Tashriflar tarixi

AQSh Davlat kotiblarining Oʻzbekis­tonga tashrifi tarixi 1992 yil fevraldan boshlangan. Ular orasida 2015 yil 1 noyabrda Jon Kerrining Samarqandga tashrifi alohida ahamiyatga ega. Aynan shu kuni Markaziy Osiyoning beshta davlati va AQSh tashqi ishlar vazirlarining ilk uchrashuvi boʻlib oʻtdi hamda “C5+1” hamkorlik formatiga asos solindi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning boʻlajak tashrifi ikki tomonlama muzokaralarni mintaqaviy muloqot bilan birga olib borish amaliyotining davomi boʻladi.

Kelasi haftada AQSh Davlat kotibining 100 dan ortiq kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qilib Samarqandga kelishi kutilmoqda. Tashrif doirasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida “C5+1” formatidagi uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvning asosiy yoʻnalishlari sifatida mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, energetika xavfsizligini taʼminlash hamda mintaqadagi umumiy masalalar boʻyicha hamkorlikda yechimlar ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekiston rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazish nazarda tutilgan.

Mazkur tashrif Oʻzbekiston uchun avval kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, yangi texnologiyalarni jalb etish va xalqaro kapital bozorlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin. Amerika biznesining 100 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirok etishi ushbu yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

“Markaziy Osiyo +” formatining rivojlanishi

Tashqi hamkorlar ishtirokidagi mintaqaviy muloqot formatlari Markaziy Osiyo diplomatiyasining doimiy qismiga aylanib bormoqda. 2025 yil aprelda Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtgan. Uning yakunlari boʻyicha tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Shu yil iyunda Ostonada Xitoy bilan ikkinchi sammit, dekabrda Tokioda Yaponiya bilan birinchi sammit, 2026 yil sentyabrda esa Seulda Koreya Respublikasi bilan birinchi sammit oʻtkazildi.

Ushbu muloqot maydonlarida muhokama qilinadigan iqtisodiy masalalar koʻp jihatdan oʻxshash boʻlib, transport, energetika, strategik ahamiyatga ega xom­ashyo resurslari, sanoat va raqamli texnologiya­lar sohalarini qamrab oladi.

“C5+1” formati Amerika biznesi va moliya institutlari bilan hamkorlik qilish uchun alohida imkoniyat yaratadi. 2015-yildan buyon amal qilib kelayotgan ushbu format doirasida iqtisodiyot, energetika, atrof-muhit muhofazasi va xavfsizlik masalalari boʻyicha hamkorlik qilinmoqda.

Mintaqaviy muloqot tranzit, transchegaraviy infratuzilma va taʼminot zanjirlari barqarorligi kabi alohida bir mamlakat doirasida hal etib boʻlmaydigan masalalarni birgalikda koʻrib chiqish imkonini beradi.

Ushbu masalalarni Markaziy Osiyo­ning beshta davlati va AQSHning salohiyatli investorlari ishtirokida yagona muloqot maydonida muhokama qilish milliy loyihalarni amalga oshirishda mintaqaviy sharoitlarni hisobga olish va davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

“C5+1” birinchi sammiti natijalari

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Prezidentlari darajasidagi birinchi “C5+1” sammiti 2023-yil 19-sentyabrda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtdi. 2024-yil fevralda strategik ahamiyatga ega minerallar boʻyicha muloqotning ilk yigʻilishi, mart oyida esa Olmaotada “B5+1” formatidagi birinchi biznes-forum oʻtkazildi.

Mazkur biznes-forum tadbirkorlarga investitsiya muhiti va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya masalalarini muhokama qilishda bevosita ishtirok etish imkonini berdi. Shu tariqa siyosiy darajadagi muloqot tarmoqlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi amaliy hamkorlik bilan toʻldirildi.

2025-yil 6-noyabrda Oq uyda oʻtkazilgan sammit hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. AQSH Savdo vazirligi maʼlumotlariga koʻra, biznes-forum doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi boʻ­yicha umumiy qiymati 25 milliard dollardan ortiq savdo va investitsiya kelishuvlari eʼlon qilindi. Ular aviatsiya, qishloq xoʻjaligi texnikasi, temir yoʻl infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar hamda strategik ahamiyatga ega minerallarni qazib olish sohalarini qamrab oladi.

Sammitda Prezidentimiz investitsiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish, Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlovchi transport hamda energetika lo­yihalarini rivojlantirish, shuningdek, strategik ahamiyatga ega minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi. Ilgari surilgan tashab­buslar qatoridan navbatdagi sammitni Samarqandda oʻtkazish taklifi ham oʻrin oldi.

