Ushbu savolimizga Urgutga safarimiz davomida “Tersak” mahallasida yashovchi, turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, o‘z xonadonini mehmon uyiga aylantirgan Qo‘ysin Hasanovdan shunday javob oldik.

— 2007-yillarda mehmon uyimizga Fransiyadan bir nafar sayyoh keldi. Uning tilini yaxshi bilganim uchun ko‘p muloqotda bo‘ldik, yaqindan tanishdik. Mehmonimiz Fransuaz Fresonne Fransiyadagi Tuluza universiteti etnolog-professori ekan. Unga qishlog‘imizning xushmanzara joylari, tog‘-yon bag‘irlaridagi go‘zal manzaralarni, sharsharalarni ko‘satdim. Milliy urf-odat va an’analarimiz haqida gapirib berdim, birgalikda osh va boshqa taomlarimizni pishirdik, iste’mol qildik. Ayni jarayonlar unga juda yoqdi shekilli, yurtiga qaytish chog‘ida ma’lum vaqt o‘tgach mamlakatimizga yana kelishini, o‘zbek tilini o‘rganishini aytdi. Xayrlashdik, ammo o‘sha paytlari uning gaplariga ishonmagandim.

Buni qarangki, oradan 8-9 oycha vaqt o‘tib Fransuaz Fresonne yana Urgutga keldi. O‘zbek tilini o‘rgatishimni so‘radi. Jondildan rozi bo‘ldim. Uch oydan ko‘proq xonadonimizda yurib, oilamiz a’zosidek bo‘lib qoldi, jiddiy kirishib tilimizni yaxshi o‘rganib oldi. U qishlog‘imizni yaxshi ko‘rib qolganidan unga qattiq mehr qo‘ygandi. Fransuzlarda ichki dunyosi shunday insonlar ko‘p uchraydi. F. Fresonne tabiatimizga, toza havomizga havas qilardi. Kun kelib mamlakatiga yo‘l oldi. Telefonlashib turish, bordi-keldi qilishga kelishib oldik.

Ora-orada telefonlashib turdik. Bir-ikki yilcha o‘tib Fransiyadagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i nomini oson bo‘lmasa-da rasman “Tersak” deb o‘zgartirishga erishgani, barcha hujjatlar Fransiya qonunchiligi doirasida amalga oshirilganini aytib qoldi. Bundan bir xursand bo‘lgan bo‘lsam, uning yangi ish joyi — Parij shahridagi Sarbon universitetda o‘zbek tili kafedrasi ochganini eshitib yana quvondim. Buni bir sayyohning xalqimiz va yurtimizga bo‘lgan hurmati va muhabbatining namunasi sifatida xursandchilik bilan qabul qildim.

Ma’lumot uchun, Qo‘ysin Hasanov 1949 yil Urgut tumani “Tersak” mahallasida tug‘ilgan. 1972-yilda Samarqand davlat universiteti, chet tillari fakulteti, fransuz filologiyasi bo‘limini a’lo baholarga tamomlagan. 1993-yili xonadonida mehmon uyi ochgan. Uzoq yillar Urgutdagi 45 va 90 maktablarda fransuz tilidan dars bergan. “Tersak”dagi 116-maktabda 34 yil direktor lavozimida ishlagan va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha o‘quvchilarga saboq bergan. Uning 25 o‘rinli mehmon uyiga har yili o‘rtacha 1200-1300 xorijlik, asosan, Fransiya va Yevropa davlatlaridan turistlar keladi. Joriy yildan ular qatoriga kanadaliklar qo‘shilgan.

X. Salimov,

“Yuz.uz” muxbiri