Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi byulleteniga ko‘ra, avval eng yuqori xavf darajasi joriy etilgan 25 ta shaharga yana ikkita shahar qo‘shildi. Shu tariqa hozirda mamlakatning barcha yirik shaharlari "qizil" hududga kiritildi.

Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, ayrim hududlarda havo harorati 40 darajagacha yetadi. Jazirama issiq to‘lqini kamida yana bir hafta davom etishi kutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi "qizil" daraja uzoq davom etadigan kuchli issiq butun aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishini anglatishini ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, bu ogohlantirish faqat keksalar, bolalar va surunkali kasallikka chalingan insonlarga emas, balki sog‘lom fuqarolarga ham taalluqli.

Italiyada joriy yilda jazirama issiqning to‘rtinchi to‘lqini qayd etilmoqda. Bundan avvalgi kuchli issiq davrlarida mamlakatda yuqori harorat oqibatida insonlar halok bo‘lgan holatlar ham qayd etilgan, deb xabar berdi Kazinform.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yuqori harorat kundalik hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi salomatligiga xavf tug‘dirmoqda va hududlarda yong‘in xavfini kuchaytirmoqda.

Yaqinda Seul shahrida ham kuchli issiq tufayli ilk bor eng yuqori xavf darajasi e’lon qilingan edi.