“Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirigʻi bilan joylarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Ishchi guruh vakillari, gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari va Oʻzenergoinspeksiya hamkorligida oʻtkazilgan reydlar vaqtida Jizzax viloyatidagi bir nechta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSh) qoidabuzarliklar aniqlandi.
Forish tumani “Egizbuloq” MFYda joylashgan “C. S.” MChJga qarashli AGTKSh xatlovdan oʻtkazilganda, hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazilgani aniqlandi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 6 milliard 12 million soʻmlik zararlar qayd etildi.
Yana bir holat Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Sh. T.” MChJga qarashli “metan zapravka”da aniqlandi. Xatlov vaqtida isteʼmolchi elektron gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazgani maʼlum boʻldi. Holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki xulosalarga koʻra, 406 mln soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi.