Avvalo, fermer xoʻjaliklarining huquqiy maqomini mustahkamlash, yerni sotib olish, foydalanish, mahsulot yetishtirish va sotishda ularga keng imkoniyatlar berilmoqda. Sohaga raqamlashtirish kirib kelmoqda. Paxta va gʻallaga ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi bogʻdorchilik, sabzavotchilik, uzumchilik va issiqxona xoʻjaliklariga aylantirish orqali diversifikatsiya qilinmoqda.
Fermerlar
faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni keskin qisqartirish va mahsulot yetishtiruvchi
subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub
islohotlar natijasida sohada yangi tizim yaratildi.
Jumladan, sohani raqamlashtirish orqali
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ajratishda shaffof mexanizm joriy
etilib, fermerlarga elektron auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati
va ijara huquqini himoya qilish kafolati berildi.
Prezidentimizning
2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash,
yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga
aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan qishloq xoʻjaligiga
moʻljallangan, faqat zaxirada turgan yerlarni hamma uchun ochiq elektron
auksion savdolar orqali erkin sotib olish imkoniyati yaratildi.
Ijara huquqi
kafolati oʻlaroq, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer
uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish
tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Davlatimiz
rahbarining 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli
himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik,
xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab yer uchastkalariga
huquq vujudga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlarni, jumladan, Vazirlar
Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlarini ularning oʻzi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor
shaxslar tomonidan, xususan, prokuror protesti asosida bekor qilish mumkin
emasligi belgilandi.
Farmonga muvofiq, fermer xoʻjaliklarining yer ijara shartnomasi uning
notarial tasdiqlangan rozilik arizasiga asosan tomonlarning kelishuviga koʻra
yoki faqat sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Fermerlar ijara huquqi
kafolatlari Yer kodeksi darajasida mustahkamlanib, yerdan foydalanuvchining oʻz
arizasiga yoki sudning qaroriga asosan ijara huquqi bekor qilinishi tartibi
oʻrnatildi.
Prezidentimizning
2026-yil 24-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan
foydalanishdagi mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan
yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha tajriba-sinov tariqasida boshlangan
yangi tizimning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni
respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish orqali yaxlit tizimni joriy
qilish belgilandi.
Endilikda yerdan
foydalanish ixtisosligi oldindan belgilanib, elektron onlayn auksion savdolarga
chiqarilgan va uzoq davrdan beri sotilmay turgan 117,6 ming gektar yer
uchastkalari yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolarga chiqariladi.
Har bir hududda
yuqori qoʻshilgan qiymatga ega hamda eksportbop qishloq xoʻjaligi
mahsulotlarini yetishtirishga asoslangan, sanoat usulidagi kamida 5 tadan
plantatsiya tashkil etishga qaratilgan loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi.
Farmon bilan
shunday tartib oʻrnatildiki, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha
hududlaridagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari
Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari
unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay
shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan tartibda realizatsiya
qilinadi.
Bunda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar
hokimlarining taklifiga asosan 50 gektardan 500 gektargacha oʻlchamdagi yer
uchastkalarini faqat sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil qilish va
chorvachilik uchun yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turini
belgilagan holda auksion savdolarga chiqarishga yoʻl qoʻyiladi.
Auksion savdolarga chiqariladigan yer
uchastkalarining boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 50
foizi miqdorida belgilanadi, har bir takroriy savdoda sotilmagan lot narxi 10
foizdan bosqichma-bosqich boshlangʻich narxning 10 foizi miqdoriga (yer uchastkasini auksion savdolarga chiqarish
xarajatlaridan kam boʻlmagan miqdoriga) qadar pasaytiriladi.
Yer
uchastkalarini paxtachilik va gʻallachilik ixtisosligi boʻyicha ijaraga olgan
subyektlar jami yer uchastkasining 50 foiz qismiga nisbatan ijara huquqidan
ixtiyoriy ravishda voz kechganda yer uchastkasining oʻzida qoladigan qismi
uchun yangi tizimda belgilangan huquqlar, majburiyatlar va yangidan 49 yilga
ijara huquqiga ega boʻladi.
