Jumladan, Qirgʻiz Respublikasi maʼorif vaziri Dogdurkul Kendirbayeva bilan uchrashuvda qirgʻiz tilida taʼlim beriladigan maktablar uchun darsliklar tayyorlash, pedagoglar malakasini oshirish, tajriba almashish hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida qoʻshma dasturlar va talabalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Fransiya Respublikasining bolalar masalalari boʻyicha oliy komissari Sara El-Xayri bilan uchrashuvda esa maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, inklyuziv taʼlimni qoʻllab-quvvatlash, pedagoglar malakasini oshirish hamda bolalar farovonligini taʼminlash sohasida tajriba almashish va qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha inson taraqqiyoti yoʻnalishi mintaqaviy direktori Aparnaa Somanatan bilan muloqotda maktab taʼlimi sifatini oshirish, taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish, pedagoglar salohiyatini mustahkamlash va «Bilim» loyihasini amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlar taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalarni joriy etish va bolalar uchun sifatli taʼlim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.