Hamkorlikning keyingi bosqichida asosiy masala yuqori darajada qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish uchun loyihalarning tayyorligi va moliyalashtirish manbalarini taʼminlashdan iborat. Aviatsiya sohasida bu aviatsiya texnikasini yetkazib berish va undan foydalanish, sanoatda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va ishga tushirish, mineral xomashyo sohasida esa qayta ishlash texnologiyalarini oʻzlashtirish hamda tayyor mahsulot xaridorlari bilan shartnomalar tuzishni nazarda tutadi.

Ikki tomonlama uchrashuv va yangi investitsiya mexanizmlari

Mintaqaviy hamkorlik Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi bevosita muloqotga ham tayanadi. Prezidentimizning 2018-yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi davomida Oq uyda AQSH Prezidenti ­Donald Tramp bilan muzokaralar oʻtkazildi hamda “strategik sheriklikning yangi davri” boshlangani toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qilindi.

2025-yil sentyabrda ikki davlat rahbarlari Nyu-Yorkda yana uchrashdi, 6-noyabrda esa Vashingtonda muzokaralar oʻtkazdi. 2026-yil fevralda Oʻzbekis­ton Prezidenti Tinchlik kengashining ­taʼsis yigʻilishida ishtirok etish uchun ­Vashingtonga tashrif buyurdi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yangi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Noyabrdagi muzokaralarning asosiy natijalaridan biri Oʻzbekiston — ­Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining tashkil etilishi boʻldi. Kengashga Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Amerika tomonidan Serjio Gor hamraislik qiladi. Kengashning vazifalari yirik savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, kelishuvlar ijrosini nazorat qilish, moliyaviy resurslarni jalb etish hamda AT park rezidentlari xizmatini ilgari surish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Xalqaro kapitalni jalb etishning yana bir imkoniyati Oʻzbekiston Milliy inves­titsiya jamgʻarmasi — UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) orqali yuzaga keldi. 2026-yil 18-mayda jamgʻarmaning global depozitar tilxatlari London fond birjasida savdoga qoʻ­yildi. 2025-yildan buyon Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruvida boʻlgan jamgʻarma
13 ta davlat korxonasidagi ulushlarni birlashtiradi. Oʻzbekiston — AQSH hamkorligi nuqtayi nazaridan ushbu tajriba Amerika boshqaruv kompaniyasining davlat aktivlari portfelini isloh qilishdagi ishtiroki va xalqaro aksiyalar bozori orqali kapital jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish bilan ahamiyatlidir.

Hamkorlikning yana bir yoʻnalishi investitsiya aktivlarini boshqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri BlackRock bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. 2026-yil yanvar oyida Davosda Prezidentimiz kompaniya direktorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Muzokaralarda BlackRock kompaniyasining Oʻzbekiston korxonalari kapitalida ishtirok etishi, qoʻshma investitsiya mexanizmlarini yaratish va investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro tajribani jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

2026-yil 7-iyulda Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar xususiylashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, moliya bozorini rivojlantirish, yonilgʻi-energetika kompleksi va neft-kimyo sanoatida loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalariga qoʻshma investitsiyalar kiritish masalalarini koʻrib chiqdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlik ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. DFC investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xususiy kapitalni jalb qiluvchi AQSH davlat moliya institutidir.

2026-yil fevralda tomonlar qoʻshma investitsiya platformasini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. 2026-yil 16-iyunda DFC platformaning ishga tushirilgani eʼlon qilindi. U Amerika va xalqaro kapital ishtirokida ustuvor investitsiya loyihalarini tanlash va moliyalashtirishga moʻljallangan.

Platformaning ustuvor yoʻnalishlari energetika, strategik ahamiyatga ega minerallar, infratuzilma, transport va logis­tika, yuqori texnologik ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda farmatsevtika sohalarini qamrab oladi. Loyihalarni moliyalashtirishga xususiy investorlar, suveren jamgʻarmalar va xalqaro moliya institutlarini jalb etish nazarda tutilgan.

Investitsiya loyihalarini tanlash va moliyalashtirishning amaliy mexanizmi yaratilgani platformaning ahamiyatli tomonlaridan. Bu boʻlajak uchrashuvda aniq loyihalar, ularning amalga oshirishga tayyorlik darajasi va hamkorlarning ishtirok etish shartlarini muhokama qilish imkonini beradi.

