Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Belarusga amaliy tashrifi doirasida loyihaga start berildi.

Majmua Gorodok tumanidagi Klyushovo qishlog‘ida barpo etiladi. Agroklaster shaklida amalga oshiriladigan loyiha doirasida chorvachilik va go‘sht yetishtirish infratuzilmasi bilan bir qatorda turar joylar majmuasini ham tashkil etish rejalashtirilgan.

Qurilish ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov hamda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik ishtirok etdi. Tadbirda loyiha boshlanganini ifodalovchi ramziy kapsula joylashtirildi.

Marosim yakunida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ramzi sifatida qizil bargli dub ko‘chatlari ekildi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligida tajriba almashish va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.