Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoyir Yoʻldoshov moped, skuter va kichik hajmli mototransport vositalarini boshqarish uchun nega haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotganiga izoh berdi.
Uning maʼlum qilishicha, bunday talabni joriy etishda yoʻllardagi qoidabuzarliklar va ular oqibatida yuz berayotgan ogʻir yoʻl-transport hodisalari asosiy omillardan biri boʻlgan.
Xususan, 2026-yilning 8 oyi davomida skuter va mopedlar ishtirokida 563 ta yoʻl-transport hodisasi qayd etilgan. Ularda 488 kishi tan jarohati olgan, 89 kishi halok boʻlgan.
«89 ta inson — bu bitta mahalla degani», — deya taʼkidladi Zoyir Yoʻldoshov.
Qoidabuzarliklar soni ham keskin oshgan. 2025-yil davomida moped va skuter boshqargan shaxslar tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan bogʻliq 300 ga yaqin holat aniqlangan boʻlsa, 2026-yilning oʻtgan davrida bu koʻrsatkich 4 312 taga yetgan. Shundan 162 holatda moped va skuter haydovchilari ham tegishli hujjatlarsiz, ham mast holatda transport boshqargan.
Talab yaqinda paydo boʻlgan emas
YHXX vakili moped va skuterlar uchun davlat raqami belgisi hamda haydovchilik guvohnomasini talab qilish yaqinda boshlangan jarayon emasligini ham taʼkidladi.
Hukumatning 2024-yil 17-iyuldagi 429-son qarori asosida moped va skuterlar uchun alohida davlat raqami belgilari joriy qilingan.
Shu bilan birga, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida moped va skuterlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning soddalashtirilgan tartibi yoʻlga qoʻyilgan.
«A-1» guvohnomasini olish osonlashtirilgan
2018-yilda tasdiqlangan tartibga koʻra, moped va skuterlarni boshqarish uchun «A» toifali haydovchilik guvohnomasi talab qilingan. Yangi soddalashtirilgan tartib bilan esa «A-1» kichik toifasi amaliyotga kiritildi.
Eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 kub santimetrgacha boʻlgan ichki yonuv dvigateliga ega yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha boʻlgan kichik hajmli mototransport vositalari uchun davlat raqami belgisini olish talab etilmaydi. Ularni boshqarish uchun «A-1» toifali haydovchilik guvohnomasi yetarli.
«A-1» toifasini olish tartibi ham soddalashtirilgan. Fuqarolar avtomaktabda oʻqimasdan, imtihonga mustaqil tayyorlanishi mumkin.
Shuningdek, «A», «B», «C» yoki «D» toifalaridan biri boʻyicha haydovchilik guvohnomasiga ega shaxslar «A-1» toifasini alohida olishi shart emas.
Boshqa toifalar uchun nazariy imtihonda 20 ta test savolidan kamida 18 tasiga toʻgʻri javob berish talab qilinsa, «A-1» toifasi uchun 16 ta toʻgʻri javob yetarli.
YHXX vakiliga koʻra, ushbu talablarning asosiy maqsadi moped va skuter haydovchilarining yoʻl harakati qoidalari boʻyicha zarur bilimga ega boʻlishini taʼminlash va ogʻir oqibatli YTHlarning oldini olishdan iborat.
«Biz bunday odamlarga qoidani biling, guvohnoma oling, bilimingiz boʻlsa, yoʻlda oʻz hayotingizni asrab yurishni oʻrganasiz, dedik. Huquq va bilimga ega boʻlmaganlarning hayotini asrash, boshqa haydovchilar hayotiga xavf tugʻdirmasligi uchun mototransportlardan foydalanishlarini vaqtincha cheklayapmiz», — dedi Zoyir Yoʻldoshov.