Muhim minerallar va ularni qayta ishlash imkoniyatlari

2024-yil sentyabrda Oʻzbekiston va AQSH 2023-yilgi “C5+1” sammiti tashab­buslari doirasida muhim minerallar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. 2026-yil fevralda esa ­vazirlar darajasida muhim minerallar va noyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ishonchli taʼminotni taʼminlash boʻyicha hukumatlararo memorandum imzolandi.

Oʻzbekiston uchun yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish eng katta iqtisodiy samara berishi mumkin. Buning uchun mineral xomashyoni qazib olish bilan cheklanmasdan, uni boyitish, qayta ishlash va sanoat isteʼmolchilari talablariga javob beradigan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.

Shu bois, qoʻshma loyihalarni baholashda xomashyoni qayta ishlash darajasi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash hamda ishlab chiqarish jarayonlarining mamlakat hududida amalga oshiriladigan ulushi muhim mezonlar ­hisoblanadi.

Savdo dinamikasi va iqtisodiy aloqalar tarkibi

Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2017-2025-yillarda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 barobar, yaʼni 215 million dollardan 1 milliard dollargacha oshdi. Shu davrda eksport 32,1 million dollardan 291,7 million dollarga, import esa 182,9 million dollardan 712,3 million dollarga yetdi. Ushbu koʻrsatkichlar ikki tomonlama savdo aloqalari kengaygani, shu bilan birga, AQSH mahsulotlari va xizmatlari importi ustunligicha qolayotganini koʻrsatadi.

2026-yil yanvar-avgust oylarida oʻzaro savdo hajmi 810,4 million dollarga yetib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 33,4 foiz oshdi. Oʻzbekiston eksporti 59,9 foiz oʻsib, 304,5 million dollarni, import esa 21,3 foizga koʻpayib, 506 million dollarni tashkil etdi. AQSHning Oʻzbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 1,1 foizdan 1,4 foizga koʻtarildi.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyida eksport tarkibida xizmatlar 224,8 million dollar yoki umumiy eksportning 73,8 foizini tashkil etdi. Mashina va transport uskunalari eksporti 44,8 million dollarga, mineral yoqilgʻi va unga oʻxshash mahsulotlar eksporti esa 17,6 million dollarga yetdi.

Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga toʻgʻri kelib, ularning qiymati 272,5 million dollar yoki umumiy importning 53,9 foizini tashkil etdi. Xizmatlar importi 84,1 million dollarga, kimyo sanoati mahsulotlari importi esa 73,5 million dollarga teng boʻldi.

2026-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda AQSH kapitali ishtirokida toʻrt yuzga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Amerika kompaniyalarining faoliyati va qoʻshma loyihalar qayta ishlash va togʻ-kon sanoati, energetika va neft-gaz kimyosi, qishloq xoʻjaligi, qurilish hamda axborot texnologiyalaridan iborat xizmat koʻrsatish sohalarini qamrab oladi.

2017-2025-yillarda AQSHdan jalb qilingan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy inves­titsiya va kreditlarning umumiy hajmi 2,9 milliard dollardan oshdi. Yillik koʻrsatkich 2017-yildagi 8,6 million dollardan 2025-yilda 383,2 million dollarga yetdi.

Oʻzbekiston — AQSH iqtisodiy hamkorligining faollashuvi savdo va inves­titsiya aloqalarining kengayishi, Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining ortishi hamda AQSH kompaniyalarining Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki kuchayishi bilan kuzatilmoqda.

Xulosa

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, avvalo, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda oʻzaro savdo hajmini oshirish bilan bogʻliq. Energetika, infratuzilma, qayta ishlash sanoati va yuqori texnologiyali tarmoqlardagi qoʻshma loyihalar alohida ahamiyatga ega.

Mintaqaviy muloqot ikki tomonlama hamkorlikni toʻldirib, transport, energetika va savdo sohalaridagi masalalarni birgalikda hal etish imkonini beradi. Ushbu yoʻnalishlardagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik biznes uchun qulay sharoitlar yaratish va iqtisodiy aloqalar barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Boʻlajak muzokaralar hamkorlikning keyingi ustuvor yoʻnalish­larini belgilash va erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi.

Umuman, “C5+1” formati Oʻzbekistonga AQSH bilan ikki tomonlama hamkorlikni mintaqaviy transport va energetika loyihalari bilan bogʻlab, investorlar doirasini kengaytiradi hamda xalqaro ishlab chiqarish zanjirlaridagi ishtirokini kuchaytiradi. Samarqanddagi boʻlajak uchrashuv ushbu yoʻnalishlarda aniq loyihalarni amalga oshirishga yangi turtki berishi shubhasiz.

Xurshid ASADOV,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori oʻrinbosari