Ushbu loyiha doirasida 18 mayda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazida xalqaro ekspert professor Polin Yakobsning
ommaviy ma'ruzasi tinglandi.
Ma’ruza «Umrbod ozodlikdan mahrum etishga nisbatan inson huquqlari
istiqbollari» mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
tomonidan Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) bilan hamkorlikda,
Niderlandiya Qirolligining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi elchixonasi va
Tilburg universiteti ko‘magida tashkil etildi. Ma'ruza 2026 yil 13 aprelda
rasman ishga tushirilgan “Capstone Project Uzbekistan” loyihasini amalga
oshirish doirasida o‘tkazildi.
Professor Polin Yakobs Niderlandiya Qirolligining Tilburg universiteti
Jinoyat huquqi va jinoyat protsessi kafedrasi dotsenti hisoblanadi.
Xalqaro ekspert ushbu sohadagi yevropa standartlarining qiyosiy
tahlilini, Inson huquqlari bo‘yicha yevropa sudining pretsedent amaliyotini,
shuningdek, Tilburg universitetining jinoyat-ijroiya huquqi sohasidagi ilmiy
tadqiqotlarga yondashuvlarini taqdim etdi. Adolat, jamoat xavfsizligi va insonning
asosiy huquqlariga rioya etish tamoyillarining o‘zaro nisbati masalalariga,
shuningdek, mahkumlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy reintegratsiya qilish
imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruza yakunida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbir
ishtirokchilari jinoyat-ijroiya siyosati, jazo tizimini insonparvarlashtirish
va milliy qonunchilikni inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga
muvofiqlashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston
Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi talabalaridan iborat loyiha
ishtirokchilarining to‘qqizta jamoasi tomonidan ilmiy-tadqiqot tashabbuslari taqdimoti
bo‘ldi.
Ushbu tadqiqotlar mavzulari zamonaviy inson huquqlari fanining eng
dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bu o‘rinda, jumladan, raqamli muhitda
bolalar huquqlarini himoya qilish va sun'iy intellektdan foydalanish bilan
bog‘liq kibertahdidlarga qarshi kurashish; sobiq mahkumlarni raqobatbardosh
mehnat bozorida ijtimoiy reintegratsiya qilish; xalqaro ekologik mas'uliyat
kontekstida Orol halokatining huquqiy oqibatlari kabi muhim mavzular haqida
so‘z bormoqda.
Har bir taqdimot yakunida professor Polin Yakob ishtirokchilarga
batafsil ekspert sharhlari berib bordi. Tadqiqot ishini yanada rivojlantirish
bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda ilmiy
tahlilni chuqurlashtirish yo‘nalishlari ko‘rsatib berildi.
Ma’lumki, “Capstone Project Uzbekistan” loyihasi yosh tadqiqotchilarda
inson huquqlari sohasida zamonaviy ilmiy va tahliliy ish ko‘nikmalarini
rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va xalqaro ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi
akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.