7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi tashkil etilmoqda.

Forum Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumda 50 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qoʻlyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.

6-iyul kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida OAV vakillari ishtirokida brifing tashkil etilib, forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad, ustuvor vazifalar va asosiy yoʻnalishlar, koʻtariladigan dolzarb mavzular haqida maʼlumot berildi.