Bu boradagi tartib «Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida»gi nizomda belgilangan.

1. Avvalo oilaviy shifokorga murojaat qilinadi

Bemor imtiyozli yoʻllanma asosida tibbiy yordam olish uchun oʻzi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi.

Oilaviy shifokor bemorni koʻrikdan oʻtkazib, uning ambulator yoki statsionar davolanishga ehtiyojini belgilaydi.

Agar statsionar davolanish zarur deb topilsa, bemor DMED tizimi orqali elektron yoʻllanma asosida tuman yoki shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasidagi tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiriladi.

2. Tekshiruvlar oʻtkaziladi

Tor soha mutaxassisi zarur hollarda qoʻshimcha laboratoriya va instrumental tekshiruvlarni tayinlaydi.

Natijalarga koʻra bemorni shifoxonada davolash zarur deb topilsa, tegishli xulosa va tekshiruv natijalari DMED axborot tizimiga kiritiladi.

Bemorning imtiyozli toifaga kirishi axborot tizimlari integratsiyasi orqali aniqlanadi. Shundan soʻng uning hujjatlari hudud darajasidagi tibbiy tanlov komissiyasiga yuboriladi.

3. Qaerda davolanish belgilanadi

Komissiya bemorga qanday muolaja zarurligini va uni qaysi darajadagi tibbiyot muassasasida davolash maqsadga muvofiqligini belgilaydi.

Yaʼni bemor tuman yoki shahar, viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasida davolanishi boʻyicha xulosa chiqariladi.

Agar bemorni respublika darajasida davolash zarur boʻlsa, uning hujjatlari DMED tizimi orqali Respublika komissiyasiga yuboriladi. Respublika komissiyasi davolanishni maʼqullashi yoki bemorni hudud darajasida davolash mumkinligi haqida xulosa berishi mumkin.

4. Bemor tibbiyot muassasasini oʻzi tanlaydi

Respublika darajasida davolanish tasdiqlangach, bemorga tibbiyot tashkilotini tanlash huquqi beriladi.

Tanlov bemorning oʻzi yoki uning xohishiga koʻra oilaviy shifokor orqali DMED tizimida amalga oshiriladi.

Tizimda bemorning tashxisi va zarur tibbiy amaliyot boʻyicha xizmat koʻrsatishga ruxsat berilgan davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari roʻyxati shakllanadi.

Bemor ushbu roʻyxatdan oʻziga maʼqul tibbiyot tashkilotini 30 kun ichida tanlab, yoʻllanmani tasdiqlashi kerak.

5. Elektron navbatga qoʻyiladi

Tibbiyot tashkiloti tanlangach, bemor tegishli yoʻnalish boʻyicha elektron navbatga qoʻyiladi.

Navbati yetganda, yoʻllanma avtomatik ravishda tasdiqlanadi va tibbiyot tashkiloti bemorni xabardor qiladi.

Muhim: bemor yoʻllanma tasdiqlangan kundan boshlab 10 kun ichida tibbiyot tashkilotiga kelishi lozim. Aks holda, yoʻllanma oʻz kuchini yoʻqotadi va bemor qaytadan navbatga turishiga toʻgʻri keladi.

Shundan soʻng bemorni davolash bosqichi boshlanadi.

Davolash va tashxislash belgilangan standartlar, klinik protokollar hamda tibbiy koʻrsatmalar asosida amalga oshiriladi. Yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatishda ham belgilangan tartibga rioya qilinadi.

Muolaja uchun zarur dori vositalari, qimmatbaho tibbiy buyumlar va boshqa tegishli xarajatlar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi koʻzda tutilgan. Shu sababli mazkur davolanish doirasida bemordan qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.