Eʼtiborlisi, bolakay ushbu natijaga ilk urinishdayoq erishgan. Endi savol: sakkiz yoshli bolaning bunday natijaga erishishiga sabab nima?
Bunda xayolimizga keladigan ilk javob oiladagi muhit va davlatning
taʼlimga eʼtibori boʻlishi aniq. Chunki amalda ham shunday. Yurtimizda taʼlimni
rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, oʻqib-oʻrganishi uchun yaratilayotgan
imkoniyatlar tufayli farzandlarimiz nafaqat mahalliy, balki xorijning eng oldi oliygohlarida
tahsil olmoqda. Sportda, sanʼatda, fan olimpiadalarida yuqori oʻrinlarni egallab,
dunyoni lol qoldirmoqda. Axir imkoniyat boʻlmasa,
shunday natijalarga erishish mumkinmi? Albatta, yoʻq.
Endi muhit haqida.
Muhammadalining onasi uy bekasi, otasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimi
ishchisi. Oddiy oila. Bugun yosh oilalar sarmoyani qayerga sarflash kerakligini,
ilm barcha jumboq kaliti ekanini tushunib yetyapti. Odamlar tafakkuri oʻzgargan.
Bolasiga “oʻqib olim boʻlarmiding”, degan tanbehlar oʻrniga bugun “oʻqi, olim boʻl”,
deguvchilar koʻpaydi.
Bilimsizlik
insoniyat uchun eng qorongʻi tundir degan hikmat bor. Darhaqiqat, ilm insonni
ulugʻlaydi, yuksaklikka koʻtaradi, bilimsizlik esa aksincha, chorasizlikka olib
keladi, tubanlikka yetaklaydi. Ertasini, farzandlari kelajagini oʻylagan
jamiyat ilmga zoʻr beradi. Bu jamiyat esa eʼtibor, qoʻllab-quvvatlov,
gʻamxoʻrlik asosida shakllanadi.
Oʻzbekistonda bu
borada ishlab chiqilayotgan loyihalar, qilinayotgan ishlar, keng koʻlamli
islohotlar samarasiga har jabhada misol koʻp. Yurtimizda yoshlar bilan ishlash
masalasi uzluksizlik kasb etgan. Ushbu yoʻnalishda qabul qilinayotgan qaror,
farmon yoki qonunlardan tashqari navqiron avlod vakillari bilan Prezidentimiz
yilda ikki bor uchrashib, muloqot qilmoqda. 30-iyun — Yoshlar kuni sifatida
keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat yoshlar bayrami, balki mamlakat ravnaqi
uchun gʻoyalar, tashabbuslar, innovatsiyalar maydoni sifatida namoyon boʻladi.
Kecha davlatimiz
rahbariga taqdim qilingan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi
loyihasi navqiron avlod vakillari imkoniyatini yanada kengaytiradi. Chunki
unda belgilangan vazifalar koʻlami juda keng. Maqsad katta. U mamlakatimizda
yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya ekani, yurtimiz
kelajagini barpo etishda yoshlarning oʻrni va salohiyatini toʻlaqonli roʻyobga
chiqarishga qaratilgani alohida eʼtirof etildi.
Bugun yurtimizda
9,5 million, yaʼni jami aholining qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlar.
Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda. Ana shu demografik omil yoshlar
siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda. Strategiya ayni
maqsadda ishlab chiqildi va unda yoshlarga oid barcha jabha qamrab olingan.
Bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlimni
rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish, kasbiy taʼlimni kengaytirish,
yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash kabi ishlar davlat tomonidan koʻrsatiladigan
gʻamxoʻrlik hamda imkoniyatni anglatsa, madaniy, jismoniy va maʼrifiy
rivojlanish, volontyorlik harakatini keng yoyish, salomatlik, shuningdek,
ochiqlik va ishtirok mexanizmlari yigit-qizlarni faollikka chorlaydi.
Albatta, qars ikki
qoʻldan chiqadi. Baraka — harakatda. Strategiya yoshlarga bu borada qoʻl
keladi. Imkoniyat beradi. Masalan, strategiyani 2026-2027-yillarda amalga
oshirish doirasida 7 yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha bajariladi. “Yangi avlod
tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi
nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda
20 ming yoshni oʻqitish, mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3
yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish
rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarning muhandislik tarmoqlariga ulanish
xarajati qisman qoplab beriladi. Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni
sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba
Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkaziladi. Robototexnika assotsiatsiyasining
faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.
Har yili 600 ming
yoshning bandligi taʼminlanadi. 2030-yilga qadar 900 ming yosh volontyorlikka
jalb etiladi.Oʻquv markazlari soni 90 mingtaga yetkaziladi. 450 ming yoshning
xorijiy tillar boʻyicha bilimi B2 darajasiga olib chiqiladi. Yoshlar
jinoyatchiligi kamaytiriladi. Taʼlim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi,
nodavlat taʼlim xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda oʻquv
markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni oʻrganishni
ragʻbatlantirish boʻyicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari
joriy yil 24-fevral kuni Koʻksaroy qarorgohida yoshlar bilan muloqot chogʻida
Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi
tashkil etilishini, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining
12-global konferensiyasi, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishini
aytgan edi. Mazkur tashabbuslar mamlakatimizda yoshlar masalasi dolzarb va
muntazamlik kasb etishi barobarida, tobora rivojlanib, kengayib borayotganini
anglatadi. Qolaversa, bu Oʻzbekiston yoshlariga oʻz salohiyatini yuzaga
chiqarish uchun katta maydondir.
Soʻzimiz avvalida
misol keltirganimiz Muhammadali Yusupov muvaffaqiyati esa mana shu katta
maydonga xos yutuqlardan biri, xolos. Chunki bugun yurtimizda bunga oʻxshash
yutuqqa erishayotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.
Dilshod
ULUGʻMURODOV,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri