Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 62-sessiyasi doirasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda mintaqaviy huquqni himoya qilish tizimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamtashkilotchilardan biri sifatida ishtirok etdi.

Shuningdek, hamtashkilotchilar qatoridan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, yevropa Kengashi, Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Inson huquqlari bo‘yicha Arab xartiyasi qo‘mitasi o‘rin oldi.

Tadbir geosiyosiy keskinlik, normalarni tanlab talqin qilish va fuqarolik makonining torayishi sharoitida inson huquqlarining universalligi, bo‘linmasligi hamda o‘zaro bog‘liqligi tamoyilini tasdiqlashga bag‘ishlangan panel muhokamasi shaklida o‘tdi.

Inson huquqlarini himoya qilish, milliy institutlarni mustahkamlash hamda xalqaro va mintaqaviy huquqni himoya qilish mexanizmlari bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni izchil amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining tajribasi universal xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etishning muvaffaqiyatli namunalaridan biri sifatida qayd etildi.

Interfaol sessiya davomida davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan global hamda mintaqaviy inson huquqlari mexanizmlarining o‘zaro hamkorligiga doir amaliy jihatlar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunlari O‘zbekiston uchun mamlakat vakillarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining shunga o‘xshash tadbirlaridagi ishtirokini davom ettirish hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va mintaqaviy inson huquqlari tizimlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish amaliyotini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanini ko‘rsatdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy tashabbuslarni ilgari surish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maydonidan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.