Poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro koʻrgazmalar markazida 20—22-aprel kunlari boʻlib oʻtgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat koʻrgazmasida 40 yaqin davlatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchi, 500 dan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Koʻrgazmada
Markaziy Osiyo davlatlari sanoatining ilgʻor texnologiyalari namoyish etilib,
sanoat innovatsiyalari va hamkorlik uchun muhim platformaga aylandi.
Mahalliy hamda
xorijlik qatnashchilar pavilyonlarda oʻz stendlarini oʻrnatib, sanoat
mahsulotlari, innovatsion texnologiya va loyihalari bilan ishtirok etdi.
Koʻrgazma maydoni boʻylab mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, kimyo
sanoati, transport, qurilish materiallari, farmatsevtika, energetika va qishloq
xoʻjaligi sohalariga oid yuzlab ishlanmalar namoyish etildi. Ishtirokchilar,
turli kompaniya vakillari va investorlar tadbir doirasida tashkil etilgan
plenar va panel sessiyalar, V2V uchrashuvlari, davra suhbatlarida oʻzaro
samarali muloqotga kirishib, yangi aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldi.
Koʻrgazmaga qiziqish tobora ortib borayotgani bu yilgi ishtirokchi
davlatlar geografiyasi yanada kengayganida ham koʻrindi. Platformaning
anʼanaviy qatnashchilari boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari,
Afgʻoniston, BAA, Xitoy delegatsiyalari ikkinchi bor tadbir mehmonlariga
aylanganiga guvoh boʻldik. Nigeriya, Gana hamda Afrikaning boshqa davlatlaridan
kelgan vakillar esa ushbu koʻrgazmada ilk bor ishtirok etdi. Bu “INNOPROM.
Markaziy Osiyo — 2026” xalqaro koʻrgazmasi nafaqat mintaqaviy, balki global
iqtisodiy muloqotni kuchaytirishda muhim platformaga aylanganidan dalolat.
Bugun Oʻzbekiston
hamkorlarga katta bozor bilan birga sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarishni
mahalliylashtirish hamda butun mintaqa va uchinchi mamlakatlar bozoriga chiqish
uchun toʻlaqonli platformani taklif etmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni
rivojlantirishda bu platformaning oʻrni alohida. Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha
mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi sheriklari va Rossiya bilan tovar aylanmasi
qariyb 22 milliard dollarni tashkil etdi. Hozir ular ishtirokida 5500 ta
qoʻshma korxona faoliyat yurityapti. Turli sohalarda qiymati 47 milliard
dollardan ziyod 330 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Xalqaro sanoat
koʻrgazmasida nafaqat mintaqamiz davlatlari, balki Yevropa, Osiyo, Afrika va
boshqa hududlardan ham hamkorlar ishtirok etayotgani Markaziy Osiyoga sanoat
oʻsishi, texnologik yangilanish va ishbilarmonlik hamkorligi makoni sifatida
xalqaro qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi. Tadbirning Toshkentda
oʻtkazilayotgani esa Oʻzbekistonning mintaqada yangi ishlab chiqarish hamda
logistika zanjirlarini shakllantirishdagi roli tobora ortib borayotganini aks
ettiradi.
Koʻrgazmaning
oʻzida “talash” boʻlgan mahsulotlar
— Ishlab
chiqaruvchilar uchun bu koʻrgazma haqiqatan katta formatga ega. Unda koʻplab
davlatdan yuzlab ishtirokchilar qatnashganining oʻziyoq koʻlamni koʻrsatadi.
Jonli muloqot maydoni turli yangi mahsulotlar bilan tanishish, bir vaqtning
oʻzida koʻplab davlatlardan hamkorlar topishda qulaylik yaratadi, — deydi
rossiyalik tadbirkor Grigoriy Pestov. — Kompaniyamiz INNOPROM koʻrgazmasiga
bir qancha yoʻnalishdagi yechimlarni olib keldi. Ulardan biri defiktoskop
qurilmasining kichiklashtirilgan modeli boʻlib, uni koʻrgazma maydonida
namoyish etish bilan birga real vaqt rejimida qisqa sinov jarayonini ham taqdim
etdik. Masalan, yogʻoch namunasini olib, undagi nuqsonlarni aniqlash tizimini
ishga tushiramiz. Taxminan 5 soniyada algoritm ishlaydi. Natijada aniqlangan nuqsonlar
turi va ehtimollik darajasi aks etadi. Koʻproq metallurgiya sohasi vakillari
ushbu mahsulotimizga yuqori qiziqish bildirdi. Texnologiyani boshqa
yoʻnalishlarga ham oson moslashtirish mumkin. Ayni jihatlar bir qancha
kelishuvlarga erishishimizga sabab boʻldi.
Har doimgidek
koʻrgazma maydoni eng zamonaviy innovatsiyalar bilan kishilarni hayratga soldi.
Ochigʻi, namoyish etilgan texnologiyalarning koʻpi ayrim sanoat ishlab
chiqaruvchilarining oʻzi uchun ham yangilik. Ularga qarab turib, oʻtgan bir yil
sanoatning har qaysi sohasida jadal kechgani va yangiliklarga boy boʻlganini
payqash qiyin emas. Harholda koʻrgazmada ishtirok etganlar shunday fikrga
boradi.
Tadbirkorlar,
ishlab chiqaruvchilar uchun esa bu ayni muddao. Ular ana shu maydonda oʻz
mahsulotlarini namoyish etish barobarida, erishgan sanoat yutuqlari va ilgʻor
jarayonlarda boshqalardan koʻra ustun jihatlarini koʻrsatish imkoniyatiga ega
boʻldi. Bu borada mahalliy tadbirkorlar ham xorijliklardan qolishmadi.
Innovatsion mahsulotlar orasida oʻzimizning brendlar talaygina ekani koʻzga
tashlandi.
Xususan,
yurtimizdagi “Alp Texno Servis” kompaniyasi koʻrgazmada yangi turdagi
mahsulotini namoyish etdi. Bu zamonaviy reklama monitori boʻlib, qurilmaning
70 foizdan oshiq qismi yurtimizda ishlab chiqarilgani, hatto dasturiy taʼminoti
toʻliq raqamlashtirilgani bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Qurilma
reklama eʼlonlarini namoyish etishga moʻljallangan boʻlib, onlayn boshqaruv
tizimiga ega. Dasturiy taʼminotni oʻzbek, rus va ingliz tillarida boshqarish
mumkin. Mahsulot sifati va hamyonbopligi jihatidan ham xorijiy muqobillaridan
ustun. Shu bois, INNOPROM koʻrgazma maydonining oʻzidayoq qurilmaga talab oshib
ketdi.
— Yangi turdagi
reklama monitorini namoyish etganimizdan soʻng koʻrgazmada ishtirok etayotgan
kompaniyalardan darhol buyurtmalar tusha boshladi, — dedi “Alp Texno Servis”
kompaniyasi rahbari Shuhrat Murodov. — Ular shu joyning oʻzidayoq monitorlarni
olib, pavilyonida foydalandi. Ochigʻi, koʻrgazma davomida xaridorlarga tinimsiz
mahsulot yetkazib berdik. Rossiyalik tadbirkorlar ham juda katta qiziqish
bildirdi. Ularni asosan monitorga reklama
joylashtirish qulayligi va oson boshqarilishi qiziqtirmoqda. Gap shundaki,
monitor paneliga istalgan turdagi reklama smartfon orqali yuklanadi. Buni har
qanday masofadan turib amalga oshirish mumkin va bir vaqtning oʻzida minglab
panelni elektron tizim orqali boshqarish imkoniyati bor. Qurilmadan istalgan
joyda va sohada foydalanish mumkin. Shuning uchun ham talab yuqori boʻlyapti.
Boshqa mahalliy
kompaniyalar ham oʻz mahsulotlari orqali milliy brendlarni namoyish etishga
hissa qoʻshdi. Koʻrgazma maydonining “Made in Uzbekistan” pavilyoni esa
doimgidek gavjum boʻldi.
— Bu shunchaki koʻrgazma emas, real hamkorlar topish uchun
qulay maydon, — deydi yurtimizdagi “AZN” kompaniyasi asoschisi va rahbari Anvar
Nazirov. — Bunday koʻrgazmalar zamonaviy savdoning muhim qismiga aylanib
bormoqda. Chunki ularda mahsulotni keng
formatda namoyish etish, xaridorlarni tanishtirish imkoniyati katta.
