Uchrashuvda yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari koʻrib chiqildi.

London va Toshkent birjalarida Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi aksiyalarining joylashtirilishi mamlakatimiz tarixidagi ilk xalqaro IPO boʻlgani taʼkidlandi. Buning hisobiga qariyb 700 million dollar mablagʻ jalb etildi, talab taklifga nisbatan toʻrt baravardan ziyodga oshdi.

Keyingi bosqichda jamgʻarma portfelidagi kompaniyalarni transformatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish, xizmatlar ishonchliligi va sifatini yaxshilash koʻzda tutilgani qayd etildi. Keyingi aksiyalarni joylashtirish jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlash, ularning boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish hamda kompaniyaning Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.