Mamlakat salohiyatini yangi korxonalar, investitsiyalar va milliardlab mablag‘lar bilan ham o‘lchash mumkin. Biroq ularning asl qadri odamlar ro‘zg‘orida sezilib, mehnatiga kuch, ertangi kuniga ishonch bergandagina namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar natijasini bugun ko‘pchilik o‘z hayotida his qilmoqda. Eng muhimi, muammo yashirilmay, ochiq tan olindi. Amaliy natijalarni raqamlar ham tasdiqlaydi. Kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushdi. Bu ro‘zg‘origa baraka kirgan va turmushi yaxshilangan 10 million insonning roziligi va xotirjamligidir.

Davlatimiz rahbari raisligida 3 sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Yil boshida kambag‘allik darajasi 5,8 foiz bo‘lib, ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 mingtani tashkil etgan edi. Bugun ehtiyojmandlar soni 1 million 500 mingga tushdi. O‘zgarishlar hayoti yengillashgan, mehnatiga suyanch topgan, ro‘zg‘origa fayz kirgan yuz minglab insonlar taqdirida aks etmoqda. Ishni to‘g‘ri tashkil etgan 49 ta tuman va 3429 ta mahallaning ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib borayotgani o‘z mehnati va qobiliyati bilan hayotini yaxshilashi uchun imkoniyatni kengaytirish g‘oyasi tobora chuqur ildiz otayotganini ko‘rsatadi.

Iqtisodiy imkoniyatni yaratishning o‘zi hali natija degani emas. Uni to‘g‘ri yo‘naltirish, insonni unga tayyorlash va boshlangan ishni oxiriga yetkazish ham muhim. Hududlarda so‘nggi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi, ya’ni 17 foizi faoliyatini to‘xtatgani shu haqiqatni o‘ylashga majbur qiladi. Bankdan kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olmagan 62 ming fuqaroning qarzini qaytarishda qiynalayotgani esa masalaning yana bir og‘riqli tomonini ko‘rsatmoqda. Demak, insonga mablag‘ berish bilan ish bitmaydi. Unga qaysi ishni boshlash, bozorni qayerdan topish, mahsulotini qanday sotish, daromadni qanday ko‘paytirishni ham o‘rgatish kerak.

Endi asosiy e’tibor mablag‘ni ajratishdan ko‘ra, uni barqaror daromad manbai¬ga aylantirishga qaratilmoqda. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun imtiyozli kreditlarni boshqarish vakolati tuman shtab¬lariga beriladi. Kreditning miqdori, uni naqd yoki naqdsiz ajratish, qaytarish muddati va to‘lov grafigi biznesning xususiyatiga qarab belgilanadi. Aytaylik, mavsumiy daromad oladigan dehqon bilan har oy pul aylanmasi bo‘ladigan xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorning qarzni qaytarish imkoniyati turlicha. Yangi tartib ana shu farqni hisobga olishga sharoit yaratadi.

Tumanlar ixtiyoriga berilgan mablag‘ salmoqli: oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun 450 milliard so‘m resurs mavjud. Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan 240 milliard, Bandlik jamg‘armasidan 100 milliard, uchta “daftar”dan 760 milliard so‘m va kompensatsiyalar uchun 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jami 3 trillion 200 milliard so‘m tumanlar ixtiyorida bo‘ladi. Endi asosiy mas’uliyat ham shu yerga ko‘chadi: mablag‘ berildimi, keyingi savol loyiha ishlayaptimi, inson daromad topyaptimi, kreditni qaytarish imkoniyati bormi degan masalalarga borib taqaladi.

Yangi mexanizm tadbirkorlikni yakka harakatdan hamkorlikka olib chiqishni ham ko‘zda tutadi. 10 ta oila bilan kooperatsiya qilgan lider tadbirkor 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan ishlagan tadbirkor

5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin. Masalan, bitta tadbirkor mahsulot sotish, xomashyo yetkazib berish yoki tayyor mahsulotni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘ysa, o‘nlab oilalar uchun doi¬miy buyurtma va daromad paydo bo‘ladi. Shu orqali kredit bir biznes bilan birga bir nechta xonadon uchun ham daromad manbaini harakatga keltiradi.

Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand fuqarolar uchun ham eshik yopilmaydi. Ularning yangi loyihasi alohida o‘rganilib, imkoniyati bor hollarda imtiyozli moliyalashtiriladi. Bunda kechagi qarzdorlikning o‘ziga emas, yangi loyihaning daromad keltirish imkoniyatiga qarash muhim. Chunki qarzni qaytarishning eng ishonchli kafolati ko‘p hollarda insonning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishidir.

