Halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga taʼziya bildiramiz, ushbu fojiali voqea oqibatida jabrlanganlarga chuqur hamdardlik izhor etamiz. Jarohat olganlarning tezroq va toʻliq sogʻayib ketishini tilaymiz. Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi va bunday harakatlar zudlik bilan toʻxtatilishi shart. Tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini taʼminlash soʻzsiz ustuvor vazifa boʻlib qolishi lozim.

Bunday hujumlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiramiz hamda barcha tomonlarni vazminlik koʻrsatishga, keskinlikning yanada avj olishiga yoʻl qoʻymaslikka, kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etishga qatʼiy daʼvat etamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi birodar Saudiya Arabistoni Podshohligi xalqi va Hukumati bilan birdamligini izhor etadi hamda mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.