdan xalos qiladi.
Shunday qilib, joriy yil 1-iyundan
koʻp qavatli uylarni foydalanishga topshirish boʻyicha arizalarni yangi
tartibda qabul qilish boshlandi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri