Xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yilda ularning soni uch baravar ko‘paydi. Ushbu agentliklar orqali xorijda ishga joylashganlar esa besh karra ortdi. Prezidentimiz sohada xatolar, korrupsiya va fuqarolarni aldash holatlari ham bo‘lganini aytdi. Muammolarni bartaraf etish uchun alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asos yaratildi.
Kelasi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkaziladi. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentlikka 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi.
Yoshlarni kasb va tilga tayyorlash uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi. Chet eldan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlarga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, o‘quv jarayoni uchun zarur uskuna va jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklari to‘liq shaffof tizimda ishlaydi, ularning reytingi yuritiladi. Fuqaroning aniq ishga joylashishi, huquqlari ta’minlanishi, yuqori daromad olishi va kafolatli ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezon bo‘ladi.
Prezidentimiz bir oyda agentliklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qaror loyihasini kiritish, ushbu faoliyatni ijtimoiy xizmat sifatida ko‘rib, soliqqa tortishni shunga mos ravishda soddalashtirishga topshiriq berdi.