Ikki kun davom etgan tadbir minglab talabalar, bitiruvchilar, abituriyentlar, ish beruvchilar, investorlar hamda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarini bir maydonga jamladi.
Ko‘rgazma Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Milliy banki, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozori talablari bilan tanishtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 800 dan ortiq ish beruvchi tashkilot va qariyb 10 ming nafar talaba, bitiruvchi va yoshlar ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni, amaliyot dasturlari, seminar-treninglar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Farhod Ahrorovning ta’kidlashicha, Talaba Expo respublika bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihaning bir qismi hisoblanadi.
— Asosiy maqsad — yoshlarni munosib va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashtirish hamda kelajakda zarur bo‘ladigan ko‘nikmalar haqida ma’lumot berishdir”, — dedi Farhod Ahrorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbir nafaqat ish topish, balki mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kompetensiyalarni aniqlash va yoshlarni o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirish vazifasini ham bajaradi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan yaratilgan Karyera.uz raqamli platformasi orqali ish beruvchilar o‘z ehtiyojlari va talab qilinadigan kompetensiyalarni joylashtiradi. Talabalar esa ushbu platformadan foydalanib, sun’iy intellekt yordamida o‘z kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash va malakasini muntazam oshirib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ko‘rgazmada nafaqat Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar, balki respublikaning turli hududlaridan kelgan yoshlar ham faol ishtirok etdi. Ular orasida ish izlayotgan, amaliyot o‘tashni rejalashtirayotgan hamda kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun muhim aloqalar o‘rnatishni maqsad qilgan talabalar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Xumoyun Rayimovning aytishicha, tadbir davomida ko‘plab kompaniyalar va banklar bilan tanishish imkoniyati bo‘lgan. U ish beruvchilarning talablari, kerakli ko‘nikmalar va mavjud vakansiyalar haqida muhim ma’lumotlar olganini bildirib, bunday uchrashuvlar mehnat bozorini yaqindan o‘rganish va o‘z ustida ishlash uchun katta motivatsiya berishini ta’kidladi.
— “Bunday tadbirlar juda foydali. Odatda ish beruvchilarning talablarini bilish yoki turli kompaniyalar haqida ma’lumot topish qiyin bo‘ladi. Bu yerda esa hamma tashkilotlar bir joyga jamlangan. Yuzma-yuz muloqot qilish, savollar berish va aniq ma’lumot olish ancha qulay. Internetda har xil ma’lumotlar uchraydi, bu yerda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri kompaniya vakillaridan kerakli javoblarni olish mumkin”, — deydi u.
Shuningdek, Xumoyun ma’lumotlar tahlili yo‘nalishiga qiziqishini va ko‘plab dasturlarini o‘rganayotgani hamda talabalik davrida yarim stavkali ish topishni maqsad qilganini aytdi. Talabaning fikricha, bunday ekspolar yoshlar uchun katta imkoniyat yaratadi.
Yana bir talaba Amonbek Hamidov ham tadbirdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U turli kompaniya va banklar tomonidan taqdim etilgan vakansiyalar bilan tanishganini, ayniqsa moliyaviy tahlil va bank sohasi bo‘yicha takliflar e’tiborini tortganini qayd etdi. Talabaning fikricha, bunday tadbirlar yoshlarga mehnat bozori imkoniyatlarini yaqindan o‘rganish va kelajakdagi kasbiy yo‘nalishini aniq belgilashga yordam beradi.
Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti bitiruvchisi Fazilat Asqarova esa ko‘rgazmaga aynan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish maqsadida kelganini bildirdi. U bir nechta tashkilot vakillari bilan suhbatlashib, ma’lumotlarini qoldirganini aytdi. Ayniqsa, sug‘urta sohasidagi kompaniyalar bilan bo‘lgan uchrashuvlar foydali bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday mehnat yarmarkalari ish izlayotgan yoshlar uchun katta imkoniyat yaratadi va ularni ish beruvchilar bilan bevosita bog‘laydi.
TalabaExpo–2026 doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga biznes faoliyatini boshlash, startap loyihalarini amalga oshirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, “Kelajak tadbirkorligi” dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozli kreditlar va boshqa imkoniyatlar taqdim etildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, TalabaExpo kabi loyihalar ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning raqobatbardoshligini oshirish hamda ularni munosib ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday tadbirlar orqali talabalar va bitiruvchilar nafaqat ish topish, balki zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.
TalabaExpo–2026 ko‘rgazmasi minglab yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari, tadbirkorlik tashabbuslari va karyera imkoniyatlarini taqdim etgan yirik platformaga aylandi. Ikki kun davom etgan tadbir yoshlar, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, ko‘plab yosh yigit-qizlarning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
Zulxumor Akbarova