Inklyuziv moliyalashtirishning tuman shtablari vakolatiga o‘tkazilishi shu maqsadga xizmat qiladi. Mehnat qilish istagi bor, lekin imkoniyati cheklangan inson uchun oddiy kredit shartlari to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Shuning uchun har bir loyihani insonning sharoiti, qobiliyati va daromad olish imkoniyati bilan birga baholash talab etiladi.

Kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini yagona qolipda belgilash o‘rniga, ularni hududning iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib yangilab borish belgilanmoqda. Chunki tumanda qaysi mahsulotga talab borligi, qaysi kasbga ishchi kerakligi va qaysi biznes turi tezroq daromad berishi joyning o‘zida ko‘rinadi. Shuning uchun qaror ham muammoga yaqin joyda qabul qilinsa, mablag‘ning yo‘nalishi aniqroq bo‘ladi.

Shuningdek, mablag‘ berish jarayonining o‘zi natija sifatida qabul qilinmaydi. Kredit olgan odam ishini boshladimi, mahsulotiga xaridor topdimi, daromadi oshdimi, oilasidan yana kimni ish bilan ta’minlay oldi — asosiy baholash shu savollar asosida bo‘lishi kerak. Shunda 3 trillion 200 milliard so‘m oddiy moliyaviy resurs bo‘lib qolmay, odamlarning mehnati va daromadiga aylanadi.

Moliyalashtirish tartibi o‘zgarishi bilan ishning eng muhim bo‘g‘ini — uni amalga oshiradigan insonga ham talab kuchaymoqda. Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bank hududlarning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi. Kechagi usul bugungi ehtiyojga javob bermasa, uni o‘z vaqtida o‘zgartirish kerak. Chunki iqtisodiyot bir joyda turmaydi, mahalladagi ehtiyoj ham har kuni o‘zgarib boradi.

Shu talabdan kelib chiqib, tuman shtablari mahalladagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga o‘tkazadi. 8992 ta mahallada faoliyat yuritayotgan -hokim yordamchilarining ish samarasi qayta baholanadi: tashabbuskor va natija ko‘rsatayotgan kadrlar qo‘llab-quvvatlanadi, vazifasiga mos kelmaydiganlar o‘rni yangilanadi.

Shu bois, kadrni almashtirish bilan cheklanilmay, uni tayyorlashga ham urg‘u berilmoqda. Ikki oy ichida maxsus o‘quv markazi tashkil etilib, xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi. Hokim yordamchisiga kredit ajratish tartibini bilishning o‘zi kifoya qilmaydi: u biznes g‘oyasini loyihaga aylantirishi, uning bozorini ko‘rishi, xarajat va daromadni hisoblashi, tadbirkorni ish boshlagandan keyin ham kuzatib borishi kerak.

Eng yaxshi natija ko‘rsatgan xodimlar uchun xorij tajribasini o‘rganish imkoniyati yaratiladi. Yil yakuniga qadar har bir tumandan ikki nafardan eng yaxshi hokim yordamchisining Xitoy, Yaponiya va Turkiyada malaka oshirishi rejalashtirilmoqda. Namunali xodimlarga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanishi ham bir signalni anglatadi: mahalladagi mehnat qadrlanadi, natija ko‘rsatgan kadrning ¬mas’uliyati ham, imkoniyati ham ortadi.

Tadbirkorlik infratuzilmasiga oid loyihalarni boshqarishdagi o‘zgarish qarorni muammoga yaqinlashtirishga qaratilgan. Masalalar viloyat darajasida hal qilinaversa, joydagi ehtiyojni aniqlashdan tortib, mablag‘ni ajratishgacha bo‘lgan jarayon cho‘zilishi mumkin. Endi tumanning loyiha buyurtmachisiga aylantirilishi orqali qaror qabul qilish tezlashadi, mablag‘ esa ehtiyoj turgan joyga yaqinlashadi.

Ayniqsa, og‘ir mahallalar uchun taklif etilayotgan 2-3 karra qo‘shimcha resurs muhim. Chunki imkoniyati cheklangan hududga barcha joy uchun bir xil yondashuv bilan natija chiqarib bo‘lmaydi. Qaysi mahallada ish o‘rni yaratish uchun ko‘proq mablag‘ zarur bo‘lsa, o‘sha joyga kattaroq resurs yo‘naltiriladi. Maqsad imkoniyatni tenglashtirishdir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, yangi tizimning asosiy mazmuni vakolatlarni yuqoridan quyi bo‘g‘inlarga o‘tkazish bilan birga qaror qabul qilish jarayonini insonga, loyihaga va natijaga yaqinlashtirishda namoyon bo‘ladi. Mahalladagi hokim yordamchisi imkoniyatni ko‘ra olsa, bank xodimi uni moliyalashtirish yo‘lini topsa, tuman shtabi qarorni tez qabul qilsa, mablag‘ ish o‘rniga, daromadga va oila rizqiga aylanadi.

