Prezidentimiz aholiga dam olish, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari uylar bilan bir vaqtda zarur boʻlishini taʼkidladi.

Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming oʻrinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri boʻladi. Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va koʻngilochar maskanlarga ehtiyojni aniq hisoblab, tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qoʻyildi.

Shaharning ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining koʻchishi ham muhim. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari engil konstruktsiyali binolarda ishlamoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun 9 ta bino qurilmoqda.

Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga koʻchishini boshlash topshirildi. Zarur hollarda ularning poytaxtdagi mavjud binolarini buzib qayta qurish huquqisiz, joriy taʼmirlab foydalanish sharti bilan sotish masalasi koʻrib chiqiladi.