Madaniy meros agentligining xabar berishicha, qarorga asosan, Andijon viloyati, Buxoro viloyati, Fargʻona viloyati, Jizzax viloyati, Navoiy viloyati, Namangan viloyati, Samarqand viloyati, Surxondaryo viloyati, Sirdaryo viloyati, Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan arxeologik yodgorliklar, tarixiy va meʼmoriy inshootlar, monumental sanʼat obyektlari hamda diqqatga sazovor joylarning milliy roʻyxati qayta koʻrib chiqildi.

Milliy roʻyxatga kiritilgan 8370 ta madaniy meros obyektiga yangi qaror asosida yana 67 ta obyekt roʻyxatga qoʻshilib, muhofazadagi obyektlar soni 8437 taga yetdi.

Gazeta.uzning tarqatgan maʼlumotlarida Toshkentda arxitektura yodgorliklari qatoriga quyidagilar kiritilgan:

  • Mirzo Ulugʻbek tumanida — Mahatma Gandi koʻchasi 32-uyda joylashgan 1880−1944 yillarga oid turar joy binosi;
  • Shayxontohur tumanida — Furqat koʻchasi 6a-uydagi 1919 yilda qurilgan P. Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi binolar majmuasi;
  • Chilonzor tumanida — Beshyogʻoch koʻchasidagi 1932−1934 yillarda qurilgan 16 va 18-raqamli toʻrt qavatli turar joy binolari — «Mutaxassislar uylari» deb ataluvchi obyektlar;
  • Yakkasaroy tumanida — Shota Rustaveli koʻchasidagi XIX asrga oid 59-uy hamda 1956 yilda qurilgan 22-raqamli toʻrt qavatli turar joy binosi;
  • Yashnobod tumanida — Fargʻona yoʻli koʻchasi 15-uyda joylashgan, Elektromagnit moslashuv markazi tasarrufidagi 1915 yilda qurilgan ikkita 90 metrlik radiomachta va radiostansiya binosi (texnik korpus).