Poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro koʻrgazmalar markazida 20—22-aprel kunlari boʻlib oʻtgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat koʻrgazmasida 40 yaqin davlatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchi, 500 dan ortiq xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Koʻrgazmada Markaziy Osiyo davlatlari sanoatining ilgʻor texnologiyalari namoyish etilib, sanoat innovatsiyalari va hamkorlik uchun muhim platformaga aylandi.

Mahalliy hamda xorijlik qatnashchilar pavilyonlarda oʻz stendlarini oʻrnatib, sanoat mahsulotlari, innovatsion texnologiya va loyihalari bilan ishtirok etdi. Koʻrgazma maydoni boʻylab mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, kimyo sanoati, transport, qurilish materiallari, farmatsevtika, energetika va qishloq xoʻjaligi sohalariga oid yuzlab ishlanmalar namoyish etildi. Ishtirokchilar, turli kompaniya vakillari va investorlar tadbir doirasida tashkil etilgan plenar va panel sessiyalar, V2V uchrashuvlari, davra suhbatlarida oʻzaro samarali muloqotga kirishib, yangi aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldi.

Koʻrgazmaga qiziqish tobora ortib borayotgani bu yilgi ishtirokchi davlatlar geografiyasi yanada kengayganida ham koʻrindi. Platformaning anʼanaviy qatnashchilari boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, Afgʻoniston, BAA, Xitoy delegatsiyalari ikkinchi bor tadbir mehmonlariga aylanganiga guvoh boʻldik. Nigeriya, Gana hamda Afrikaning boshqa davlatlaridan kelgan vakillar esa ushbu koʻrgazmada ilk bor ishtirok etdi. Bu ­“INNOPROM. Markaziy Osiyo — 2026” xalqaro koʻrgazmasi nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy muloqotni kuchaytirishda muhim platformaga aylanganidan dalolat.

Bugun Oʻzbekiston hamkorlarga katta bozor bilan birga sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda butun mintaqa va uchinchi mamlakatlar bozoriga chiqish uchun toʻlaqonli platformani taklif etmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda bu platformaning oʻrni alohida. Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi sheriklari va Rossiya bilan tovar aylanmasi qariyb 22 milliard dollarni tashkil etdi. Hozir ular ishtirokida 5500 ta qoʻshma korxona faoliyat yurityapti. Turli sohalarda qiymati 47 milliard dollardan ziyod 330 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Xalqaro sanoat koʻrgazmasida nafaqat mintaqamiz davlatlari, balki Yevropa, Osiyo, Afrika va boshqa hududlardan ham hamkorlar ishtirok etayotgani Markaziy Osiyoga sanoat oʻsishi, texnologik yangilanish va ishbilarmonlik hamkorligi makoni sifatida xalqaro qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi. Tadbirning Toshkentda oʻtkazilayotgani esa Oʻzbekistonning mintaqada yangi ishlab chiqarish hamda logistika zanjirlarini shakllantirishdagi roli tobora ortib borayotganini aks ettiradi.

Koʻrgazmaning oʻzida “talash” boʻlgan mahsulotlar

— Ishlab chiqaruvchilar uchun bu koʻrgazma haqiqatan katta formatga ega. Unda koʻplab davlatdan yuzlab ishtirokchilar qatnashganining oʻziyoq koʻlamni koʻrsatadi. Jonli muloqot maydoni turli yangi mahsulotlar bilan tanishish, bir vaqtning oʻzida koʻplab davlatlardan hamkorlar topishda qulaylik yaratadi, — deydi rossiyalik tadbirkor Grigoriy Pestov. — Kompaniyamiz ­INNOPROM koʻrgazmasiga bir qancha yoʻnalishdagi yechimlarni olib keldi. Ulardan biri defiktoskop ­qurilmasining ­kichiklashtirilgan modeli boʻlib, uni koʻrgazma maydonida namoyish etish bilan birga real vaqt rejimida qisqa sinov jarayonini ham taqdim etdik. Masalan, yogʻoch namunasini olib, undagi nuqsonlarni aniqlash tizimini ishga tushiramiz. Taxminan 5 soniyada algoritm ishlaydi. Natijada aniqlangan nuqsonlar turi va ehtimollik darajasi aks etadi. Koʻproq metallurgiya sohasi vakillari ushbu mahsulotimizga yuqori qiziqish bildirdi. Texnologiyani boshqa yoʻnalishlarga ham oson moslashtirish mumkin. Ayni jihatlar bir qancha kelishuvlarga erishishimizga sabab boʻldi.

Har doimgidek koʻrgazma maydoni eng zamonaviy innovatsiyalar bilan kishilarni hayratga soldi. Ochigʻi, namoyish etilgan texnologiyalarning koʻpi ayrim sanoat ishlab chiqaruvchilarining oʻzi uchun ham yangilik. Ularga qarab turib, oʻtgan bir yil sanoatning har qaysi sohasida jadal kechgani va yangiliklarga boy boʻlganini payqash qiyin emas. Harholda koʻrgazmada ishtirok etganlar ­shunday fikrga boradi.

Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar uchun esa bu ayni muddao. Ular ana shu maydonda oʻz mahsulotlarini namo­yish etish barobarida, erishgan sanoat yutuqlari va ilgʻor jarayonlarda boshqalardan koʻra ustun jihatlarini koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu borada mahalliy tadbirkorlar ham xorijliklardan qolishmadi. Innovatsion mahsulotlar orasida oʻzimizning brendlar talaygina ekani koʻzga tashlandi.

Xususan, yurtimizdagi “Alp Texno Servis” kompaniyasi koʻrgazmada yangi turdagi mahsulotini namoyish etdi. Bu zamonaviy reklama monitori boʻlib, qurilmaning
70 foizdan oshiq qismi yurtimizda ishlab chiqarilgani, hatto dasturiy taʼminoti toʻliq raqamlashtirilgani bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Qurilma reklama eʼlonlarini namoyish etishga moʻljallangan boʻlib, onlayn boshqaruv tizimiga ega. Dasturiy taʼminotni oʻzbek, rus va ingliz tillarida boshqarish mumkin. Mahsulot sifati va hamyonbopligi jihatidan ham xorijiy muqobillaridan ustun. Shu bois, INNOPROM koʻrgazma maydonining oʻzidayoq qurilmaga talab oshib ketdi.

— Yangi turdagi reklama monitorini namoyish etganimizdan soʻng koʻrgazmada ishtirok etayotgan kompaniyalardan darhol buyurtmalar tusha boshladi, — dedi “Alp Texno Servis” kompaniyasi rahbari Shuhrat Murodov. — Ular shu joyning oʻzidayoq monitorlarni olib, pavilyonida foydalandi. Ochigʻi, koʻrgazma davomida xaridorlarga tinimsiz mahsulot yetkazib berdik. Rossiyalik tadbirkorlar ham juda katta qiziqish bildirdi. Ularni asosan monitorga reklama joylashtirish qulayligi va oson boshqarilishi qiziqtirmoqda. Gap shundaki, monitor paneliga istalgan turdagi reklama smartfon orqali yuklanadi. Buni har qanday masofadan turib amalga oshirish mumkin va bir vaqtning oʻzida minglab panelni elektron tizim orqali boshqarish imkoniyati bor. Qurilmadan istalgan joyda va sohada foydalanish mumkin. Shuning uchun ham talab yuqori boʻlyapti.

Boshqa mahalliy kompaniyalar ham oʻz mahsulotlari orqali milliy brendlarni namoyish etishga hissa qoʻshdi. Koʻrgazma maydonining “Made in Uzbekistan” pavilyoni esa doimgidek gavjum boʻldi.

— Bu shunchaki koʻrgazma emas, real hamkorlar topish uchun qulay maydon, — deydi yurtimizdagi “AZN” kompaniyasi asoschisi va rahbari Anvar Nazirov. — Bunday koʻrgazmalar zamonaviy savdoning muhim qismiga aylanib bormoqda. Chunki ularda mahsulotni keng formatda namoyish etish, xaridorlarni tanishtirish imkoniyati katta. Kompaniyamiz 27 yildan beri faoliyat yuritadi va Oʻzbekistonda ilk bor savdo xizmatlari uchun sovitish uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalardan. Hozir bunday mahsulotlarga talab nihoyatda katta. Restoranlar, savdo doʻkonlaridan tortib, istalgan yoʻnalishda turli hajmdagi sovitish uskunalariga zarurat oshib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda oynali dizayndagi shirinlik vitrinalariga talab yuqori. Biz bunday mahsulotlarni qoʻshni davlatlardan tashqari Afrika mamlakatlari, Ruminiyaga eksport qilyapmiz. Xaridorlarning asosiy talabi vitrinalar oddiy sovitish uskunasi emas, balki zamonaviy dizayn va koʻrinishga ega estetik vosita boʻlishi kerak. Bu mahsulotlar sotuvida muhim. Shu bois, xaridorimiz koʻp.

Tadbirkorlar oʻrtasidagi yangi bitim

“INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazma maydonida nafaqat yangi uchrashuvlar, hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi, balki qiymati yuqori yirik loyihalar, savdo bitimlari imzolanadi. Masalan, oʻtgan yilgi koʻrgazma doirasida erishilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlari qiymati 5 milliard dollardan oshgan. Joriy yilgi koʻrsatkich yanada yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Sanoat haftaligining dastlabki kunlaridanoq qator yirik loyihalarga start berildi. Xususan, xalqaro koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev hamda Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov ishtirokida “Arnest” kompaniyalari guruhi onlayn tarzda Navoiy viloyatida yangi korxonani ishga tushirdi. Bu kosmetika vositalari va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning birinchi bosqichi boʻlib, loyiha qiymati 35 million dollarni tashkil etadi. Zavodning toʻliq quvvatda ishga tushirilishi esa joriy yil iyul oyiga rejalashtirilgan.

Koʻrgazmada Rossiyaning 16 ta hududi ishtirokiga hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi yangi bosqich sifatida qaralmoqda. Denis Manturovning soʻzlariga koʻra, bugun Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 3000 dan ortiq korxona faoliyat yuritib, 150 dan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Endi bu loyihalar koʻlami yanada kengayishi kutil­yapti. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” oltinchi xalqaro sanoat koʻrgazmasida erishilgan kelishuvlar shunga yoʻl ochadi. Xususan, koʻrgazma doirasida Toshkent viloyati va Orenburg hamda Arxangelsk viloyatlari delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralardan soʻng chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, veterinariya xizmati sifatini oshirish, sohada ilgʻor tajribalarni tatbiq etish va zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini jalb qilish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Vyatka Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida esa oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi. Mazkur hujjat ikki hudud tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, birgalikda yangi biznes loyihalarni amalga oshirishga yoʻl ochadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti Rossiya Federatsiyasining innovatsion yechimlar ishlab chiquvchi “ElMetro-Injiniring” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlik bitimini imzoladi. Bu yurtimiz metrologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va zamonaviy oʻlchov infratuzilmasini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam ekani aytilmoqda. Boisi, “ElMetro-Injiniring” MCHJ kompaniyasi sanoat avtomatizatsiyasi va yuqori aniqlikdagi oʻlchov uskunalari ishlab chiqarishda 25 yildan koʻproq tajribaga ega. Tomonlar oʻrtasidagi yangi hamkorlik aloqalari ilmiy-texnik salohiyatni birlashtirish va ilgʻor tajriba almashinuviga asoslanadi.

Umuman olganda, “INNOPROM. Markaziy Osiyo — 2026” xalqaro sanoat koʻrgazmasi bu gal ham faol uchrashuvlar, hamkorlik kelishuvlariga boy boʻldi. Sanoat haftaligi esa yurtimiz boʻylab davom etyapti. Xorijlik mehmonlar mamlakatimizning sanoat va investitsiya imkoniyatlari, hududlardagi biznes muhiti bilan yaqindan tanishmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri