Bugun Madaniy meros agentligi birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov “Moviy gumbazlar” kafesi muallifi — taniqli me’mor Vil Muratov bilan birgalikda madaniy meros obyektini ko‘zdan kechirdi.

1968–1970-yillarda barpo etilgan “Moviy gumbazlar” nafaqat modernizm me’morchiligining noyob yodgorligi, balki Toshkent shahrining ramzlaridan biri hamdir. 2019-yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan mazkur obyekt ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlarining Milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Keyingi yillarda olib borilgan ta’mirlash ishlari davomida obyektning mozaik bezaklari o‘zgartirilgan va bu uning dastlabki me’moriy-badiiy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatgan. Hozirda obyekt muallifi — me’mor Vil Muratov ishtirokida “Moviy gumbazlar”ning dastlabki qiyofasini ilmiy o‘rganish va qayta tiklash ishlari boshlandi.

Obyektni restavratsiya qilish va uning dastlabki me’moriy qiyofasini tiklash loyihasini amalga oshirish uchun maxsus ishchi guruh tuziladi. Uning tarkibiga modernizm me’morchiligi sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar, shuningdek, taniqli mahalliy me’morlar, san’atshunoslar va restavratsiya mutaxassislari jalb etiladi.

Loyiha ustida olib boriladigan ishlarda Yekaterina Golovatyuk, Boris Chuxovich va Fotima Abdurahmonova ham ishtirok etadi. Xalqaro va mahalliy mutaxassislarning tajribasini birlashtirgan holda, ishchi guruh obyektning dastlabki me’moriy-badiiy qiyofasini restavratsiya qilish va tiklash bo‘yicha ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqadi.

Loyihaning asosiy maqsadi — “Moviy gumbazlar”ning tarixiy, me’moriy va badiiy qadr-qimmatini asrab qolish, uning dastlabki elementlarini qayta tiklash hamda ushbu noyob yodgorlikni kelajak avlodlarga yetkazishdir.

Milliy me’morchilik an’analari va modernizmning ifodaviy tamoyillari uyg‘unlashgan obyektning noyob me’moriy yechimi O‘zbekiston me’morchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega.

“Moviy gumbazlar” ni restavratsiya qilish ishlarining boshlanishi shunchaki alohida tarixiy binoni qayta tiklashdan iborat emas. Bu O‘zbekistonning XX asr me’moriy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish, shuningdek, uni xalqaro miqyosda namoyish etish yo‘lidagi muhim qadamdir.