Kompaniyamiz 27 yildan beri faoliyat yuritadi va Oʻzbekistonda ilk bor savdo
xizmatlari uchun sovitish uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan
korxonalardan. Hozir bunday mahsulotlarga talab nihoyatda katta. Restoranlar,
savdo doʻkonlaridan tortib, istalgan yoʻnalishda turli hajmdagi sovitish
uskunalariga zarurat oshib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda oynali
dizayndagi shirinlik vitrinalariga talab yuqori. Biz bunday mahsulotlarni qoʻshni
davlatlardan tashqari Afrika mamlakatlari, Ruminiyaga eksport qilyapmiz.
Xaridorlarning asosiy talabi vitrinalar oddiy sovitish uskunasi emas, balki
zamonaviy dizayn va koʻrinishga ega estetik vosita boʻlishi kerak. Bu
mahsulotlar sotuvida muhim. Shu bois, xaridorimiz koʻp.
Tadbirkorlar
oʻrtasidagi yangi bitim
“INNOPROM.
Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazma maydonida nafaqat yangi uchrashuvlar,
hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi, balki qiymati yuqori yirik loyihalar, savdo
bitimlari imzolanadi. Masalan, oʻtgan yilgi koʻrgazma doirasida erishilgan
savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlari qiymati 5 milliard dollardan oshgan.
Joriy yilgi koʻrsatkich yanada yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Sanoat
haftaligining dastlabki kunlaridanoq qator yirik loyihalarga start berildi. Xususan,
xalqaro koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari
Jamshid Xoʻjayev hamda Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining birinchi
oʻrinbosari Denis Manturov ishtirokida “Arnest” kompaniyalari guruhi onlayn
tarzda Navoiy viloyatida yangi korxonani ishga tushirdi. Bu kosmetika
vositalari va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan
zavodning birinchi bosqichi boʻlib, loyiha qiymati 35 million dollarni tashkil
etadi. Zavodning toʻliq quvvatda ishga tushirilishi esa joriy yil iyul oyiga
rejalashtirilgan.
Koʻrgazmada Rossiyaning 16 ta hududi ishtirokiga hududlararo hamkorlikni
chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi yangi bosqich sifatida qaralmoqda. Denis
Manturovning soʻzlariga koʻra, bugun Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida
3000 dan ortiq korxona faoliyat yuritib, 150 dan ziyod investitsiya loyihasi
amalga oshirilmoqda.
Endi bu loyihalar
koʻlami yanada kengayishi kutilyapti. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” oltinchi
xalqaro sanoat koʻrgazmasida erishilgan kelishuvlar shunga yoʻl ochadi.
Xususan, koʻrgazma doirasida Toshkent viloyati va Orenburg hamda Arxangelsk
viloyatlari delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralardan soʻng chorvachilik
tarmogʻini rivojlantirish, veterinariya xizmati sifatini oshirish, sohada
ilgʻor tajribalarni tatbiq etish va zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini
jalb qilish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Vyatka
Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida esa oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv
imzolandi. Mazkur hujjat ikki hudud tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida
toʻgʻridan toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, birgalikda yangi
biznes loyihalarni amalga oshirishga yoʻl ochadi.
Shuningdek,
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston
milliy metrologiya instituti Rossiya Federatsiyasining innovatsion yechimlar
ishlab chiquvchi “ElMetro-Injiniring” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan
hamkorlik bitimini imzoladi. Bu yurtimiz metrologiya sohasida xalqaro
hamkorlikni rivojlantirish va zamonaviy oʻlchov infratuzilmasini shakllantirish
yoʻlidagi muhim qadam ekani aytilmoqda. Boisi, “ElMetro-Injiniring” MCHJ
kompaniyasi sanoat avtomatizatsiyasi va yuqori aniqlikdagi oʻlchov uskunalari
ishlab chiqarishda 25 yildan koʻproq tajribaga ega. Tomonlar oʻrtasidagi yangi
hamkorlik aloqalari ilmiy-texnik salohiyatni birlashtirish va ilgʻor tajriba
almashinuviga asoslanadi.
Umuman olganda,
“INNOPROM. Markaziy Osiyo — 2026” xalqaro sanoat koʻrgazmasi bu gal ham faol
uchrashuvlar, hamkorlik kelishuvlariga boy boʻldi. Sanoat haftaligi esa
yurtimiz boʻylab davom etyapti. Xorijlik mehmonlar mamlakatimizning sanoat va
investitsiya imkoniyatlari, hududlardagi biznes muhiti bilan yaqindan
tanishmoqda.
Iroda
TOSHMATOVA,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri