Uning taʼkidlashicha, murabbiy sifatida jahon chempionatida ishtirok etish futbolchilik faoliyatidan mutlaqo farq qiladi.

— Futbolchi sifatida turnirdan koʻproq zavq olasiz. Murabbiy esa doimo jamoa haqida oʻylaydi, har bir jihatni nazorat qilishga harakat qiladi. Maydon tashqarisida turganingiz uchun bosim va masʼuliyat yanada katta boʻladi, — dedi Kannavaro.

Murabbiy Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdagi asosiy saboq yuqori darajada har bir xatoning qimmatga tushishida ekanini taʼkidladi.

— Biz yaxshi oʻynadik, jamoaviy harakat qildik va intizomli boʻldik. Ammo bunday darajada bir lahzalik eʼtiborsizlik ham gol bilan jazolanadi. Birinchi gol oldidagi vaziyatlarni uzoq vaqt tayyorlagandik, ikkinchi gol esa autdan keyingi xatodan yuzaga keldi. Shuning uchun bunday uchrashuvlarda xatolar sonini keskin kamaytirish zarur, — dedi u.

Kannavaro ikkinchi boʻlimdagi oʻyindan mamnunligini ham bildirib, jamoa oʻz uslubini namoyon eta olganini qayd etdi.

— Men futbolchilarga doim toʻp bizda boʻlganda qoʻrqmasdan oʻynash, oʻzimizga ishonish va futboldan zavq olish kerakligini aytaman. Ikkinchi boʻlimda aynan shunday oʻyin koʻrsatdik, gol urdik va yana bir necha xavfli vaziyatlar yaratdik, — dedi murabbiy.

Portugaliya haqida gapirgan Kannavaro raqib tarkibi jahon darajasidagi futbolchilarga boy ekanini taʼkidladi.

— Portugaliya toʻpni nazorat qilishni yaxshi koʻradi, qisqa uzatmalar orqali oʻyinni boshqaradi va har bir vaziyatda xavfli. Shuning uchun himoyada juda intizomli boʻlishimiz kerak. Toʻp bizda boʻlganida esa ularga muammo tugʻdirishga harakat qilishimiz lozim. Har bir jamoaning kuchli va zaif tomonlari boʻladi. Biz ularning kuchli jihatlarini cheklab, zaif nuqtalaridan foydalanishga intilamiz, — dedi u.

Murabbiy Krishtianu Ronaldu haqida ham toʻxtalib, uning buyuk futbolchi ekanini eʼtirof etdi.

— Ronaldu — katta yulduz. Ammo oʻyin boshlanganidan keyin bu haqda oʻylamaslik kerak. Maydonda faqat oʻz vazifangizni bajarish va jamoangiz manfaati uchun kurashish muhim, — dedi Kannavaro.

Yakunda u Oʻzbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida jasur va uyushqoq jamoa sifatida esda qolishini istashini bildirdi.

— Turnir yakunida odamlar Oʻzbekistonni ilk bor jahon chempionatida ishtirok etayotgan, lekin kuchli raqiblardan qoʻrqmaydigan, yaxshi tashkil etilgan va intizomli jamoa sifatida eslab qolishlarini xohlayman. Biz barcha raqiblarni hurmat qilamiz va oʻzimizga ham shunday munosabat boʻlishini istaymiz, — dedi Fabio Kannavaro.