Qiymati kamida 10
million AQSH dollari ekvivalentida eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan
aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qishloq
xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mahalliy investorlarga 49 yil
muddatga va “Ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish
direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari — direksiyaga 25 yil muddatga
Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga
beriladi.
“Oʻzbekkosmos”
agentligi tomonidan ikkilamchi ijaraga berilgan yer uchastkalarini yangidan
oʻzlashtirish, qayta foydalanishga kiritish va ulardan foydalanish holati
yuzasidan yiliga ikki marta har kalendar yil yakuniga qadar kosmik monitoring
oʻtkaziladi.
Direksiyaga
ijaraga berilgan yer uchastkalari xorijiy va mahalliy investorlarga ikkilamchi
ijaraga berilishi yoki berilmasligidan qatʼi nazar, yer uchastkalari boʻyicha
hisoblangan yer soligʻi toʻligʻicha direksiya tomonidan toʻlanadi.
Yana bir muhim masala. Avvalgi yillarda boʻlib-boʻlib toʻlash asosida
dehqon xoʻjaligi yuritish va yuridik shaxs tashkil etish uchun ijaraga berilgan
barcha turdagi yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini sotib olish boʻyicha
auksion savdolarda shakllangan qiymat hamda eng yaxshi takliflarni tanlab
olish yoʻli bilan aniqlangan loyihalarga toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilgan
yer uchastkalarining baholangan (qoʻllangan koeffitsiyentlarni inobatga olgan
holda) qiymatdagi mablagʻlar tuman (shahar)lar mahalliy byudjetiga auksion
gʻoliblari va ijarachilardan undirilishi taʼminlanadi.
Yangi tizim
asosida ijaraga berilgan yer uchastkalarida sanoat usulida tashkil etiladigan
intensiv bogʻ, tokzor, anorzor, yengil konstruksiyali issiqxona, rezavor
mevalar, gulchilik, koʻchatchilik va sabzavotchilik plantatsiyalari uchun
qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etildi.
Jumladan,
direksiya tomonidan tanlanadigan, sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil
etiladigan yer uchastkalari sugʻorish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi
taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlarining 50
foizi, biroq 1,5 milliard soʻmdan oshmagan qismi direksiya mablagʻlari hamda
yer uchastkalarini ijaraga berishdan va nobudgarchilik toʻlovlaridan mahalliy byudjetlarga
tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi, bunda direksiya buyurtmachi
vazifasini bajarishi mumkin.
Yana bir
yangilik: barcha turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab
chiqaruvchilarga meva-sabzavotlarni zamonaviy qadoqlab shartnoma asosida
realizatsiya qilishda qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismi Savdoga
koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Agrar sohada
toʻlovlar agentligi tomonidan in-vitro usulida yetishtirilgan mevalar turi
boʻyicha sertifikatlangan koʻchat ekib, sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil
etilganda ushbu koʻchatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi qoplab
beriladi.
2026-yil 1-maydan
boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari investorlar, shu
jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, xorijlik yuridik
va jismoniy shaxslarga toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilmaydi.
Chet el
investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, xorijlik yuridik va jismoniy
shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish
boʻyicha auksion savdolarda ishtirok etishi va qayta ijaraga olishiga yoʻl
qoʻyilmaydi.
Tasarrufida
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mavjud boʻlgan yerdan
foydalanuvchilar, ijarachilar va yuridik shaxslarning ulushdorlari tomonidan
ustav fondidagi ulushlarni chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga toʻgʻridan
toʻgʻri yoki bilvosita begonalashtirishga ruxsat berilmaydi.
Xulosa oʻrnida aytganda, yer haqiqiy egasiga beriladi.
Egasini topgan yer esa hech qachon qarovsiz qolmaydi. Fermerda mulkdorlik va
masʼuliyat hissi uygʻonadi. Shu tariqa agrar tarmoqda yangicha dunyoqarash
shakllanib, yangicha ishtiyoq paydo boʻladi. Bu esa bozorlarimiz toʻkinligida,
yuksalayotgan eksport koʻrsatkichlarida namoyon boʻlmoqda.
Zafar MUSTAFOQULOV,
Oʻzbekiston fermerlari kengashi
raisi oʻrinbosari