Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy ishlanma va yondashuvlarni ishlab chiqarishga tatbiq qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 9-dekabrdagi paxtachilik va gʻallachilikda hosildorlikni oshirishga doir qarori bu boradagi ishlarni kengaytirish uchun muhim huquqiy asos boʻldi.
Paxtachilikda Shinjon usulining qoʻllanilishi hosildorlikni sezilarli oshirish bilan birga suv, oʻgʻit va boshqa resurslarni tejash, gʻoʻzani parvarishlash xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda.
“Agroklaster Oltinkoʻl” korxonasining umumiy ekin maydoni 850 gektarni tashkil etadi. Shundan 23 gektarida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.
Shinjon texnologiyasida chigit plyonka ostiga qoʻsh qatorlab ekiladi. Bu tuproq namligi va haroratini barqaror saqlashga, chigitning erta va bir tekis unib chiqishiga xizmat qiladi.
Tomchilatib sugʻorish va oziqlantirish tizimi orqali suv hamda oʻgʻit bevosita gʻoʻza ildiziga yetkaziladi. Natijada ortiqcha sarfning oldi olinib, suv 40 foizgacha, oʻgʻit esa qariyb 30 foizga tejaladi.
Anʼanaviy usulda bir gektar maydondan oʻrtacha 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida ushbu koʻrsatkich 60-70 sentnerga yetadi. Plyonka ostida shakllangan qulay mikroiqlim tufayli hosilni anʼanaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun ertaroq yigʻib olish mumkin.
Korxonada agrotexnik tadbirlarning asosiy qismi agrodronlar yordamida bajarilmoqda. Bu maxsus texnikalardan foydalanish ehtiyojini va yoqilgʻi sarfini keskin kamaytirmoqda.
Davlatimiz rahbariga loyihaning natijalari, iqtisodiy samaradorligi va mazkur texnologiyani yanada kengaytirish rejalari haqida axborot berildi.