Bu Vazirlar Mahkamasining «Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.

Hujjatning asosiy maqsadi — yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish, huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatish, ota-onalarni o‘qitish dasturlari orqali mas’uliyatli tarbiya ko‘nikmalarini shakllantirish hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashdan iborat.

Mazkur punktlarda nikohdan o‘tayotgan yoshlar, turmush qurganiga 5 yil bo‘lmagan yosh oilalar, turli muammolarga duch kelgan oilalar uchun psixologik, huquqiy va tibbiy maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yoshlar uchun:
— giyohvandlikning oldini olish;
— oila iqtisodiyoti va budjetini yuritish;
— reproduktiv salomatlik asoslari;
— oilaviy-huquqiy munosabatlar;
— ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash;
— oilaviy nizolarni zo‘ravonliksiz hal qilish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha treninglar tashkil etiladi.

Qaror doirasida xotin-qizlarga zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha maslahatlar berish, xavfsiz migratsiyaga ko‘maklashish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish ham nazarda tutilgan.

Hujjat bilan Oila va xotin-qizlar bilan ishlash markazlaridagi oilaviy maslahat punktlarining chora-tadbirlar rejasi, markazlar faoliyati samaradorligini baholash uchun KPI ko‘rsatkichlarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qaror Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan bo‘lib, 2026 yil 20 maydan kuchga kirdi.