Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keyingi oʻn yilda mamlakatimizda inson qadri va huquqlari ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan izchil tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining mustaqilligini oshirish, vakolatlarini kengaytirish va davlat siyosatidagi munosib oʻrnini taʼminlash, shuningdek, xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Joriy yil 31-oktyabrda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga roppa-rosa 30 yil toʻladi. Milliy markaz direktori, akademik Akmal SAIDOV bilan suhbatimiz ayni shu mavzuga bagʻishlandi.
— Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, himoya qilish va ilgari surish borasida davlat siyosatining yagona tizimini shakllantirishga koʻmaklashuvchi milliy institut sifatida tashkil topgan, — dedi A.Saidov. — Milliy markaz BMT Inson huquqlari boʻyicha ikkinchi jahon konferensiyasi (Vena, 1993-yil) tavsiyalari hamda Parij tamoyillariga muvofiq tashkil etilgan.
1997-yil 5-mart kuni Milliy markazning tantanali ochilishi boʻldi. Shu kundan boshlab u milliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, demokratlashtirish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Oʻtgan davr mobaynida Milliy markaz oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari doirasida inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga izchil koʻmaklashib kelmoqda. Bunda, xususan, Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalar boʻyicha davriy maʼruzalarini tayyorlash, inson huquqlariga rioya qilinishi ustidan milliy monitoring olib borish, qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-maʼrifiy va nashriyot faoliyatini yuritish masalalari alohida ahamiyatga ega.
— Milliy markazning 30 yillik faoliyati solnomasiga muxtasar nazar solish mumkinmi?
— Istiqlol yillarida Milliy markaz mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari boʻyicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasidagi strategik yoʻnalishlarni belgilovchi yagona davlat institutiga aylandi. Binobarin, bunday vazifa boshqa hech qanday davlat organiga yuklanmagan edi.
Milliy markazning boshqa milliy institutlardan farqi shundaki, uning faoliyati nafaqat mamlakat ichidagi, balki Oʻzbekistondan tashqaridagi aloqalarni ham qamrab oladi: u hukumatga xalqaro majburiyatlarni bajarishda koʻmaklashadi, xalqaro institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlaydi va rivojlantiradi, xalqaro hamjamiyatni mamlakatdagi inson huquqlari holati haqida xabardor qiladi.
Eng muhimi, Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi Milliy markaz faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Oʻttiz yillik davr mobaynida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi yetakchi milliy institut sifatida shakllandi va mustahkamlandi. Ushbu davrda Milliy markaz faoliyatining qator muhim natijalarini ajratib koʻrsatish mumkin.
Birinchi muhim natija — institutsional mustahkamlanish. Milliy markaz 2008, 2013 va 2018-yillardagi davlat qarorlari orqali moddiy-texnik, kadrlar va resurs salohiyati jihatidan izchil barqarorlashib bordi, 2023-yilda esa uning maqomi jahonda ilk bor konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.
Xususan, bu boradagi eng muhim qonunchilik yangiliklaridan biri Prezidentimizning 2018-yil 10-dekabrdagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori boʻldi. Bu qaror Milliy markazning huquqiy asosini mustahkamlash hamda xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Oʻz navbatida, davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-iyundagi tegishli farmoni bilan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va Milliy strategiyani amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, shuningdek, BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini koʻrib chiqish yuzasidan davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlik tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Ikkinchi muhim natija — xalqaro majburiyatlar ijrosi. Milliy markaz BMTning asosiy inson huquqlari shartnomalari boʻyicha oʻnlab davriy maʼruzalarni tayyorlash, shuningdek, nogironlar huquqlari, ayollar va bolalar huquqlari konvensiyalari, Iqtisodiy-ijtimoiy-madaniy huquqlar pakti kabi yoʻnalishlarda milliy harakatlar rejalari ijrosini monitoring qilishda faol ishtirok etdi.
Milliy markaz inson huquqlari sohasida Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq BMTning ustav va shartnomaviy organlariga milliy maʼruzalarni tayyorlash va taqdim etish boʻyicha asosiy ijrochi hisoblanadi. Bugungi kunga qadar 52 ta maʼruza taqdim etilgan.
Uchinchi muhim natija — qonunchilikni takomillashtirish. Milliy markaz 1996-2025-yillar mobaynida 300 dan ortiq qonun loyihasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiqligini ekspertiza qildi. Qonunchilikni xalqaro shartnomalar bilan takomillashtirish boʻyicha 400 ga yaqin taklif berib, 60 ta qonun hujjatining qabul qilinishida tashabbus koʻrsatdi. Davlat organlari soʻrovlari boʻyicha mingdan ortiq tahliliy material va maʼlumotnoma tayyorladi.
Milliy markaz tomonidan bevosita ham normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Jumladan, 2023-2024-yillarda ombudsman, bolalar ombudsmani, zoʻravonlikdan himoya qilish tizimi va Tadbirkorlik kodeksi kabi muhim qonunlar qabul qilinishida ishtirok etdi.
