2026 yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Karl Deysserot, Peter Xegemann va Georg Nagelga optogenetikaning yaratilishiga olib kelgan kashfiyotlari uchun beriladi. Bu haqda Nobel mukofoti rasmiy saytida xabar qilindi.
Ushbu usul olimlarga yorug‘lik yordamida tirik miyadagi ayrim nerv hujayralarining faoliyatini yoqish va o‘chirish imkonini beradi.
Peter Xegemann va Georg Nagel kanalrodopsinni — hujayralarni yorug‘likka sezgir qila oladigan oqsilni kashf etishdi. Olimlar bu xususiyat oqsil qaysi turdagi hujayraga joylashtirilishidan qat’i nazar saqlanib qolishini aniqlashdi.
Karl Deysserot ushbu kashfiyotni asab tizimida qo‘lladi. U kalamushlarning neyronlariga kanalrodopsin genini kiritdi va ko‘k yorug‘lik yordamida neyronlarda nerv impulsini yuzaga keltirish mumkinligini aniqladi. Keyinchalik olim xuddi shu usul orqali tirik sichqonlarning bevosita miyasidagi neyronlar faoliyatini boshqarishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu kashfiyotlar asosida ishlab chiqilgan usul “optogenetika” deb nomlandi. U muayyan nerv hujayralarini yuqori aniqlik bilan boshqarish va ularni faollashtirish yoki faoliyatini susaytirish miya ishiga qanday ta’sir qilishini kuzatish imkonini beradi, deb xabar berdi lenta.ru.
Bugungi kunda optogenetika neyrobiologik tadqiqotlarda keng qo‘llanilmoqda.
2025 yilda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Meri E. Branko, Fred Ramsdell va Simon Sakagutiga immun tizimini o‘z-o‘zini yo‘q qilishdan himoya qiluvchi fundamental mexanizmni kashf etganliklari uchun berilgan edi.