9 sentyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda ham bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, yangi mablag‘ izlashdan ko‘ra, hududning o‘zida mavjud, ammo to‘liq ishlamayotgan imkoniyatlarni harakatga keltirishga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, davlat banklari balansida turgan qariyb 2,5 mingta obyekt va mol-mulkning umumiy qiymati 10 trillion so‘mga yaqin bo‘lib, ularni samarali ishga tushirish orqali 40 minggacha ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi. Raqamlar muhim bir haqiqatni ko‘rsatadi: kambag‘allikni qisqartirish uchun yangi resurs yaratishdan tashqari mavjud imkoniyatlarni qayta jonlantirish orqali ham minglab odamlar uchun daromad manbaini shakllantirish mumkin.

Inson farovonligi faqat daromad bilan o‘lchanmaydi. Bir oilaning iqtisodiy ahvoliga farzandlar soni, salomatlik, nogironlik, oila a’zosining xorijda mehnat qilishi kabi omillar ham ta’sir qiladi. Shu sababli ijtimoiy himoya tizimida insonning holatiga chuqurroq qarash zarurati paydo bo‘lmoqda. “Ijtimoiy reyestr”ni shakllantirishda oila daromadi bilan bir qatorda uning turmush sharoitiga ta’sir qiluvchi bir nechta omilga bir vaqtning o‘zida baho berish tizimi joriy etiladi. Natijada ijtimoiy ko‘mak haqiqatan ko‘proq ehtiyoj sezayotgan xonadonlarga aniqroq yo‘naltiriladi.

Jumladan, mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgani holda, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etmoqda. Farqning o‘zi bir muammoni ko‘rsatib turibdi: bola parvarishi davrida ota-onaning mehnat qilish va daromad topish imkoniyati qisqaradi. Shuning uchun bunday oilalarga moddiy yordam va ota-onani uyida yoki mahallada ishlash imkoniyati bilan ta’minlash, bola tarbiyasi bilan mehnat o‘rtasidagi uzilishni kamaytirish kerak.

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanishi, mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalar uchun “passiv daromad” keltiradigan ijtimoiy paketga 300 milliard so‘m ajratilgani shu maqsadga xizmat qiladi. Mazkur yordamdan foydalangan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani ijtimoiy ko‘mak oilani vaqtincha qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, uning o‘zini tiklab olishiga xizmat qilsa, samarasi uzoqroq davom etishini ko‘rsatdi.

Kelgusi yildan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlarining bog‘cha to‘lovi, o‘quv markazi xarajati, yo‘lkirasi va oliygoh yotoqxonasi uchun to‘lovlar vaucher orqali qoplanishi shu yondashuvning mantiqiy davomidir. Vaucherning 12 oy amal qilishi, oila reyestrdan chiqarilganidan keyin ham undan foydalanish imkoni saqlanishi bolaning ta’limi oiladagi qisqa muddatli moliyaviy qiyinchilik sabab to‘xtab qolmasligi uchun muhim kafolat bo‘ladi.

Endilikda asosiy e’tibor qabul qilingan qarorlarning mahallada qanday ishlashiga qaratiladi. Viloyat va tuman hokimlari sentabr-dekabr oylarida 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, 1 million aholining daromadini oshirish va yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasini olmoqda.

Xitoy tajribasi asosida tuman va mahallada aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqilishi shu ehtiyojdan kelib chiqadi. Chunki katta vazifalarning natijasi xonadon eshigidan boshlanadi. Bir oilaga munosib ish topilishi, bir bolaning ta’lim olishi, bir onaning mehnatga qaytishi, bir xonadonning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi belgilangan maqsadlarning hayotdagi o‘lchovidir.

Har bir inson hayotida imkoniyat eshigi ochilgan lahza bor. Ana shu imkoniyat insonga o‘z kuchiga ishonish, mehnatiga suyanish va o‘z yo‘lini topish uchun kuch beradi. Bir oilaga munosib ish, bir tadbirkorga zarur sharoit, bir insonga o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun imkoniyat yaratilsa, uning ta’siri bir xonadon doirasida qolmaydi. Xonadondagi daromad mahallaga, mahalladagi farovonlik esa yurt taraqqiyotiga ulanadi. Shu ma’noda, yaratilayotgan imkoniyatlarning eng katta maqsadi — insonni doimiy yordamga ehtiyoj sezadigan holatdan o‘z mehnati, salohiyati va tashabbusi bilan daromad yaratadigan darajaga olib chiqishdir. Chunki inson o‘z qo‘li bilan topgan rizqning qadri ham, barakasi ham boshqacha bo‘ladi. Kecha imkoniyat kutib turgan xonadon bugun o‘z daromadini yaratsa, ertaga yana bir insonga ish eshigini ochishi mumkin. Ana shunday harakat bir xonadondan boshlanib, mahalla va butun jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri