Davlatimiz rahbari soʻnggi oyda ular bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar oʻrganilganini taʼkidladi.
Uch yil avval boshlangan ushbu loyiha doirasida davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlarga yirik mablagʻ yoʻnaltirmoqda. Hozirga qadar Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Shu bilan birga, qurilishga xususiy sektorni jalb etish surʼatlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkin.
Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablagʻi hisobidan qurilish ketmoqda. Tadbirkorlarga esa bor-yoʻgʻi 94 gektar yer ajratilgan.