Toʻrtinchi muhim natija — xalqaro mavqening yuksalishi. Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta 2024-2025-yillarda BMTning EKOSOS, Inson huquqlari qoʻmitasi va XMT Maʼmuriy kengashi kabi nufuzli tuzilmalarga saylandi. Bularning barchasi, shubhasiz, Milliy markaz va mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik natijalarining amaliy koʻrsatkichi boʻldi.
Xususan, 2021-yilda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta BMT Inson huquqlari kengashi aʼzoligiga saylandi, Prezidentimiz ushbu kengashning 46-sessiyasida ayollar rolini oshirish, yoshlar huquqlari konvensiyasi, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm kabi bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Xalqaro maydonda Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari kengashi aʼzosi sifatida faol ishtirok etdi. Buni 2023-yil 13-15-mart kunlari BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarni yuqori baholagani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Oʻz navbatida, 2024-yilga kelib xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzi keskin oshdi: iyunda tarixda birinchi marta BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) aʼzoligiga 185 davlat ovozi bilan saylandi. 7-iyunda Jenevada Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida Oʻzbekiston Yevropa hududidan eng koʻp ovoz toʻplab, XMT Maʼmuriy kengashi aʼzoligiga, 29-mayda esa Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi paktning 40-sessiyasida Oʻzbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi.
Beshinchi muhim natija — aholi huquqiy madaniyatining yuksalishi. Oʻtgan davrda Milliy markaz “Inson huquqlari uyi”, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” hamda “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnallari, shuningdek, davlat organlari xodimlari uchun muntazam malaka oshirish dasturlari orqali jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirishga munosib hissa qoʻshdi.
Bu borada 3 ta muhim raqamga eʼtiboringizni qaratish bilan kifoyalanaman: 1996-yildan 2026-yilning birinchi yarmigacha, yaʼni 30 yil ichida Milliy markaz tomonidan:
— xalqaro darajadagi va respublika miqyosidagi 4 mingdan ortiq konferensiya, seminar, davra suhbati, monitoring tashrifi, oʻquv kursi va turli uchrashuv oʻtkazilgan;
— 40 dan ortiq tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik memorandumi imzolanib, ularda belgilangan dolzarb vazifalar izchillik bilan bajarilgan;
— jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 37 ming 700 ta murojaat koʻrib chiqilgan.
— Yangi Oʻzbekiston sharoitida Milliy markaz qay darajada yangilandi, qanday tashabbuslar hisobiga qanaqa natijalarga erishildi?
— Yangi Oʻzbekiston islohotlari davrida Milliy markazning yangilanishi, dastavval, uning institutsional maqomi va mustaqilligi yanada oshirilishi misolida yaqqol namoyon boʻldi. Prezidentimizning 2018-yil 10-dekabrdagi qaroriga muvofiq, Inson huquqlari boʻyicha milliy markazning maqomi tubdan yuksaldi.
Qarorda Milliy markaz oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Davlatimiz rahbari Milliy markaz direktori maqomini vazir darajasiga tenglashtirdi va u bevosita Prezident tomonidan tayinlanishi tartibini joriy etdi.
Bugungi kunda Milliy markaz har yili mamlakatdagi inson huquqlari va xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati toʻgʻrisida bevosita Oʻzbekiston Prezidentiga va Oliy Majlis palatalariga axborot taqdim etib bormoqda.
Prezidentimiz oʻz chiqishlarida Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda Inson huquqlari boʻyicha milliy markazning muvofiqlashtiruvchilik rolini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab keladi. Aynan mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi va tegishli farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya doirasida Milliy markaz zimmasiga qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va monitoring tizimini takomillashtirish kabi strategik vazifalar yuklatilgan boʻlib, ular muvaffaqiyatli bajarildi.
Birgina misol: davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Milliy markaz tarkibida yangi tuzilma — Inson huquqlari boʻyicha axborot-kutubxona markazi — “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi. Ushbu markaz oldiga inson huquqlari sohasidagi islohotlar xronologiyasini yuritish hamda tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalarni fuqarolar va tadqiqotchilar uchun keng ochib berish vazifasi qoʻyilgan.
Eʼtibor bering: Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumining tashabbuskori ham shaxsan Prezidentimizdir. Ayni shu muhim tashabbus asosida yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bagʻishlangan Samarqand forumini oʻtkazish izchil, xayrli va samarador anʼanaga aylangani har qancha tahsinga sazovor.
Joriy yilda Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi oʻtkazildi. Anʼanaviy tarzda har ikki yilda oʻtkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va oʻziga xos muloqot maydoniga aylandi.
— Beshinchi Samarqand forumining yubiley majlisida ham Milliy markaz faoliyati haqida soʻz yuritildi, shunday emasmi?
— Forumning yubiley majlisi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bagʻishlandi. Ishtirokchilar “Xalqaro majburiyatlardan samarali amalga oshirish sari: inson huquqlari sohasida milliy implementatsiya mexanizmlarining roli” mavzusi doirasida batafsil fikr almashdi.
Xususan, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Maria Telalian oʻz murojaatida inson huquqlarini samarali himoya qilish hamda xalqaro majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etishda kuchli va mustaqil milliy inson huquqlari institutlarining oʻrni muhimligini taʼkidladi. Bunda jamiyatning davlat va inson huquqlari institutlariga ishonchiga alohida eʼtibor qaratdi.
YEXHT vakili, shuningdek, mustaqil milliy inson huquqlari institutlari inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan ularning milliy darajadagi ijrosi oʻrtasida, shuningdek, fuqarolar bilan davlat institutlari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini oʻtay olishini qayd etdi.
Milliy inson huquqlari institutlari global alyansi raisi, Marokash Inson huquqlari milliy kengashi prezidenti Amina Buayach xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda inson huquqlari boʻyicha milliy muassasalarning muhim rolini hamda ularning mustaqilligi, fuqarolik jamiyati va huquq egalarining ishtiroki zarurligini taʼkidladi. U inson huquqlari boʻyicha milliy muassasalar samaradorligini, avvalo, insonlar hayotidagi real oʻzgarishlar boʻyicha baholashni taklif etdi.
Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti prezidenti Vasip Shahin mavjud xalqaro standartlarni samarali amalga oshirish va ularni milliy hamda mahalliy darajada inson huquqlarining haqiqiy kafolatlariga aylantirish zarurligini qayd etdi. Kamsitishga qarshi kurashish, qiynoqlarning oldini olish va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringini olib borishda inson huquqlari boʻyicha milliy muassasalarning roliga alohida eʼtibor qaratdi.
Rossiya Federatsiyasida Inson huquqlari boʻyicha vakil Yana Lantratova inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimi tajribasini taqdim etar ekan, inson huquqlarining universal xususiyatini xalqlar tarixi va anʼanalarini hisobga olgan holda uygʻunlashtirish zarurligini taʼkidladi. Bolali oilalar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha milliy muassasalar oʻrtasida tajriba almashish muhimligini qayd etdi.
Oʻz navbatida, “UPR Info” xalqaro nohukumat tashkiloti ijroiya kengashi raisi Janni Magazzeni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini bajarishga doir integratsiyalashgan yondashuvni rivojlantirishga qoʻshgan hissasini eʼtirof etdi.
Shunday qilib, beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilari qayd etganidek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi oʻtgan oʻttiz yil mobaynida inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni ilgari surish, Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlash, BMTning inson huquqlari boʻyicha tizimlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda inson huquqlari sohasidagi taʼlim, tadqiqot va institutsional rivojlanish masalalarida yetakchi oʻrin tutib kelmoqda.
Milliy markazning ushbu yubiley sanasi misolida, forum ishtirokchilari fikricha, milliy institutlar hamda ijro etish, hisobot berish va monitoring boʻyicha milliy mexanizmlarning xalqaro majburiyatlarni amaliyotga samarali tatbiq etishdagi oʻrni va rolini baholash uchun keng imkoniyat tugʻildi.
— Konstitutsiyaviy islohotlar va Milliy markaz faoliyati mavzusiga ham toʻxtalsangiz.
— Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilinishi asnosida Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi boshlandi. Milliy markaz loyihaning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiqligi yuzasidan rasmiy xulosa taqdim etdi. Shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, YUNISEF, YUNESKO va EXHTning takliflarini muvofiqlashtirdi.
Oʻzbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyotida 2023-yil 30-aprel burilish nuqtasi boʻldi, binobarin, ayni shu sanada oʻtkazilgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiya 65 foiz yangilanib, inson huquqlariga oid normalar soni uch baravar koʻpaydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi.
Ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Konstitutsiyamizda Miranda qoidalari, “Habeas corpus” va “pro bono” (bepul yuridik yordam) institutlari oʻz aksini topdi.
Bosh qonunda “oʻlim jazosi taqiqlanadi”, degan norma belgilanib, u Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ protokoliga toʻliq muvofiqlashtirilgani ulkan ahamiyatga molik voqea boʻldi.
Shuningdek, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar toʻgʻrisida alohida modda kiritildi, natijada Oʻzbekiston dunyoda birinchilardan boʻlib bu institutlarning maqomini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.
Ayni vaqtda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ijrosi doirasida Milliy markaz tomonidan “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi va u oʻrnatilgan tartibda muhokamalardan oʻtkazilmoqda. Bu hujjat inson huquqlarini taʼminlash, himoya qilish va ilgari surish sohasidagi ustuvor maqsad va vazifalarni oʻrta hamda uzoq muddatli istiqbolda belgilab beruvchi strategik asos vazifasini oʻtaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida respublika miqyosida profilaktika inspektorlari uchun seminar-treninglar oʻtkazildi. Ushbu treninglar joriy yilning oʻtgan davrida barcha viloyatlarda “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” oʻquv moduli asosida tashkil etilib, 5200 dan ortiq tinglovchini qamrab oldi.
Muxtasar aytganda, keyingi oʻn yilda yangi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi siyosati butun jahonda eʼtirof etilayotgani bejiz emas. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yoʻq: qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat”.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Sanjar ESHMURODOV suhbatlashdi.